O‘zbekiston | 14:08 / 11.05.2023
42975
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda uch qavatga ruxsat berilgan bino 12 qavat qilib qurilgani aniqlandi

Tadbirkor noqonuniy tartibda qo‘shimcha 9 qavat va mansarda qurgan.

Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

Toshkent shahrida 3 qavat qilib qurilishi rejalashtirilgan binoda noqonuniy tartibda qo‘shimcha 9 qavat va mansarda qurgan tadbirkor aniqlandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Uchtepa tumani 23-mavze hududida buyurtmachi Max group house MChJ tomonidan qurilayotgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasida qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risida 2021 yilda nazorat inspeksiyasiga xabarnoma yuborilgan. Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining tegishli xulosasi bilan bino eskiz loyihasi 3 qavatga kelishilgan.

2021 yilda esa ushbu obektda loyihadan chetga chiqqan holda qo‘shimcha qavatlar qurilishi aniqlangan. Mazkur qoidabuzarlik yuzasidan bir necha marta yozma ko‘rsatma hamda ogohlantirish xatlari berilishiga qaramasdan qurilish ishlari davom ettirilgan.

Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

Hozirda tadbirkor Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi (shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) tegishli bandlari asosida javobgarlikka tortilgan hamda ushbu obekt yuzasidan sud organlariga da’vo arizalari kiritilgan.

Vazirlikning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hududiy nazorat inspeksiyasi vaziyatni o‘rganib chiqqan va hozirda binoning qurilish ishlari to‘xtatilgan. «Sudga qo‘shimcha qurilgan binoni buzish bo‘yicha da’vo arizasi kiritildi. Bino 12+1 qavatdan iborat ekan. Buni o‘sha kuni o‘rganish olib borgan vaqtimizda aniqladik», deya ma’lumot berdi vazirlik xodimi.

  • 2023 yil fevral oyi o‘rtalarida Toshkent shahri Yangihayot tumanida fuqarolar 10 qavatli uy tomiga uy qurib olgani aniqlangandi. Noqonuniy qurilishni 15 kunda buzib tashlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
  • Qurilish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda ko‘p kvartirali uylardagi qonunbuzilish holatlari uchun 6 mlrd so‘mlik jarimalar rasmiylashtirilgan.

 

Mavzuga oid