O‘zbekiston | 20:14 / 05.07.2021
25703
7 daqiqa o‘qiladi

Orol suvi qurishiga yadroviy portlashlar sabab bo‘lganmi? – olim bu boradagi farazlarga munosabat bildirdi

Qishloq xo‘jaligi va ichimlik uchun suv yetishmovchiligi, qurg‘oqchilik hamda suvga aloqador boshqa muammolar o‘zbekistonliklarni yildan yilga ko‘proq bezovta qilyapti. Mamlakatda suvni tejab ishlatish borasidagi ishlar esa juda sust ketmoqda. Masalan, O‘zbekistonning asosiy qishloq xo‘jaligi maydonlarini sug‘orishda hozir ham 1970-80 yillardagi kabi bostirma sug‘orishdan foydalaniladi...

Kun.uz muxbiri bu borada kutilayotgan qiyinchiliklar, sohaga yangi texnologiyalarni jalb qilish va umuman, suv muammolariga moslashish jarayonlari borasida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov bilan intervyu uyushtirdi.

Intervyu avvalroq e'lon qilinib, ilk qismi matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning ikkinchi qismi matni juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilinmoqda.

— Oxirgi vaqtlarda Orol dengizi suvi yadroviy portlashlar sabab Kaspiyga oqib ketgan, degan farazlar o‘rtaga chiqa boshladi. Sizningcha, bu qarashlar qanchalik asosli?

— Men bunday deb o‘ylamayman. Chunki o‘sha paytlarda bunday katta miqyosdagi yadro sinovlari o‘tkazilmagan. Deylik, Orol yaqinida shunga o‘xshash qandaydir portlashlar bo‘lganda ham, uning ta'sirida 100 metr yoki undan kattaroq g‘orlar hosil qilishi haqiqatdan uzoq. Buning ilmiy jihatdan ham isboti yo‘q.

Tabiatda vaqti-vaqti bilan qandaydir tektonik o‘zgarishlar, yoriqlar paydo bo‘lib turadi.

Suv har doim bo‘shliqqa, pastlikka qarab harakat qiladi. Bu suv qonuni. Orol esa Kaspiy dengiziga nisbatan balandda joylashgan. Tarixda Oroldan toshgan suvning Kaspiyga qarab oqqaniga oid ma'lumotlar ham bor. Lekin bu Orolning qurishiga aynan portlashlar sabab, degani emas.

— Hozir Orolning qurib qolgan millionlab gektar qismini qum va zaharli tuzlar qoplagan. Bu qum va tuzlarning atrofdagi hududlarga ko‘chishining oldini olish borasida muayyan ishlar qilinyapti. Masalan, saksovulzorlar.

Ayting-chi, O‘zbekistonning boshqa hududlarini qoplab olayotgan sho‘rlanishga qarshi qanday kurashish mumkin?

—O‘zbekistonning sug‘oriladigan maydonlarining salkam 50 foizi turli darajada sho‘rlangan. Bu maydonlarda namgarchilik saqlansa, shu holatda ushlab turish mumkin.

Lekin agar namgarchilik saqlanmay, qurg‘oqchilik davom etsa, kuchsiz sho‘rlangan yerlar o‘rtacha, o‘rtacha sho‘rlangan yerlar kuchli sho‘rlanish holatiga o‘tadi. Bu esa bizga juda katta muammolar olib keladi.

Bizda faoliyati yaxshi bo‘lmasa-da, kollektor zovur tarmoqlari bor. Biz ularning ish faoliyatini har doim ishchi holatda saqlashimiz kerak. Lekin bu ham yetarli emas. Biz sug‘oriladigan maydonlarning o‘zida tuz to‘planishining oldini olishimiz kerak. Buning uchun yerga keragidan ortiqcha suv bermaslik va sizot suvi ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Biz shuningdek, sug‘orishning yangi tizimlariga o‘tishimiz kerak. Chunki hozir ham 95 foiz maydonlarimiz egatlab, bostirma usulida sug‘oriladi. Bunda juda ko‘p suv isrof bo‘lyapti.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov

— Ha, bizda hech nima o‘zgargani yo‘q, hamon 1970-80 yillarning eskicha sug‘orish tizimida ishlayapmiz.

— Undan ham eski. O‘zgarmayapmiz, yangilik kiritilgani yo‘q. Bizga yangi usuldagi meliorativ va agromeliorativ tadbirlar kerak.

— Sho‘rlanish jarayonini to‘liq to‘xtatish mumkinmi?

— Juda qiyin. Uni kamaytirish ham katta natija. Biz agrotexnik, kimyoviy, biologik choralarni qo‘llash va shuningdek, gidrotexnologik choralar orqali sho‘rlanish jarayonini kamaytirib turishimiz mumkin. Ammo ularning faqat bittasi qilinmagan taqdirda ham, sho‘rlanish davom etaveradi.

Boshqa tomondan, biz endilikda sho‘r ta'siriga chidamli ekinlar va ekin navlari ustida ishlashimiz kerak. Bu kelajak uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.

Biz bu muammolar bilan endi doim to‘qnashaveramiz. Chunki qurg‘oqchilik va sho‘rlanish bir-biri bilan doim yonma-yon yuradi. Qurg‘oqchilik bo‘lsa, yerda tuz ko‘payadi, tuz ko‘paysa, qurg‘oqchilik yaqinlashayotgan bo‘ladi.

Biz shunga mos holatda ekin turi va navi ustida ishlashimiz kerak. Bu bo‘yicha juda kam ishlayapmiz, buni tan olish kerak. Bizda buning uchun yaxshi laboratoriyalar bo‘lishi kerak.

— Ekspertlarning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlarini suv bilan ta'minlaydigan asosiy muz zaxiralari juda tez erib boryapti. Bu jarayon qaysi ko‘rinishgacha davom etishi mumkin va jarayon oqibatlari qanday bo‘ladi?

— Ha, bizning daryolarda oqadigan suvning katta qismi muzliklar hisobiga shakllanadi. Bunda o‘rtacha ko‘rsatkichi qor va juda kam foizi yog‘ingarchilik hisobiga to‘g‘ri keladi.

Keyingi yillarda bu muzliklarning jadal erishi kuzatilyapti. Yo‘qolgan muzliklar ma'lumotlarga ko‘ra, 35 foizga yetdi va bundan keyin ham yo‘qolish davom etadi.

Agar bu jarayon davom etsa, bizni nimalar kutyapti?

Bu muzliklar chekinganda ham, bizda yog‘ingarchilik baribir bo‘ladi. Faqat sovuq kunlar kam bo‘lishi, mavsumiy o‘zgarishlar kuzatilishi, iqlim isishi natijasida bu muzliklar qaytib o‘ziga kelmasligi mumkin.

Biz esa bu jarayonda yog‘ingarchilikning har qanday shaklini to‘play olishimiz kerak. Unga ko‘ra, shu to‘plangan yog‘ingarchilik suvlari o‘simliklarni o‘suv davrida sug‘orishga, chorvani sug‘orishga va boshqa maqsadlarda foydalaniladi. Biz shunga tayyor turishimiz kerak.

Buning uchun ham ilmiy izlanishlar qilinishi, mutaxassislar tayyorlanishi kerak.

Buni dunyo olimlari ham aytyapti, bizning mintaqadan muzliklarning chekinishi davom etaveradi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid