Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Avstriya kansleri iste’foga chiqadi. Koalitsion muzokaralar barbod bo‘lgan
Mamlakatda uch oy oldingi saylovda yevroskeptik, Rossiyaga xayrixoh o‘ta o‘ng partiya g‘olib chiqqan, ammo mustaqil hukumat tuzish uchun parlamentda yetarli o‘rin ololmagandi. O‘tgan vaqt davomida ikkita asosiy markazchi partiya o‘ngchilar ishtirokisiz hukumat tuzishga kelisha olmadi.
Karl Nehammer / Foto: REUTERS/Leonhard Foeger
Koalitsion hukumat tuzish borasidagi muzokaralar barbod bo‘lishi ortidan, Avstriya kansleri Karl Nehammer iste’foga chiqishini ma’lum qildi.
“Men yaqin kunlarda kansler va Xalq partiyasi yetakchisi lavozimlaridan ketaman hamda tartibli hokimiyat almashinuvini ta’minlayman”, – dedi Nehammer X tarmog‘ida e’lon qilgan videobayonotida.
Sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovida o‘ta o‘ngchilarning Ozodlik partiyasi parlamentdagi o‘rinlarning eng katta qismi – 29,2 foizini egallashga muvaffaq bo‘lgan, boshqa partiyalar esa g‘olib partiya bilan koalitsiyaga kirishdan bosh bortgan edi.
Saylovda bosh vazirning Xalq partiyasi ikkinchi, sotsial-demokratlar uchinchi o‘rinni egallagan. Oxirgi oylarda bu ikki markazchi partiya, shuningdek, liberal NEOS partiyasi o‘ngchilar ishtirokisiz koalitsion hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Biroq yakunda ular o‘zaro til topisha olgani yo‘q: joriy haftada avvaliga NEOS partiyasi muzokaralardan chiqdi, shanba kuni esa ikki markazchi partiya ham muzokarani to‘xtatdi.
“Biz uzoq va halol muzokaralar olib bordik. Sotsial-demokratlar bilan muhim masalalar bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lmadi. Xalq partiyasi o‘z va’dalariga sodiq qoladi: biz ish samaradorligi va tadbirkorlikka putur yetkazuvchi choralarga, xususan yangi soliqlar joriy etilishiga qarshimiz. Shu sababdan ham sotsial-demokratlar bilan muzokaralarni yakunladik va davom ettirmaymiz”, – dedi Karl Nehammer shanba kungi bayonotida.
Bosh vazirning iste’foga chiqishi bilan, yo hukumat tuzish vazifasini prezident Aleksandr Van der Bellen o‘z zimmasiga oladi, yoki navbatdan tashqari saylovlar e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda parlament saylovlarida o‘ta o‘ngchilarning ko‘proq ovoz olishi, boshqalarning esa ular bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishi sabab barqaror hukumat shakllantirishda muammolar vujudga kelishi Yevropaning boshqa mamlakatlari, xususan Germaniya va Fransiyada ham kuzatilmoqda.
Mavzuga oid
16:01 / 11.12.2025
Avstriya AQShga Dmitriy Firtashni bermaslik haqida yakuniy qaror qabul qildi
11:28 / 06.12.2025
O‘zbekiston va Avstriya tibbiyot yo‘nalishida qo‘shma dasturlar tayyorlamoqda
10:25 / 25.11.2025
Avstriya biznes delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi
08:00 / 05.11.2025