Jahon | 14:40 / 19.09.2025
3371
10 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonga qaytmoqchi bo‘lgan Tramp, KXDRning yadroviy rejalari va BMTda qaytgan G‘azo bo‘yicha rezolyutsiya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh BMTda G‘azo bo‘yicha rezolyutsiyaga veto qo‘ydi

AQSh BMT Xavfsizlik Kengashida G‘azoda zudlik bilan va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni hamda humanitar yordamga cheklovsiz kirishni talab qilgan yangi rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi.

Isroil armiyasi G‘azo sektorini doimiy bosib olish va kengaytirishga qaratilgan hujum rejasini amalga oshira boshlaganidan so‘ng, XK kun tartibiga «zudlik bilan va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar yordamga cheklovsiz kirishni» talab qilgan rezolyutsiya loyihasi kiritildi.

Rezolyutsiya loyihasi uchun Kengashning 14 a’zosi ovoz berdi, biroq AQShning yagona qarshiligi sababli u rad etildi.

Ovoz berishdan oldin AQSh vakili ushbu rezolyutsiyaga veto qo‘yilishi «hech kimni hayron qoldirmasligini» aytdi, chunki AQSh tomoniga ko‘ra, loyiha — «Hamasni qoralamaydi va Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tan olmaydi».

Amerikalik diplomat G‘azoda barcha asirlar ozod qilinmasdan turib sulh imkonsizligini aytdi.

2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 65 141 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 165 925 kishi yaralangan.

Isroil armiyasi G‘azo sektorini doimiy bosib olishni ko‘zlagan hujum rejasini amalga oshira boshladi. Bosh vazir Binyamin Netanyahu ular butun G‘azo sektorini bosib olishini e’lon qildi., Xalqaro hamjamiyat, xususan BMT komissiyasi allaqachon Isroilning urushini genotsid, deb baholamoqda.

Putin menga pand berdi – Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi mojaroni hal qilish o‘zi kutganidan ko‘ra qiyinroq bo‘layotganini va Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning hafsalasini pir qilganini aytdi.

«Men Putin bilan munosabatlarim tufayli Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni osonroq hal qilish mumkin deb o‘ylagandim, lekin u menga pand berdi, u haqiqatan ham pand berdi», dedi Tramp Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Shuningdek, AQSh prezidenti Rossiya Ukrainaga qaraganda ko‘proq askar yo‘qotmoqda, degan fikrni bildirdi.

«Putin ko‘plab odamlarni o‘ldirmoqda. U o‘ldirishdan ko‘ra ko‘proq odam yo‘qotyapti. Rossiya askarlari Ukraina askarlariga qaraganda ko‘proq halok bo‘lmoqda», dedi Tramp.

Tramp agar Bayden emas, o‘zi AQSh prezidenti bo‘lganida, Ukrainada keng ko‘lamli urush hech qachon boshlanmas edi, dedi. Oq uy rahbari buni ko‘p marta takrorlagan.

«Bu urushda millionlab odamlar halok bo‘ldi va bu amerikalik askarlar emas. Askarlar Ikkinchi jahon urushidan beri hech kim ko‘rmagan tezlikda halok bo‘lmoqda. Men aynan shu sababga ko‘ra bu muammoni hal qilishga majburman, deb o‘ylayman», dedi Tramp.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga Oval kabinetda aytgan gapini takrorladi – mojaro uchinchi jahon urushiga aylanib ketishi mumkin.

Ispaniya Isroil tufayli Jahon chempionatini boykot qilmoqchi

Agar Isroil Jahon chempionatiga yo‘l oladigan bo‘lsa, Ispaniya hukumati futbol bo‘yicha milliy jamoasini 2026 yilgi jahon chempionatidan olib qolish masalasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Ispaniya sotsialistik ishchi partiyasi vakili, kongress a’zosi Pachi Lopesga asoslanib mahalliy nashrlar xabar bermoqda.

Lopes Isroil jamoalari musobaqalardan chetlatilishi kerakligini qayd etgan.

Bundan oldinroq Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ham G‘azodagi harbiy harakatlar to‘xtamaguncha, Isroil Rossiya bilan bir qatorda xalqaro sport musobaqalaridan chetlashtirilishi kerakligini aytgandi. U rasmiy Tel-Avivni sportdan «o‘z agressiyasini oqlash» uchun foydalanishda ayblagan.

Bu bayonot, Isroil jamoasi ishtirok etgani sababli Falastin tarafdorlari Madriddagi velopoyganing final bosqichi o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilishi ortidan berildi. Voqea davomida politsiya bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan, ikki kishi hibsga olingan va 22 kishi jarohatlangan.

Lopes velopoyga chog‘ida Falastinni qo‘llab aksiya o‘tkazgan aholi o‘z qadr-qimmatini namoyish etgani haqida gapirgan.

Hukumatning rasmiy vakili Pilar Alegriya ham bu haqda fikr bildirib, shunday degan: «Sport – voqelikdan uzilgan orol emas. Ayniqsa, inson huquqlarining ommaviy buzilishi sharoitida sport ham bir chetda qarab tura olmaydi».

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi jahon chempionatiga AQSh, Kanada va Meksika davlatlari mezbonlik qilib, turnir 11 iyunda boshlanadi va 19 iyulga qadar davom etadi. Hozircha Ispaniya ham, Isroil ham mundial yo‘llanmasini hal qilmagan.

Anqarada Kiprdagi vaziyatni kuzatmoqda

Turkiya Milliy mudofaa vazirligi Anqarada bo‘lib o‘tgan brifingda, Janubiy Kipr grek administratsiyasiga Isroil tomonidan havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilishi yuzasidan izoh berdi.

Vazirlikda ta’kidlanishicha, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

«Yana bir bor eslatamizki, Janubiy Kipr Grek administratsiyasi tomonidan orolda tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan militarizatsiya yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar va amaliyotlar xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin», — dedi Mudofaa vazirligi manbalari Anqarada bo‘lib o‘tgan haftalik matbuot brifingida.

«Turkiya avvalgidek Shimoliy Kiprni qo‘llab-quvvatlaydi. Turk kiprliklar Turkiya himoyasi ostida», — deya ta’kidladi Mudofaa vazirligi.

Tramping harbiy rejalari

Prezident Donald Trampning aytishicha, AQSh Afg‘onistondagi «Bagrom» harbiy-havo bazasi ustidan nazoratni qaytarib olishga harakat qiladi.

«Biz Afg‘onistonni tark etganimizda, u yerda o‘z kuchimiz va qadr-qimmatimizni qoldirdik. Biz Bagromdagi yirik harbiy-havo kuchlari bazasini shunchaki berib yubordik va uni qaytarishga harakat qilamiz», dedi Tramp 18 sentabr kuni Londonda Britaniya hukumati rahbari Kir Starmer bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

AQSh 2021 yil kuzida Jo Bayden prezidentligi davrida Afg‘onistondan o‘z kontingentini olib chiqib ketgandi. Jumladan, AQSh qo‘shinlari Bagromdagi harbiy-havo kuchlari bazasini ham tark etgan.

Urush vazirligi, deb qayta nomlagan Pentagon esa AQShning o‘zida «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini ishlab chiqqanini ma’lum qildi.

Xususan, «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish dasturi uchun mas’ul bo‘lgan AQSh kosmik kuchlari generali Maykl Getlayn loyihani ishlab chiqishni yakunladi. Pentagon uning ko‘lami va qiymati haqida batafsil ma’lumot bermadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp may oyida «Oltin gumbaz»ni yaratish 175 milliard dollarga tushishi mumkinligini aytgan edi. Kongressning budjet boshqarmasi kosmik tutqichlar tarmog‘ining o‘zi 542 milliard dollarga tushadi, deb hisoblamoqda. unga radiolokatsion panjaralar, yerdagi tutqichlar, kosmik zondlar va lazer tizimlari kirishi mumkin. Unga radiolokatsion panjaralar, yerdagi tutqichlar, kosmik zondlar va lazer tizimlari kirishi mumkin.

KXDR ruslardan atom suvosti texnologiyasini oldi

Shimoliy Koreya o‘zining suvosti flotini rivojlantirish uchun Rossiyadan yadroviy reaktor oldi. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib Newsweek yozmoqda.

Nashr Rossiya mudofaa va tashqi ishlar vazirliklariga izoh so‘rab elektron xat yuborganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Shimoliy Koreyaning Pekindagi elchixonasi bu haqdagi so‘rovga javob qaytarmagan.

Ta’kidlash joiz, 2024 yilda Rossiya va Shimoliy Koreya strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzoladi, unga ko‘ra har ikki tomon o‘zaro harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini oldi. Nashrning yozishicha, Pxenyan Moskvadan harbiy texnika olish evaziga Kremlning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shin va o‘q-dorilar bergan.

Shimoliy Koreya yadroviy va raketa dasturlarini rivojlantirishdan tashqari, boshqariladigan raketalarga ega atom suvosti kemasi va 5 ming tonna suv sig‘imiga ega ikkita esminets qurish orqali dengiz flotini kuchaytirmoqda. Bu harbiy-dengiz kuchlari ustun bo‘lgan AQSh va Janubiy Koreyaga qarshi turish uchun qilinmoqda.

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya dastlab Shimoliy Koreyaga atom suvosti kemalari texnologiyasi va zamonaviy qiruvchi samolyotlarni berishni istamagan, ammo oxir-oqibat bunga rozi bo‘lgan. Atom texnologiyalari bilan bog‘liq materiallar esa yangi emas, balki Rossiya armiyasi foydalanishdan chiqargan kemalardan olingan.

Shunga qaramay, dizel-elektr suvosti kemalaridan farqli o‘laroq, atom suvosti kemalari deyarli cheksiz chidamlilik, tezlik va suzish masofasiga ega. Ulardan foydalanishda yagona cheklov oziq-ovqat zaxiralari hisoblanadi.

AQSh va Rossiya ushbu turdagi suvosti kemalaridan foydalanadigan kam sonli davlatlar qatoriga kiradi. 

Mavzuga oid