Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Soliq organlari ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini qanday hisobga qo‘yadilar?
Foto: iStock
Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida jismoniy shaxslar o‘rtasida ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini soliq organlarida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini belgilovchi nizom loyihasi muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1.01.2019 yildan boshlab ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bo‘yicha talab bekor qilinadi. Buning o‘rniga ijara shartnomalarini soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yish kerak bo‘ladi.
Qayerda hisobga qo‘yiladi va bu qanchaga tushadi
Norma’ning yozishicha, uy-joyni ijaraga berish shartnomasi 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi. Shartnomada muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u 5 yilga tuzilgan deb hisoblanadi. Loyihada taqdim etilgan namuna shaklida shartnoma tuzish taklif qilinmoqda. Unga qo‘shimcha ravishda tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra uy-ro‘zg‘or buyumlarini va kommunal xizmatlar haqini to‘lash uchun hisoblagich ko‘rsatkichlari yozuvini qabul qilish-topshirish dalolatnomasini rasmiylashtirishlari mumkin.
Shartnoma tuzilgandan keyin 10 kun ichida ijaraga beruvchidan (yoki uning vakilidan) uni soliq organlarida hisobga qo‘yish talab qilinadi. Shunisi qiziqki, ijaraga beruvchining doimiy yashash joyidan yoki ko‘chmas mulk joylashgan joyidan qat'i nazar, o‘z tanloviga ko‘ra istalgan soliq organida ro‘yxatdan o‘tishiga ruxsat beriladi. Buning uchun soliq idorasiga belgilangan shaklda so‘rovnoma taqdim etiladi, unda quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi:
• bitim ishtirokchilari haqida: FIO, pasport ma'lumotlari, STIR, yashash manzili, telefon raqami, elektron pochtasi (ijaraga beruvchi uchun);
• ijaraga berilayotgan uy-joy haqida: nomi, joylashgan manzili, kadastr guvohnomasining reyestr raqami va sanasi, ko‘chmas mulkning kadastr raqami, ijaraga berilayotgan maydon, bitim muddati, oylik ijara to‘lovi miqdori, umumiy ijara summasi.
Shu o‘rinda ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha oylik to‘lov davlat tomonidan belgilangan eng kam stavkalardan past bo‘lmasligi kerakligini qayd etib o‘tamiz.
Ijaraga beruvchi yoki uning vakili ijaraga berish shartnomasi va so‘rovnomadan tashqari, shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ko‘chmas mulk obektining kadastr yig‘majildini taqdim etishi kerak bo‘ladi. Soliq idorasi xodimi zarur ma'lumotlarni olish uchun kadastrdan nusxa ko‘chirib, uning asl nusxasini ijaraga beruvchiga qaytaradi.
Shartnomani soliq organlarida bepul hisobga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Barcha hujjatlar joyida bo‘lsa, soliq idorasi shartnomani 1 ish kuni davomida hisobga qo‘yadi va JShDSni hisoblaydi. Shundan so‘ng uy-joyni ijaraga beruvchiga quyidagilar yuboriladi:
• shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida axborot tizimi orqali PDF formatida QR kodli bildirishnoma;
• joriy yil uchun JShDSni to‘lash haqida to‘lov xabarnomasi.
Ijaraga berish shartnomasi bekor qilinganda tomonlar ixtiyoriy tartibda kelishuvni rasmiylashtiradilar, u ham yozma so‘rovnoma bergan holda soliq idorasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. O‘zaro kelishuvga erishilmaganda, shuningdek boshqa hollarda masala sud tartibida hal etiladi.
Ijaraga berish shartnomasining amal qilishi to‘xtatilganligi haqidagi axborot tegishli axborot tizimiga kiritiladi.
Ijara ro‘yxatdan o‘tkazilishini kim va qanday nazorat qiladi
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining hududiy bo‘linmalari fuqarolarni hisobga (vaqtincha propiskaga) qo‘yayotganda ijaraga berish shartnomasini soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilishlari kerak bo‘ladi.
Ma'lumot uchun: ayni paytda respublikaning boshqa mintaqalaridan xizmat safari, o‘qish, ta'til, malaka oshirish, davolanish uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kelgan fuqarolar vaqtincha propiska qilinayotganda uy-joyni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomasini tuzmasliklari mumkin.
Ijaraga berish shartnomalari ro‘yxatdan o‘tkazilganligini «o‘z» hududidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va profilaktika inspektorlari ham monitoringdan o‘tkazishlari shart. Uy-joyni ijaraga beradigan, biroq shartnomani rasmiylashtirmaydigan fuqarolarni aniqlash uchun soliq organlari ijtimoiy tarmoqlardagi uy-joyni ijaraga berishga oid reklamani o‘rganadilar, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va IIO bilan elektron hamkorlik qilib, ulardan axborot oladilar.
Javobgarlik kimga yuklatiladi
Ayni paytda ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud uning notarial tasdiqlanishiga rioya etmaslik 5 EKIHdan 10 EKIHgacha ma'muriy jarima solishga sabab bo‘ladi. Biroq, yuqorida aytilganidek, 1.01.2019 yildan boshlab ijaraga berish shartnomasini majburiy notarial tasdiqlash o‘rniga soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yish talab etiladi.
Ko‘rib chiqilayotgan loyihaga muvofiq, ijaraga berish shartnomalarini hisobga qo‘yishning belgilangan tartibini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar javobgarlikka tortiladi. Biroq ayni paytda hisobga qo‘yishdan bo‘yin tovlaganlik uchun sanksiyalar, ma'lum sabablarga ko‘ra, mavjud emas. Keyingi yil boshigacha MJTKning 159-1-moddasiga ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo‘yishdan bo‘yin tovlaganlik uchun jarima solish imkonini beruvchi tuzatishlar kiritiladi, degan fikrdamiz.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Mavzuga oid
09:35 / 06.01.2026
Ijara xizmatlarining yarmiga yaqini avtomobil ijarasi hissasiga to‘g‘ri keldi
08:50 / 25.12.2025
Qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi
09:38 / 24.12.2025
Noyabrda uy-joy savdosi oshdi, ijara narxlari ham o‘sdi
17:50 / 03.11.2025