O‘zbekiston | 17:32 / 29.02.2024
15717
3 daqiqa o‘qiladi

Akrom Rahmonqulov manzil koloniyada ekani ma’lum qilindi

Jizzax viloyati hokimi sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov, Oliy sud va mahkumning yaqinlari bergan ma’lumotga ko‘ra, Ohangaron tumanidagi manzil koloniyada jazo o‘tamoqda.

Illyustrativ foto

Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi manzil koloniyada jazo o‘tamoqda. Bu haqda uning qizi Ra’no Pardayeva Kun.uz bilan bog‘lanib, ma’lum qildi. Bu ma’lumotni Oliy sud matbuot xizmati ham tasdiqladi.

20 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblangan sobiq amaldor Jizzax shahrida 6 qavatli binoning bir qismi qulashi ortidan ishdan olingan va 27 nafar sudlanuvchi qatorida iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilib, 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Avvalroq, Kun.uz bir-biridan mustaqil ikki manbaga tayanib Akrom Rahmonqulov ochiqda ekani haqida yozgandi.

Jinoyat ijroiy kodeksining 114-moddasiga ko‘ra, manzil-koloniyalarda mahkumlar:

  • soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadi;
  • ertalab o‘rindan turishdan kechki yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurishi mumkin;
  • agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari mumkin;
  • fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradi;
  • pul va qimmatli buyumlarni saqlashi, ulardan cheklanmagan miqdorda foydalanishi mumkin;
  • ishdan bo‘sh vaqtda cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari mumkin;
  • o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobiga xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlaridan va yo‘qlovlardagi mahsulotlardan mustaqil ravishda ovqat tayyorlashni amalga oshiradi.

Mahkumlar cheklanmagan miqdorda qisqa muddatli uchrashuvlar, yil mobaynida 24 marta uzoq muddatli uchrashuvlar olish huquqiga ega.

Uchrashuvlar, qoida tariqasida, ishdan bo‘sh vaqtda beriladi. Manzil-koloniya hududida uzoq muddatli uchrashuv o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasa, uchrashuv mahkumning arizasiga binoan manzil-koloniya hududidan tashqarida, ushbu koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida o‘tkazilishi mumkin.

Mahkumlar xonalarga bo‘lingan yotoqxonalarda yashaydi. Saqlash rejimini buzmagan, oilasi bor mahkumlarga muassasa boshlig‘i qaroriga binoan manzil-koloniya hududida yoki manzil-koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida oilasi bilan alohida yashashga ruxsat berilishi mumkin. Bunday shaxslar ichki tartib qoidalarida belgilab qo‘yilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tish uchun hozir bo‘lishlari shart. Manzil-koloniya ma’muriyatining vakili mahkumlar yashayotgan joyga sutkaning istalgan vaqtida kirishi mumkin.

Mavzuga oid