Jamiyat | 19:19 / 30.06.2023
26152
5 daqiqa o‘qiladi

“Barcha yo‘llar Rimga eltadi” – Italiyaning afsonaviy poytaxti ko‘chalari bo‘ylab sayohat

Italiya poytaxtiga kelsangiz, ko‘cha to‘la 2 kishilik mini mashinalar ko‘pligiga guvoh bo‘lasiz. Bizning ko‘chalarni deyarli bitta zavodning sanoqli rusumdagi avtomobillari “bezasa”, Rimni esa bir-biridan kichik avtoulovlar egallagan va buning sababi bor.

Bir necha ming yillik o‘tmishiga ega Rim shahri bugungi kunda ham tarixiy qiyofasini saqlab qolgan, zamonaviy osmono‘par binolardan xoli bo‘lgan dunyodagi kamdan kam poytaxt shaharlardan biri. Tarixiy binolar orasida qolib ketgan tor ko‘chalar avtomobillar uchun kengaytirilmagan. Aksincha, shahar va shaharliklar shu holatida ham avtomobillarga to‘la zamonaviy dunyoga moslashtirilgan va moslashishgan.

Yo‘llar shu qadar ensizligiga qaramasdan, har bir ko‘chada avtoturargohlar bor, tirbandliklar esa deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Xo‘sh, Rim bunga qanday erishgan? Biz zamonaviy dunyoda faqat avtomobillar uchun qurilgan keng yo‘lli shaharlarimizda ham yo‘l talashib yurgan bir paytda, “o‘tmishdan qolgan tor ko‘chali shahar” buning qanday uddasidan chiqyapti?

Birma-bir sanaymiz:

Birinchidan, ko‘chalar tor bo‘lsa-da, chorrahalari juda ko‘p. Bu yo‘l bo‘lmasa, boshqa bir necha tanlovlar bilan manzilga yetib olaverasiz. Bu esa tirbandliklarga anchagina yechim bo‘ladi.

Ikkinchidan, odamlar faqat zarur hollardagina mashinadan foydalanishadi. Yaqin 3-4 kmli ishlariga esa piyoda yoki velosipedda ham qatnayverishadi. To‘g‘ri-da, mashinada o‘tir, ishda o‘tir, uyda esa oyoq uzat – harakatsizlikdan orttiriladigan ortiqcha vazn va kasalliklar kimga ham kerak?

Uchinchidan, davlat avtomobillar, velosiped, mototsikllar uchun turargohlar masalasini hal qilib qo‘ygan. Deyarli barcha ko‘chalarda ulovlar to‘xtash joylari tashkil qilingan. Faqat minnatli. Ya’ni joy kerakmi, marhamat, pulini to‘lab qo‘ying.

Narxlarga to‘xtalsak, bitta joy uchun har soatlik to‘lov – 1 yevro. Shuningdek, imtiyozli narxlar ham belgilangan. Masalan:

  • 15 daqiqa uchun 20 sent;
  • 8 soatli muntazam foydalanganlik uchun 4 yevro;
  • 1 oylik avtoturargoh narxi esa 70 yevro.

Yo‘l harakatiga xalal berish-bermasligiga qarab har bir avtoturargohdan foydalanish vaqtlari ham turlicha va yo‘l belgisida qat’iy belgilab qo‘yilgan.

To‘lovlarni esa har qadamda tashkil qilingan maxsus to‘lov apparatlari orqali amalga oshirish mumkin. Biz buni ishlatib ko‘rolmadik. Chunki to‘lov paytida haydovchilik guvohnomasi raqami kiritilishi talab etilarkan.

Shaharda avtoulovlarni qo‘yish va joylashtirish haqiqatan ham jiddiy muammo. Buni yo‘llarda “avtoturargoh” belgisining eng ko‘pligidan ham bilish mumkin. Ammo Rim ko‘chalari juda ensiz bo‘lmasin, bag‘ri keng – mashina qo‘yishga ham, yurishga ham joy topilaveradi. Gap yo‘l infratuzilmasi va harakatining to‘g‘ri tashkil etilgani hamda unga barchaning birdek bo‘ysunish madaniyatida.

Rimda sedan, miniven, krossover, yo‘ltanlamas mashinalarni juda kam uchratasiz. Limuzinlar haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas. Italiya poytaxtida harakatlanish uchun mashina qanchalik kichik bo‘lsa, shunchalik qulay. Bir qarich yer ham shunchalik qimmatli bo‘lganidan avtoulovlar bir-biriga tegay-tegay deb joylashtiriladi. Mini mashinalar esa juda qulay. Ularni avtoturargohlarda hattoki ko‘ndalang qo‘yib ham ketaverasiz.

Shaharda nafaqat avtomashinalar, balki, yo‘l qazuvchi texnikalar, asfalt tekislovchi samosvallar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari ham mini.

Tarixiy qiyofasini bugun ham saqlab qolgan ko‘hna Rim ko‘chalarida klassik mashinalarni ham uchratasiz.

Ha, aytgancha! Ma’lumot uchun, barchamizga ma’lum va mashhur LADA-2101 rusumli mashina dizayni ham aynan italyanlarning FIAT-124 rusumidan olingan. Mabodo Rim ko‘chalarida 2101 ni ko‘rib qolsangiz, bu aslida italyancha mashina ekanini esga olib, hayratingizni biroz jilovlang, deb aytib qo‘yyapmiz.

Foto: Getty Images

Rimga safarimizdan shunday xulosaga keldikki, rimliklar kam mashina minishadi. Asosan, sog‘lom turmush tarafdori bo‘lganlar ko‘proq piyoda yurishadi yoki velosipedda harakatlanishadi. Yo‘llar ham bizdagidek “to‘xtash taqiqlanadi” belgilari bilan cheklab tashlanmagan. Aksincha, harakat vaqtlariga qarab moslashtirilgan hamda deyarli barcha ko‘chalar tor bo‘lishiga qaramasdan, avtoturargohlar tashkil qilingan. Pulli asosda, albatta.

Xulosa qiladigan, o‘rganadigan, o‘zlashtiradigan fikrlarimiz ko‘p. Bizda ham yo‘l harakati xavfsiz va to‘g‘ri tashkil qilinishida dunyo tajribasiga bir nazar tashlab qo‘yilsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Omon bo‘ling!

Sardorbek Usmoniy
Italiya, Rim

Mavzuga oid