O‘zbekiston | 21:29 / 25.09.2024
8578
8 daqiqa o‘qiladi

QXV fermerlarga bosim bo‘layotgani bilan bog‘liq vaziyatni “to‘g‘ri talqin qilish”ni so‘radi

O‘zbekistonda fermerlarni paxtaning arzonroq narxiga rozi bo‘lishga majburlash holatlari kuzatilmoqda. Klasterlar shartnoma asosida o‘z zimmasiga olgan xarajatlarning bir qismini (3,5 trillion so‘m) hukumat soliq to‘lovchilarning gardaniga yukladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi holatga izoh berdi, lekin ma’muriy bosimlarni qoralagani yo‘q.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta narxi ma’muriy yo‘l bilan arzonlashtirilayotgani bilan bog‘liq vaziyatni “to‘g‘ri talqin qilish”ni so‘rab bayonot berdi.

Vazirlik Surxondaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforovning harakatlarini oqlagan.

Kun.uz avvalroq xabar berganidek, G‘afforov tumanlardan birining hokimiga 100 foiz fermer xo‘jaliklarini yig‘ib, ularga Toshkentdan kelgan blankaga imzo va muhr qo‘ydirishni so‘ragan. Shu tariqa, yil boshida fermerlar va klasterlar o‘rtasida tuzilgan, tonnasiga 8-9 mln so‘mdan paxta yetkazib berishga oid shartnomalar fermerlarning ixtiyoriy-majburiy tarzda roziligi olingan holda o‘zgartirilib, narx pasaytirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining izohlashicha, amaldorning bunday topshiriq berishida “anglashilmovchilik yuzaga kelgan”.

Vazirlik o‘z izohida 16 sentabr kungi hukumat qarorida keltirilgan vajlarni takrorlagan. Unda jahon bozorida paxta narxlari tushib ketgani, natijada O‘zbekistonda yil boshida tuzilgan fyuchers shartnomasidagi narxlar “bugungi kun real narxlariga to‘g‘ri kelmayotgani”, shu sababli klasterlar o‘z mahsulotlarini jahon bozorida sotishda “juda katta zararga duch kelayotgani” aytiladi.

Ta’kidlanishicha, hozirda jahon bozoridagi paxta tolasining shakllangan kotirovkalari bo‘yicha boshlang‘ich fyuchers narxlari tonnasiga 6,8 mln so‘m atrofida shakllanmoqda. Shundan kelib chiqib, “past narx belgilanadigan bo‘lsa, fermerlar jabr ko‘rishi mumkin”, degan vazirlik. Narxni nega bozor emas, davlat belgilashi kerakligiga izoh berilmagan.

QXVga ko‘ra, 16 sentabr kungi hukumat qarori “paxta yetishtiruvchi fermerlar va uni qayta ishlovchi klasterlarning manfaatlarini birdek ko‘zlagan holda” qabul qilingan.

Bu qarorga ko‘ra, paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan (elektron hisob-faktura asosida) bir tonna paxta xomashyosi (paxta-to‘qimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosi hamda urug‘lik paxta bundan mustasno) uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 million so‘m miqdorida subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan.

“Mana shu qaror asosida paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga (ular yetishtirilgan paxta xomashyosini yuqorida belgilangan tartib asosida realizatsiya qilishsa zarar ko‘rmasligi uchun) davlat tomonidan yordam sifatida har bir tonna uchun subsidiya ajratib beriladi”, – deyiladi vazirlik izohida.

Qarorda ko‘zda tutilgan xarajatlar, xususan subsidiyalar uchun davlat budjetidan 3,5 trillion so‘m ajratiladi. Hujjatda fermerlar va klasterlar o‘rtasida yil boshida tuzilgan fyuchers shartnomalariga narxni arzonlashtirish haqidagi qo‘shimcha shartnomalar tuzilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bayonotda aytilishicha, kuz faslining bugungi o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida paxta hosilini yog‘in-sochinga qoldirmasdan tezroq terib olish nuqtayi nazaridan, “bu shartnomalarni jadallashtirish katta ahamiyatga ega”.

“Sababi bugun fermer o‘zi yetishtirgan mahsulotini shartnoma tuzish orqali topshirmasa va uni paxta qabul qilish maskanlariga eltib, u yerda elektron tarozi orqali Agroplatforma.uz'ga joylamasa, demakki, unga subsidiya berishning imkoni bo‘lmaydi. Tabiiyki, terim puli ham chiqmaydi.

Bundan tashqari, bugungi kunda fermer o‘zi tayyorlagan mahsulotni  taklif qilinayotgan shartlarda realizatsiya qilishga xohish bildirmasa, unda xomashyoni paxta qabul qilish maskanlariga vaqtinchalik saqlash uchun topshirishi imkoniyati yaratilgan. (Hammaga ma’lum, paxta xomashyosi maxsus sharoitlarda buntlangan holda saqlanadi va yetishtiruvchi o‘z qaramog‘ida buni saqlash imkoni yo‘q). Buning uchun fermer qabul qilish punkti bilan vaqtincha saqlashga (saqlash xarajatlarini qoplash sharti bilan) shartnoma qilishi lozim. Vaqtinchalik saqlash shartnomasiga ko‘ra, xomashyo agroplatformada elektron ro‘yxatdan o‘tadi va fermer (qachon va kimga) o‘z mahsulotini sotmoqchi bo‘lsa, terim davrida yoki terimdan so‘ng, ixtiyoriy qaror qabul qilaveradi. Bunda ham mahsulot elektron tarozi orqali o‘tkazilib, xomashyo miqdoriga qarab terim uchun albatta pul oladi”, – deya tushuntirgan QXV.

Vazirlikka ko‘ra, Rahmatullo G‘afforov tuman hokimlaridan biriga bergan topshirig‘ida yuqoridagi holatlarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda Surxondaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i aynan shu holatni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, lekin buni yetkazishda anglashilmovchilik yuzaga kelgan va tabiiyki, xatoga yo‘l qo‘ygan. Vazirlik tomonidan paxta yetishtiruvchilarning shartnomasini bekor qilish, fermerlar hamda klasterlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha hududiy boshqarmalar va ularning rahbarlariga hech qanday topshiriqlar berilmagan”, – deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi izohida.

Ma’lum qilinishicha, bugun respublika bo‘ylab 90 foizdan ortiq fermerlar kelishuvga asosan o‘z shartnomalarini qayta rasmiylashtirgan va bu bilan subsidiyaga ega bo‘lgan holda o‘zlari yetishtirgan paxta xomashyosini umumiy qiymati 7 800 so‘mdan topshirmoqda.

“Bundan tashqari, terim pulini olishda ham paxta xomashyosining miqdorini aynan elektron tarozi orqali o‘tkazilib, Agroplatforma.uz'da aks ettirish orqali barcha shaffoflik ta’minlanmoqda”, – deyiladi bayonotda.

QXV fermerlarda tushunmovchilik bo‘lsa, har bir holatni ko‘rib chiqib, yechim va yordam berishga tayyorligini bildirgan.

“Yetishtirilgan paxta xom-ashyosini topshirishdagi barcha muammoli holatlarda (shartnomalarni yo‘qligi, fermerni o‘ziga ma’qul bo‘lmagan klasterga sotmaslik qarorida ekanligi, bugungi narxlarni ko‘tarilishini kutish istagida ekanligi va h.k) terilgan xomashyoni paxta qabul qilish maskanlariga vaqtinchalik saqlash uchun topshirib, muammoli masallarni bosqichma-bosqich ishlab chiqaruvchilar bilan o‘zaro kelishgan holda bartaraf etishlari mumkinligini bildiramiz. Maqsad – terilgan paxta o‘z vaqtida qabul punktlarida to‘g‘ri saqlanishi va shaffof tarzda agproplatformada aks etishi lozim.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan mazkur xabarning obektiv mohiyatini anglab yetish va aynan Hukumat qarori bilan beg‘araz yordam berish masalalarini to‘g‘ri talqin qilinishini so‘rab qolamiz”, – deya o‘z bayonotini yakunlagan vazirlik.

Avvalroq Kun.uz bu mavzuda Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov va iqtisodchi Otabek Bakirov bilan intervyu tashkil etgandi.

Mavzuga oid