O‘zbekistonning ko‘p asrlik daraxtlari maxsus xalqaro ro‘yxatga kiritildi
Jizzaxdagi 1500 yillik sharq biotasi, Samarqanddagi ming yillik chinor va boshqa daraxtlar MonumentalTrees ro‘yxatidan joy oldi.
O‘zbekistonning ko‘p asrlik daraxtlari haqidagi ma’lumotlar MonumentalTrees veb-sayti ro‘yxatiga kiritildi. Xabarga ko‘ra, jarayonda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari ishtirok etgan.
MonumentalTrees ro‘yxatidan dunyoning turli mamlakatlarida joylashgan xalqaro ahamiyatga molik ko‘pyillik, noyob va o‘ziga xos daraxt turlari o‘rin olgan. Veb-saytni ko‘ngillilar yuritadi va daraxtlar/o‘lchovlar/fotosuratlarni joylashtiradi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston hududi ham ana shunday noyob va tarixi uzoq asrlarga borib taqaladigan daraxtlarga boy. MonumentalTrees ro‘yxatiga Jizzax viloyati Forish tumanidagi sharq biotasi (yoshi salkam 1500 yil) daraxti, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi chinor daraxti (yoshi 1160 yildan ko‘proq), Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi archa daraxti (yoshi 1000 yildan ko‘proq), yong‘oq daraxti (yoshi 800 yildan ko‘proq) va chinor daraxti (yoshi salkam 600 yil), shuningdek, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Sayrob qishlog‘idagi chinor daraxti (yoshi salkam 900 yil), Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi Dorus-Saodat memorial majmuasi hududidagi chinor daraxti (yoshi 750 yildan ko‘proq) hamda Jizzax viloyatida Zomin milliy tabiat bog‘i hududidagi boboyong‘oq daraxti (yoshi salkam 700 yil) kiritildi.
Qayd qilinishicha, ro‘yxatga MDH a’zolari orasida O‘zbekistondan tashqari Rossiya va Ozarboyjon daraxtlari ham kiritilgan.
Mavzuga oid
21:14 / 26.11.2024
Toshkentda harakatlanib ketayotgan mashinalar ustiga daraxt shoxi quladi
16:47 / 22.11.2024
Daraxtlarga kimyoviy vositalar bilan shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilandi
16:18 / 15.11.2024
Yangiyo‘lda 5 tup daraxtni kesib tashlagan shaxs tabiatga 533 mln so‘m zarar yetkazdi
18:18 / 12.11.2024