Lissabondan Singapurga 3 haftada: dunyodagi eng uzun temir yo‘l yo‘nalishi paydo bo‘ldi
Laosning Boten va Ventyan shaharlari o‘rtasida temir yo‘l uchastkasi foydalanishga topshirilishi hisobiga temir yo‘l transporti tarixidagi eng uzun yo‘nalish paydo bo‘ldi. Endilikda Portugaliya poytaxti Lissabondan Singapurgacha bo‘lgan 18,65 ming kilometrlik yo‘lni poyezdda Parij, Moskva va Pekin orqali 3 haftada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi, deb xabar berdi The Times nashri.
Laos uchun ushbu yo‘nalishning oxirgi qismini Xitoy “Bir kamar, bir yo‘l” dasturi doirasida qurib berdi. 414 kmlik yo‘lni qurishga 5 yil vaqt va 6 mlrd dollar sarflangan. Ushbu temir yo‘l qismining paydo bo‘lishi Hindixitoy yarimorolida dengizga chiqishga ega bo‘lmagan yagona davlat – Laos bilan nafaqat bog‘lanish imkoniyatini berdi, balki uning hisobiga dunyodagi eng uzun temir yo‘l yo‘nalishi paydo bo‘ldi.
Ushbu yo‘nalish Portugaliyadan Singapurgacha 13 ta davlat hududidan o‘tadi. Yo‘nalishni Portugaliyaning Lagush shahridan boshlash mumkin. U yerdan poyezdda Lissabongacha, so‘ngra Madridgacha borish, Ispaniya poytaxtidan esa yana boshqa poyezdda Parijgacha va yo‘nalishni shu tariqa davom ettirish mumkin.
Rossiya hududi orqali yo‘nalish Transsibir magistrali orqali o‘tib, so‘ngra Mo‘g‘ulistonni kesib o‘tadi va Xitoy tomon yo‘naladi.
The Times’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, bir poyezddan ikkinchi poyezdga yoki bir vokzaldan ikkinchi vokzalga o‘tish hamda ba’zi shaharlar orasida poyezdlar har kun qatnamasligi va shu sababli kerakli poyezdni kutishga to‘g‘ri kelishini hisobga olsa, butun yo‘nalishni o‘tish uchun 3 hafta vaqt ketadi. Shu bilan birga, yo‘nalishning ba’zi joylarida yuqori shinamlikdagi, ba’zi joylarida esa tezyurar poyezdlarda, yana boshqa joylarida esa, misol uchun Taylanddagi kabi, har bir qishloqda to‘xtaydigan shaharorti poyezdlarida yurishga hamda Taylanddagi 20 kmlik qismni avtobusda bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Xalqaro temir yo‘l tashuvlari bo‘yicha ekspert Mark Smitning ta’kidlashicha, ushbu yo‘nalish talabgir bo‘ladi, biroq ko‘pchilik yo‘lovchilar uni Lagushdan emas, balki Lissabondan yoki hattoki Londondan boshlashni afzal ko‘rishlari mumkin. Yo‘nalishni Londondan boshlovchilar Parijgacha borib, so‘ngra u yerdan yo‘llarini davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
21:37 / 12.11.2024
Portugaliyada Aleksey Navalniy memoriali ochildi. U Rossiya elchixonasi yaqinida joylashgan
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
16:17 / 04.10.2024
Yarim asrda birinchi marta: Singapurda sobiq vazir pora olgani uchun qamaldi
21:05 / 30.09.2024