O‘zbekiston | 15:24 / 27.05.2019
98338
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda qurilayotgan yangi xonadonlarning narxi qancha? 

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrining barcha tumanlarida «elita uylar» birin-ketin qad ko‘tarmoqda. Albatta, qulay, xavfsiz, tinch va ayniqsa, hamyonbop arzon uylarga ehtiyoj doim baland bo‘lgan. Shunga qaramay, Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan kishi ham sotib olish imkoniyatlari bor yoki yo‘qligi bilan farqlanib turgan, qolaversa, qurilish loyihasi, joylashuvi va sifati bilan ajralib turgan elit xonadonlarga bo‘lgan talab ham mavjud.  

G.H. kompaniyasi vakili Ikrom Akromovning aytishicha, hozirda obektlar ichida Mirobod tumanidagi Greenwich turar joy binosida biznes va komfort klass xonadonlar bo‘lib, 100 foiz to‘lov qilinganda 30 foiz chegirma mavjud. 

«Biznes klass komfort klassga qaraganda mukammalroq qurilgan va unda ikkita lift bor, biroq xonalar to‘la ta'mirlanmagan. Uy egasi xonalarni ixtiyoriy rejalashtirib, o‘zi ta'biga qarab bezashi mumkin. Biznes klassning 2-, 3-qavatlaridagi 2 xonali uyning maydoni 59-63 kvadrat metr bo‘lib, bir kvadrat metri chegirmada 5 115 600 so‘m bo‘ladi. Shunda eng kichik maydonli ikki xonali uyning narxi 301 820 400 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda», — deydi u. 

Komfort klassda esa barcha xonalar to‘liq ta'mirlangan bo‘ladi. Komfort klassning 6-, 7-qavatlaridagi eng kam maydonli, ya'ni 48 kvadrat metrli 2 xonali uyning narxi 280 627 200 so‘mga aylanadi (bir kvadrat metri 5 846 400 so‘m, chegirma bilan).

Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan xaridor dastlab uy narxining 30 foizini to‘lab, qolganini 5 yil muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega, bunda to‘lov kechiktirilgani uchun hech qanday foizli to‘lov ko‘zda tutilmaydi.

Qurilish kompaniyasi vakilining aytishicha, Greenwich obekti 2021 yilda bitkazilib, o‘z egalariga foydalanish uchun topshiriladi.

Yunusobod tumanidagi «Megapolis» obektidagi nisbatan arzon uylar 11-, 12-qavatlarda joylashgan bo‘lib, 125 kvadrat metrli 4 xonali uyning narxi 541 875 000 so‘mga to‘g‘ri keladi (1 kvadrat metr 4 335 000 so‘m).

Shuningdek, qurilish kompaniyasi menejyerlaridan birining ta'kidlashicha, kompaniya tajribali va ishonchli, chunki bozorga kirib kelganiga 10 yil bo‘ldi va turli xil segmentlarda uy quradi, arzon uylardan tortib qimmatigacha.

A.C. menejyeri Dinaraning aytishicha, uy narxi birdaniga to‘liq to‘lansa, 36 foizlik chegirma beriladi. Bu kompaniya qurgan turar joyda 3 qavatdan 7 qavatgacha joylashgan xonadonlar arzonroq narxda sotiladi. Masalan, shu qavatlardagi 50 kvadrat metrli 2 xonali uyning narxi, agar puli to‘liq to‘lansa, 342 million so‘m bo‘ladi.

Uyning pulini 8 oyga bo‘lib to‘lash mumkin bo‘lib, bunda boshlang‘ich to‘lov 50 foiz bo‘lsa, 18 foiz chegirma bilan bir kvadrat metri 9 580 000 so‘m;

boshlang‘ich to‘lov 30 foiz bo‘lsa, 9 foiz chegirma bilan bir kvadrat metri 9 726 000 so‘mga to‘g‘ri keladi.

«Bu hajmdagi uylarni erkin planlashtirib, xaridor o‘zi ta'mirlashi yoki kompaniya bilan shartnoma tuzib, qo‘shimcha pul to‘lab ta'mirlatishi mumkin. Uy qancha yuqori qavatda bo‘lsa shunga qarab narxi ham oshib boradi.

Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turmagan O‘zbekiston fuqarolari shu tipdagi uylardan sotib olib, davlat bojini to‘lasa, poytaxtda doimiy ro‘yxatga ega bo‘lish mumkin», —  deydi u.

Menejyerning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda bunday loyihadagi turar joy ilk bor qurilmoqda va unda mamlakatdagi eng yuqori markali M600 sementidan foydalanilmoqda. Akay brendi Turkiyada tanilgan firma bo‘lib, 35 yillik ish tajribasiga ega. Qurilish 2021 yil boshlarida tugallanishi ko‘zda tutilgan.

M.B. kompaniyasi operatori Said:

«Hozirda sotuvda ikkita obekt mavjud, biri iyun oyining oxirlarida rasmiy ochilishi kutilayotgan Olmazor tumanidagi Cambridge Residence turar joy majmuasi. Uy narxlari qavatga qarab o‘zgarmaydi hamma qavatlarda bir xil narx, ya'ni 1 kvadrat metri 9 350 000 so‘m». 

Eng kichik maydonli xonadon 62 kvadrat metr bo‘lib, 2 xonali uyga to‘g‘ri keladi va to‘la narxi 579 700 000 so‘mni tashkil etadi. Agar 100 foiz to‘lov qilinsa, 10 foizli chegirma mavjud.

Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turmagan O‘zbekiston fuqarolari uchun ham narxlar bir xil, faqat ular umumiy summadan 5 foizini davlat bojiga to‘lash kerak bo‘ladi.

«Cambridge Residence'da Britaniya maktabi Cambridge school birinchi marta O‘zbekistonda ochilmoqda. Uylarni jihozlashda jahon bozorida yetakchilik qilayotgan Italiya va Germaniya firmalarining isitish moslamalari va quvurlaridan foydalanilgan. Uylar katta avtomobil yo‘llarining yuzida joylashmagan va turli shovqinlardan uzoqda. Shuningdek, obektlar kuzatuv kameralari bilan jihozlangan», — deydi kompaniya vakili.  

R.H. kompaniyasi vakili:

«Hozirda qurilayotgan 9 qavatli «Yulduz» turar joy kompleksi Parkent bozori yonida joylashgan bo‘lib, 8-, 9-qavatlardagi 80, 100 va 140 kvadrat metrli uylarning bir kvadrat metri 6 million so‘mdan boshlanadi. Shunda 80 kvadrat metrli uch xonali uyning umumiy narxi taxminan 480 million so‘m bo‘ladi.

Uyning pulini 15 oyga bo‘lib to‘lash mumkin, buning uchun boshida eng kamida 30 foiz to‘lov qilish kerak bo‘ladi. Qurilish shu yilning oxirlarida tugaydi», —  deydi vakil.

M.S. qurilish kompaniyasi operatori:

«Yunusobod tumanida joylashgan, kompaniyaning «Usta Shirin» qurilish majmuasi 3ta blokdan iborat. Ushbu turar joyda 6-qavat «oltin o‘rtalik» hisoblanib, aksiya tarzida eng arzon narx belgilangan, ya'ni bir kvadrat metri 6 million so‘m. Shunda 55 kvadrat metrli ikki xonali uyning umumiy narxi 330 million so‘mga to‘g‘ri kelmoqda. Agar to‘liq to‘lov qilinsa, 5 foiz chegirma bor.

Xaridor uyning narxini bo‘lib to‘lashi mumkin, ya'ni, boshlang‘ich to‘lovni istagan miqdorda to‘lab, qolgan qismini ikki yil muddat davomida to‘laydi. Yana bir yo‘li, bankdan kredit olib to‘lashi mumkin», — deb ma'lumot berdi operator.  

Demak, yuqoridagi ma'lumotlarga ko‘ra, qurilish kompaniyalari taqdim qilayotgan uylarning sifati, xavfsizligi, qulayligi jihatidan turlicha bo‘lganidek, to‘lovni amalga oshirishdagi imtiyoz va chegirmalari ham har xil. Xususiy qurilish kompaniyalar tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonning 1 m.kv. 6-10 million so‘m atrofida o‘zgarmoqda. Albatta, xaridorlar ham o‘z o‘lchov mezonlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib uy tanlaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid