O‘zbekiston | 20:07 / 17.07.2020
29697
4 daqiqa o‘qiladi

Ayrim dorilar bahosi 20 baravar, ularni qidirish esa 200 baravardan ko‘proq oshgan

Koronavirus pandemiyasi, ayniqsa uyda davolash va profilaktika masalasi jiddiylashgani sari dorilarga bo‘lgan talab tabiiyki keskin oshdi. Odamlar yoppasiga o‘zlarini dorixonalarga urdilar va narxlarga e'tibor qilmay xarid qila boshladilar.

Dori vositalarini qidirib topish va narxlarni solishtirib berishga ixtisoslashgan ArzonApteka telegram botiga o‘tgan qisqa davr mobaynida kelib tushgan so‘rovlar asosida qiziqarli statistika e'lon qilindi.

Unda 8-16 iyun va 6-15 iyul (ya'ni ikki ketma-ket oylardagi to‘qqiz kunliklar) oralig‘idagi so‘rovlar sarhisob qilingan.

Natija hayratlanarli – «Arbidol» dorisi iyun oyining 9 kunida 270 kishini qiziqtirgan bo‘lsa, iyul oyining mos davrida bu doriga so‘rov 61 370taga yetgan ya'ni 227 barobar oshgan. Ergoferon – 185/19 900, azitromitsin 260/9835, azimak – 330/8740 nisbatda oshgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar va surishtiruvlar bundan ikki oy muqaddam o‘rtacha 25-30 ming so‘m atrofida sotilgan «Arbidol» dori vositasi bahosi bugungi kunda 600 ming so‘mgacha chiqib ketgani, shu bilan birga mutlaq ko‘pchilik dorixonalarda sotuvda yo‘qligi aytilmoqda.

Bugungi kunda ayni shu botga so‘rov yuborilsa, hududlarning biror dorixonasida Arbidol dori vositasi yo‘qligini bildirmoqda.

Qo‘shni davlatlar ommaviy axborot vositalarida ham aynan mana shu va shunga o‘xshash dorilar tanqisligi to‘g‘risida xabarlar e'lon qilinyapti.

Kun.uz bu doriga bo‘layotgan talabning keskin oshishiga izoh olish uchun yuqumli kasalliklar shifokori Alisher Ahrorov bilan bog‘landi:

– Umifenovir faol moddasiga asoslangan «Arbidol» dori vositasi Rossiyada ishlab chiqariladi va MDH davlatlarida keng tarqalgan. Asosan gripp va shamollashga qarshi vosita sifatida faol reklama qilinadi va ko‘pchilik uni qabul qilishga odatlangan.

Aynan bu tarkibdagi boshqa dori vositalari ham bor, masalan «Arpetolid», «Arpeflyu», «ORVItol NP», «Arpetol» va «Immustat» nomlar ostida ham chiqariladi va ular ham bunday simptomlarga qarshi samarali ta'sir ko‘rsatadi. Aynan koronavirusga qarshi samarasi hali to‘liq isbotlanmagan va bu fakt qator manbalarda keltirilgan», dedi shifokor.

Eslatib o‘tamiz, Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev 15 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida dori-darmon va himoya vositalari zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yilganini ham ta'kidlagandi.

Shuningdek, koronavirusning tashqi alomatlari bo‘lmagani uchun uyida davolanishi mumkin bo‘lgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta'minlanishi haqidagi qaror 16 iyul kuni bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida qabul qilingan.

Qarorga ko‘ra, bundan buyon koronavirus kasalligidan uyida davolanayotgan bemorlarga «Gidroksixloroxin», «Azitromitsin», «Paratsetamol», «Vitamin S» kabi dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan me'yorda, bepul yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid