Jahon | 12:06 / 22.07.2025
5555
4 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada isroillik askarlar G‘azodagi jinoyatlari uchun hibsga olindi

21 iyul kuni Belgiya hududida ikki isroillik askar «harbiy jinoyatlar»da gumonlanib, hibsga olindi. Yevropada ilk marta sodir bo‘lgan ushbu huquqiy jarayonda Tsahal askarlari so‘roq qilinib, qo‘yib yuborilgan. Harbiylar ustidan politsiyaga shikoyat qilgan «Hind Rajab Foundation» va «GLAN» nodavlat tashkilotlari Belgiya hukumatini bu ishni to‘liq va mustaqil tarzda yakunlashga chaqirdi.

Foto: AFP via Getty Images

21 iyul kuni Belgiya hududida o‘tkazilgan Tomorrowland festivalida ikki isroillik askar «harbiy jinoyatlari» uchun hibsga olindi. Bu haqda Isroil harbiy xizmatchilarini G‘azodagi genotsid uchun sud javobgarligiga tortish bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilot «Hind Rajab Foundation» xabar berdi.

Tashkilot rasmiy bayonotida aytilishicha, Belgiya federal politsiyasi huquqiy so‘rovlarga ko‘ra, G‘azodagi harbiy jinoyatlarda asosli tarzda ayblanayotgan ikki isroillik askarni hibsga olib, so‘roqdan o‘tkazgan. Bu — xalqaro javobgarlikni ta’minlash yo‘lidagi global harakatlarda burilish nuqtasiga aylanishi mumkin bo‘lgan voqea sifatida ko‘rilmoqda.

«Gumonlanuvchilar Boom shahrida kuch ishlatish bilan aniqlanib, hibsga olingan. Ular hibsga olingach, rasmiy so‘roq qilinib, keyin qo‘yib yuborilgan. Belgiya Federal prokuraturasi hozirda ushbu ish bo‘yicha jinoiy tergov boshlanganini tasdiqladi», deyiladi tashkilot bayonotida.

«Juda ko‘p davlatlar sukut saqlayotgan bir paytda, ushbu harakat aniq signal beradi: xalqaro jinoyatlar bo‘yicha asosli dalillarga huquqiy javob berilishi lozim — siyosiy befarqlik emas. Biz hali adolat qaror topdi deya olmaymiz — hali yo‘q. Biroq biz muhim bir jarayon boshlanganiga ishonamiz. Birinchi marta Yevropada G‘azo bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanayotgan isroilliklar rasmiy ravishda hibsga olinib, so‘roq qilindi. Bu holat qonunning kuchi va uni qo‘llash irodasisiz mumkin bo‘lmagan bo‘lardi.

G‘azodagi qurbonlar va omon qolganlarga shuni aytamizki: biz sizni ko‘ryapmiz, eshityapmiz va adolat uchun bo‘lgan talablaringizni ilgari surishda davom etamiz. Jazoga tortilmaslik abadiy bo‘ladi, deb ishonayotganlarga esa: bu lahza aksini isbotlaydi. Dunyo bo‘ylab kuzatayotgan davlatlarga esa shuni eslatamiz: universal yurisdiksiya — bu shunchaki prinsip emas, bu majburiyatdir», deyiladi tashkilotning rasmiy bayonotida.

Shuningdek, «Hind Rajab Foundation» va "Global Legal Action Network” ushbu tergov jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirib, Belgiya hukumatini bu ishni to‘liq va mustaqil tarzda yakunlashga chaqirdi.

Belgiya prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, ular G‘azoda «xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishlariga» aloqador bo‘lgan ikki isroillik askar Tomorrowland festivalida ko‘rilgani haqida rasmiy shikoyatlar qabul qilgan.

Foto: The Guardian

Federal prokuratura o‘z bayonotida ayblovda nomlari ko‘rsatilgan ikki kishini aniqlash va ularni so‘roq qilish uchun politsiyaga ko‘rsatma berganini bildirdi. «Ushbu so‘roqlardan so‘ng ular qo‘yib yuborildi», deyiladi bayonotda. Prokuratura, Belgiyada urush jinoyatlari bo‘yicha eksterritorial yurisdiksiya mavjud degan xulosaga kelganidan so‘ng, bu harakatni amalga oshirganini ma’lum qildi. «Tergovning ushbu bosqichida boshqa ma’lumotlar berilmaydi», deyiladi bayonot yakunida.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi Belgiya hududida TSAHAL askari bo‘lgan Isroil fuqarolari hibsga olinib, so‘roq qilinganini tasdiqladi. Ularning ikkalasi ham Belgiya hududida ta’tilda bo‘lgan. So‘roqdan so‘ng tez orada ozod etilgan.

Isroil rasmiylari so‘roq sabablari yoki hibsga olish tafsilotlari bo‘yicha hech qanday qo‘shimcha ma’lumot bermagan.

Mavzuga oid