O‘zbekiston | 17:00 / 24.08.2017
195642
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Gulnora Karimovaning Rossiyadagi mulklarini xatlashni so‘rab murojaat qildi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Rossiya hukumatidan Gulnora Karimovaning ko‘chmas mulklarini hibsga olishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda «Interfaks» agentligi Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar tarqatdi.

«Rossiya Bosh prokuraturasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan Gulnora Karimova jinoiy ishi bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish haqida so‘rov keldi. Unda ko‘chmas mulk obektlarini hibsga olish so‘ralgan», — deyilgan xabarda.

Xabarda ayni damda so‘rov ko‘rish jarayonida ekani, so‘rovda ko‘rsatilgan ma'lumotlar maxfiyligi qo‘shimcha qilingan.

OAV Gulnora Karimova Moskvadagi «Kamelot» turar-joy kompleksida maydoni 420 kvadrat metr bo‘lgan penthaus va Rublevo-Uspensk shossesidagi koshonaga egalik qilgani haqida xabar topgan. Penthaus 4-4,5 million dollarga baholangan, shossedagi dang‘illama uylar esa 60 million dollargacha turishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2013 yilda O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga qarshi tovlamachilik va soliqdan qochish holatlari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti qizi katta miqdorda davlat va boshqa shaxslar mulkini o‘zlashtirishda ayblanmoqda. U 2001 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan muddatda jinoiy faoliyat yuritgan va davlatdan 2 milliard dollarga yaqin mablag‘ o‘g‘irlagani aytiladi.

2015 yil avgustida sud uni 5 yil muddatga ozodlikdan cheklagan.

2017 yil iyulida Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish tafsilotlarini oshkor qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Fransiya, Rossiya, Latviya va Honkongda Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulklarni aniqlagan. Undan tashqari xorijdagi banklarda millionlab yevro miqdorida mablag‘lar saqlanayotgani aniqlangan.

O‘zbekiston 12 davlatdagi aktivlar miqdorini 1,5 milliard dollarga baholagan. Bosh prokuratura bu davlatlarda aniqlangan mulklarni O‘zbekiston foydasiga musodara qilish haqida so‘rovlar yuborgan.

Mavzuga oid