Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vengriya poytaxtida saylovlar oldidan ommaviy mitinglar o‘tkazildi
Bosh vazir Orban tarafdorlari va uning muxoliflari Budapeshtda parlament saylovlari arafasida namoyishlar o‘tkazdi. OAV baholashicha, ularda o‘n minglab odamlar ishtirok etgan.
Foto: Zsolt Czegledi/MTI/AP
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va uning asosiy raqibi, Vengriyaning “Hurmat va erkinlik” (TISZA) muxolifat partiyasi rahbari, Yevroparlament deputati Peter Madyar 15 mart, yakshanba kuni milliy bayram munosabati bilan Budapeshtda yirik mitinglar o‘tkazdi. Har ikki aksiya mamlakatdagi parlament saylovlariga bir oy qolgan paytda qaysi tomon ko‘proq qo‘llab-quvvatlanayotganining o‘ziga xos ko‘rsatkichi sifatida baholanmoqda.
Vengriyada ovoz berish 12 aprelga belgilangan bo‘lib, u Orban uchun 2010 yilda hukumat rahbari bo‘lganidan beri hokimiyatiga bo‘lgan eng jiddiy sinov deb atalmoqda. Hozirda TISZA partiyasi so‘rovlarning aksariyatida Orban boshchilik qilayotgan “FIDESZ — Vengriya fuqarolik ittifoqi” partiyasini ortda qoldirmoqda.
Vengriya parlamenti oldida o‘tkazilgan “Tinchlik marshi”da so‘zga chiqqan Orban o‘z tarafdorlarini ovoz berishda faol bo‘lishga chaqirdi va bu saylovni “tarixiy” deb atadi. U hukmron partiya 2022 yilgi saylovlardagi natijasidan ham yuqori ko‘rsatkichga erishishi kerakligini ta’kidladi.
“Biz to‘rt yil oldingiday emas, undan ham yaxshiroq g‘alaba qilishimiz kerak. Bizga ko‘proq ovoz kerak”, — deya uning so‘zlarini Reuters agentligi keltirgan.
Vengriya hukumati rahbari bo‘lajak saylovlarni, shuningdek, “urush va tinchlik o‘rtasidagi tanlov” sifatida ham taqdim etdi va raqiblarini Vengriyani Ukrainadagi urushga tortishga urinayotganlikda aybladi. U, shuningdek, mamlakat suverenitetini tashqi bosimlar, jumladan Bryussel bosimi qarshisida ham himoya qilishini aytdi.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban tarafdorlarining Budapeshtdagi “Tinchlik marshi”dagi plakatlarida “Biz Ukraina mustamlakasiga aylanmaymiz” va “Urushni to‘xtating” degan yozuvlar, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va muxolifat yetakchisi Madyarning suratlari aks etgan edi. Bosh vazirning aytishicha, ushbu miting o‘z turida eng yirigi bo‘lgan va parlament yonidagi maydonni to‘ldirgan.
Peter Madyar Orbanning kampaniyasini “kulgili targ‘ibot” deb atadi. Qahramonlar maydonidagi chiqishi davomida u Vengriya Yevropa Ittifoqi va NATO tarkibida qolishi kerakligini ta’kidladi.
“Hokimiyatni har qanday bahoga bo‘lsa ham saqlab qolish — hozir u uchun (Orban uchun — tahr.) eng muhim narsa. Urushni qo‘zg‘atish, urush bilan tahdid qilish, urushni alangalatish. Bu uning venger xalqiga qarshi eng kuchli qurolidir”, — dedi u.
Madyar, shuningdek, Orbanni “saylovlarga aralashish” uchun “rus agentlarini taklif qilish” orqali Vengriya erkinligini cheklashga urinayotganlikda aybladi. AFP jurnalistlari ma’lumotiga ko‘ra, har ikki mitingda ham o‘n minglab odamlar qatnashgan.
Mavzuga oid
11:44
Fransiyada munitsipal saylovlarning birinchi turi bo‘lib o‘tdi
13:52 / 13.03.2026
Vengriya Kiyevga inkassator mashinalarini pullarsiz qaytaradi
12:50 / 11.03.2026
Vengriyada Ukrainaning YeIga qo‘shilishiga qarshi rezolyutsiya qabul qilindi
15:46 / 10.03.2026