Jahon | 13:54 / 13.01.2026
2931
9 daqiqa o‘qiladi

Daniya himoyasiga tayyor Yevropa, Trampning Eronga qarshi sanksiyalari va Ispaniyada ushlangan 10 tonna kokain – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Erondagi namoyishlar va AQSh bilan aloqalar

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga harbiy choralar bilan bog‘liq tahdidlarni kuchaytirish bilan birga yangi sanksiyalar joriy qildi. Unga ko‘ra, Eron bilan biznes qilayotgan har qanday mamlakatning AQShga eksport qiladigan mahsulotlariga 25 foizlik yangi boj joriy etiladi.

Biroq Tramp tariflarni joriy etish uchun qaysi huquqiy vakolatdan foydalanishini yoki ular Eronning barcha savdo hamkorlariga qaratiladimi-yo‘qmi — bu borada batafsil ma’lumot bermadi.

Allaqachon AQShning og‘ir sanksiyalari ostida bo‘lgan Eron neftining katta qismini Xitoyga eksport qiladi. Turkiya, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari va Hindiston ham uning yirik savdo hamkorlari qatoriga kiradi.

Tramp Eron yetakchilarini agar xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata o‘t ochsa, AQSh hujum qilishidan ogohlantirgan. Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitning aytishicha, aviatsiya zarbalari variantlardan biri bo‘lsa-da, «diplomatiya har doim prezident uchun birinchi tanlovdir». Yakshanba kuni u AQSh Eron rasmiylari bilan uchrashishi mumkinligini aytgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ham Tehron Vashington taklif qilgan g‘oyalarni o‘rganayotganini, biroq ular AQSh tahdidlari bilan «mos kelmasligini» aytdi.

«AQSh maxsus elchisi Stiv Uitkoff bilan aloqalar noroziliklardan oldin ham, keyin ham davom etdi va hozir ham davom etmoqda», - dedi u.

Namoyishlar keng ko‘lamli bo‘lishiga qaramay, harbiylar yoki xavfsizlik kuchlarida bo‘linish alomatlari kuzatilmagan. Araqchiga ko‘ra, hukumat «terrorchi guruhlar» deb atagan namoyishchilar 53 masjid va 180 tez yordam mashinasini yoqib yuborgan.

Huquqni himoya qilish guruhlariga ko‘ra, namoyishlarda 646 kishining o‘limi tasdiqlangan, ularning 110 nafari xavfsizlik xodimlari.

Yevroittifoq Daniyani himoya qiladi

Agar Daniya shunday so‘rov bilan chiqsa, Yevropa Ittifoqi Grenlandiya xavfsizligini ta’minlashga yordam berishi mumkin, dedi Yevroittifoqning mudofaa va kosmos bo‘yicha komissari. U AQShning Grenlandiyani harbiy yo‘l bilan egallashi NATOning oxiri bo‘lishidan ogohlantirdi.

«Men Daniya bosh vaziri bilan hamfikrman. Bu — NATOning oxiri bo‘ladi va odamlar orasida ham bu juda-juda salbiy qabul qilinadi», dedi komissar Andryus Kubilyus.

Ikkisi ham NATO a’zosi bo‘lgan Daniya va AQSh shu hafta Grenlandiya masalasini muhokama qilish uchun uchrashishi rejalashtirilgan. Grenlandiya va Daniya orol sotilmasligini aytgan, biroq Tramp uni kuch bilan egallab olish ehtimolini inkor etmadi.

Kubilyus AQShning harbiy bosqini bo‘ladi deb o‘ylamasligini aytdi. Biroq Yevropa Ittifoqi shartnomasiga ko‘ra, agar Daniya harbiy tajovuzga uchrasa, a’zo davlatlar unga yordam berishga majburligini eslatdi.

«Bunday bosib olishni kim tan oladi va bu AQSh bilan Yevropa o‘rtasidagi barcha munosabatlarga, masalan, savdoga qanday ta’sir qiladi? Bu amerikaliklar uchun ham juda og‘riqli salbiy oqibatlar keltirishi mumkin», dedi u.

Uning aytishicha, agar Daniya so‘rasa, YeI Grenlandiya uchun ko‘proq xavfsizlikni ta’minlashi mumkin — jumladan, qo‘shinlar, harbiy kemalar va dronlarga qarshi tizimlar kabi infratuzilma bilan.

Tramp o‘tgan hafta alyansni har doim qo‘llab-quvvatlashini, Rossiya va Xitoy esa NATOdan faqat AQSh uning a’zosi bo‘lgan paytda qo‘rqishini aytgandi.

Ispaniya 10 tonna kokainni musodara qildi

12 yanvar kuni Ispaniya politsiyasi ochiq dengiz tarixidagi eng yirik kokain musodarasini amalga oshirdi.

10 tonna giyohvand modda Braziliyadan Yevropaga yo‘l olgan kemada aniqlangan. Kamerun bayrog‘i ostidagi kemada 294 ta qopdagi kokain tuz yuklari orasiga yashirilgan bo‘lgan.

Bu miqdordagi giyohvand moddaning taxminiy bozor qiymati — 400 million yevro. Bundan tashqari, bortda o‘qotar qurol va o‘q-dorilar ham topildi. Ekipajning 13 nafar a’zosi hibsga olindi.

Yoqilg‘isi tugab qolgan kema Kanar orollaridagi Santa-Krus portiga qirg‘oq qo‘riqchilari tomonidan sudrab olib kelingan.

Politsiya kadrlarida ular tuz ostidan kokainni belkurak va qo‘llari bilan kovlab chiqarayotgani, so‘ngra bog‘lamalarni piyerga tashiyotgani ko‘rinadi.

Ispaniya o‘tkazgan xalqaro hamkorlik doirasidagi operatsiyada AQSh, Braziliya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Portugaliya rasmiylari ham qatnashgan.

Qirg‘izistonlik ziyoratchilar uchun bepul mehmonxona

Saudiya Arabistonining Makka shahrida Qirg‘iziston fuqarolari bepul joylashishi mumkin bo‘lgan mehmonxona qurilishi boshlandi. Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasi rasmiysi Dayirbek O‘runbekovga ko‘ra, loyiha prezident Sadir Japarov ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Yangi bino qirollikka borgan qirg‘izistonliklarning bepul yashashi, jumladan, Haj ziyoratini ado etishi va ta’lim olishi uchun mo‘ljallangan.

Shu bilan birga, qurilishni yakunlash muddatlari, moliyalashtirish hajmi va obektni foydalanishga topshirishning aniq sanasi hozircha aniq emas.

Davlatlar yoki milliy diniy jamg‘armalar o‘z ziyoratchilari uchun Makka va Madinada maxsus uy-joyga egalik qilish amaliyoti qator musulmon mamlakatlarida mavjud. Xususan, Malayziya, Turkiya, Indoneziya va Eronda ham vaqf shakliga o‘xshash, o‘z fuqarolariga bepul yoki imtiyozli asosda xizmat ko‘rsatuvchi obektlar bor.

Moldova Ruminiya bilan birlashishi mumkin

Moldova prezidenti Maya Sandu agar referendum o‘tkazilsa, Yevropa Ittifoqi va NATO a’zosi bo‘lgan Ruminiya bilan birlashishni yoqlab ovoz berishini aytdi. Bu rejalar Moldovani Rossiya bosimiga qarshi himoyalash maqsadida anchadan beri aytib kelinadi.

«Agar referendum bo‘lsa, men Ruminiya bilan birlashishni yoqlab ovoz beraman», dedi u yakshanba kuni efirda.

«Dunyoda nimalar bo‘layotganiga qarang. Moldova kabi kichik davlat uchun demokratiya sifatida, suveren davlat sifatida omon qolish va albatta, Rossiyaga qarshi turish tobora qiyinlashib bormoqda».

O‘tgan yil sentabrida hukmron partiyasi yangi mandat olgan Sandu Rossiyani Moldovaning ichki ishlariga aralashishda bir necha bor ayblagandi.

2,4 millionlik Moldova aholisining taxminan 1,5 million nafarida Ruminiya fuqaroligi bor. Biroq so‘nggi so‘rovlar ularning atigi uchdan bir qismi Buxarest bilan qayta birlashishni qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatmoqda.

Sandu moldovaliklarning ko‘pchiligi uning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamasligini tan olib, YeIga integratsiya «yanada real maqsad» ekanini aytdi. Uning hukumati 2030 yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni maqsad qilgan, biroq Rossiya qarshiligi fonida murakkab islohotlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

Ukraina bilan ham chegaradosh bo‘lgan Moldova aslida Ruminiya tarkibida bo‘lgan. Keyin Ikkinchi jahon urushi paytida sovetlar tomonidan anneksiya qilingan. 1991 yilda u mustaqillikka erishgan.

Yana bir kompaniya bahosi 4 trillion dollardan oshdi

12 yanvar kuni qisqa muddatda Alphabet’ning bozor bahosi 4 trillion dollarga yetdi. Google egasi bo‘lgan korporatsiyaning sun’iy intellektga yo‘naltirilgan strategiyani keskin kuchaytirishi uni yana poyga markaziga qaytardi.

Alphabet — Nvidia, Microsoft va Appleʼdan keyin 4 trillion dollarlik marraga yetgan to‘rtinchi kompaniya bo‘ldi.

Alphabet o‘tgan hafta 2019 yildan beri ilk bor Appleʼdan bozor kapitallashuvi bo‘yicha o‘zib ketib, dunyodagi ikkinchi eng qimmat kompaniyaga aylandi. Uning o‘sishi bir qancha nuqtalarda ko‘rinmoqda.

Xususan, endilikda Appleʼning keyingi avlod sun’iy intellekt modellari ko‘p yillik kelishuv doirasida Googleʼning Gemini platformasiga asoslanadi.

Samsung kompaniyasi ham joriy yilda Gemini AI funksiyalari o‘rnatilgan mobil qurilmalar sonini ikki barobar oshirishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Googleʼning yangi Gemini 3 modeli kuchli ijobiy baholar oldi, natijada GPT-5ʼdan ko‘ngli to‘lmagan foydalanuvchilardan OpenAIʼga bosimni kuchaytirdi.

Alphabetʼning asosiy daromad manbai bo‘lgan reklama biznesi barqaror saqlanib kelmoqda. Bundan tashqari, Googleʼning bulutli xizmatlari, uning o‘zida ishlab chiqilgan sun’iy intellekt chiplarini tashqi mijozlarga ijaraga berish ham katta foyda olib kelmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid