O‘zbekiston | 22:33 / 06.02.2023
22464
8 daqiqa o‘qiladi

Kollej va texnikumlardagi oyliklar maktablardagi oyliklarga yetkaziladi

Davlat dasturi loyihasidan budjet xodimlarining oyliklari haqidagi rejalar deyarli o‘rin olmagan. Faqat professional ta’lim muassasalaridagi oylik maoshlarni umumta’lim maktablaridagi maoshlarga tenglashtirish nazarda tutilgan. Maktablarda esa 10–11-sinf o‘quvchilari 8 ta majburiy fan bilan birga, 2 ta tanlov fanni tanlashi mumkin bo‘ladi. Sentyabrdan boshlab barcha hududlarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat beriladi.

Foto: Kun.uz

2023 yilgi davlat dasturiga oid farmon loyihasining 8-bandi ta’lim sohasiga taalluqli.

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 apreldan boshlab, professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

Shu sanadan e’tiboran, professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

Professional ta’lim muassasasining yuqori natijalarga erishgan pedagog va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalariga direktor jamg‘armasi hisobidan har oylik 50 foizgacha ustama to‘lash amaliyotini joriy etiladi.

Ushbu maqsadlarga joriy yilda 139 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

  • Avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2023 yilda bog‘chalardagi pedagoglarning maoshlari umumta’lim maktab o‘qituvchilarining lavozim maoshlariga tenglashtirilishini e’lon qilgandi. Lekin bu yangilik davlat dasturi loyihasiga kiritilmagan.

Shuningdek, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Natijada, 76 ta maktabda fransuz tili, 76 tasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy va 3 tasida yapon tillari ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitiladi. Shuningdek, o‘quvchilar 10-sinfdan boshlab 64 ta ishchi kasb, 21 ta sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va “kreativ industriya” yo‘nalishidagi kasblarga o‘rgatiladi. Ushbu jarayonga yoshlar yetakchilari va hududdagi taniqli tadbirkorlar jalb qilinadi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi o‘quv dasturlari amaliyotga kiritiladi. Bunda:

  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1–4 sinflarida o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish;
  • 5–9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish;
  • 10–11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinadi.

Bunda, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini jamoa bo‘lib ishlash, muloqot qilish, kreativ va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalari asosida o‘quvchini mantiqiy fikrlashga, o‘z fikrini ifoda eta olishiga va darslarda erkin muhitni shakllantirishga e’tibor beriladi.

10–11-sinflarda 14 ta majburiy fanlardan haftalik yuklama 31 soatni tashkil etadi. Takomillashtirilgan o‘quv reja asosida 8 ta majburiy fan va 2 ta tanlov fan (kimyo-biologiya, matematika fizika, tarix-huquq, ona tili va adabiyot-chet tili) tanlash imkoniyati yaratiladi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yilda bepul ovqat berish tizimi bilan 2,5 mln nafar o‘quvchi qamrab olinadi. Buning uchun 2,7 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi. 2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida ushbu tizim bilan 273 ming nafar o‘quvchi qamrab olingan.

Maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida, 2023 yil 1 apreldan boshlab:

  • yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherikka ushbu binoni mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yishga oid cheklovlar bekor qilinadi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual ta’lim shakli bo‘yicha ham ajratiladi. Joriy yilda dual ta’lim shakli bo‘yicha davlat granti asosida kamida 5,7 ming nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Dual ta’lim shaklida o‘quvchi professional ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni oladi va bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarish korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi (Germaniya, Shveytsariya, Avstriya tajribasi).

2023 yil 1 sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Yevropa kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash tizimi talablariga to‘liq javob beradigan 1 tadan namunaviy professional ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Namunaviy profta’lim muassasalari Yevropa Ittifoqi Komissiyasi, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), KFV banki, Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasini, Koreyaning “YeDsF” fondi bilan birgalikda tashkil etiladi.

Ushbu muassasalar faoliyatiga zamonaviy standartlarni joriy qilish uchun ularga o‘quv reja va dasturlarni, ta’lim shakli va muddatini mustaqil belgilashga ruxsat etiladi. Shuningdek, har bitta muassasaga 4 nafardan xorijiy ekspert jalb etiladi.

Nodavlat ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, sohada litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida 2023 yil 1 avgustga qadar:

  • nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil qilishda ularning elektron kutubxonasi, axborot-resurs markazlari, o‘qituvchilarning toifalari, bir sinfda ta’lim oluvchilarning maksimal soniga qo‘yilgan talablar yengillashtiriladi;
  • nodavlat ta’lim tashkilotlariga sport zali va talabalar dam olish joylarini ularga ijara va bepul foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan binolarda ham tashkil etishga ruxsat beriladi.

Natijada, ortiqcha va asossiz cheklovlar bekor qilinishiga erishiladi va xususiy maktablar soni hozirgi 334 tadan (umumiy ulushning 3 foizidan) sezilarli oshiriladi.

Masalan, hozirgi talablar bo‘yicha litsenziya talablariga muvofiq xususiy maktablarni tashkil qilish uchun:

  • bitta sinfdagi ta’lim oluvchilarning maksimal soni 1–4-sinflarda – 20 nafardan, 5–9-sinflarda – 24 nafardan, 10–11-sinflarda – 20 nafardan oshmasligi lozim. Davlat maktablari uchun bu talab 30 nafarni tashkil qiladi;
  • kamida 30 ta kompyuter texnikasi bilan jihozlangan elektron kutubxonasi, kamida 5 ta kompyuter texnikasi, skaner va nusxa ko‘chirish apparati bilan jihozlangan axborot-resurs markazi, o‘z stadioni (o‘yin maydoni) va dam olish joylari bo‘lishi kerak;
  • o‘qituvchilarning 30 foizi – mutaxassislar, 30 foizi – ikkinchi, 30 foizi – birinchi va 20 foizi – oliy malaka toifali bo‘lishi lozim. 

Mavzuga oid