Jahon | 10:11 / 28.06.2023
16254
7 daqiqa o‘qiladi

Germaniya mehnat migratsiyasini radikal yengillashtirmoqda: xorijliklar uchun qanday plyuslar bor?

Germaniyaga turistik vizalar olish amalda qiyinligiga qaramasdan, mehnat vizalarini berish hamon davom etmoqda. Chunki tub aholisi tobora qarib borayotgan nemislar millionlab yangi «qo‘llar» va «miyalar»ga katta ehtiyoj sezmoqda.

Aldi diskaunterida mahsulotlarini yuklash. Foto: Global Look Press

23 iyun kuni Germaniya parlamenti Bundestag 2020 yili qabul qilingan qonunga o‘zgartirishlar kiritdi va mamlakatga yangi ishchilar kirib kelishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi.

Birinchi va asosiy o‘zgarish Germaniyada ish izlash va topish imkoniyati nafaqat Yevropa Ittifoqi davlatlariga, boshqa mamlakatlar fuqarolariga ham taqdim etiladi. Ikkinchisi — gap faqat yuqori malakali mutaxassislar haqida emas, boshqa ko‘plab kasb egalari haqida bormoqda. Uchinchisi — yangi qonunga ko‘ra, ishlash uchun legallashtirishga shu paytgacha ko‘plab mamlakatlarda bu huquqdan mahrum etilganlar: turistlar, qochqinlar, malakasi yoki diplomi tasdiqlanmagan mutaxassislar ham da’vogarlik qilishi mumkin.

Boshpana so‘raganlar uchun ishchi viza berish masalasi eng katta bahslarga sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, bu yerda bir qator shartlar bor: boshpana so‘rash uchun ariza 2023 yilning 29 martidan (o‘zgartirishlar muhokama qilina boshlangan kundan) kech topshirilgan bo‘lmasligi kerak, mamlakatda o‘z statusini o‘zgartirishga qaror qilgan da’vogarlar Germaniyaga kirib kelishi mumkin bo‘lgan potensial mehnat migrantlariga xos barcha mezonlarga javob berishlari kerak.

Bu mezonlar u qadar qat’iy emas va bu o‘ta ahamiyatli o‘zgarishdir.

Xususan, endi mehnat migranti o‘z vatanida olgan u yoki bu malakaga egaligi to‘g‘risidagi guvohnomani tasdiqlash talab etilmaydi (Germaniyada bu juda uzoq va murakkab jarayon edi). O‘z mutaxassisligi bo‘yicha ikki yil ish stajiga ega bo‘lsa bas. Boz ustiga, agar diplomda bir mutaxassislik yozilgan bo‘lib, odam boshqa mutaxassislik bilan shug‘ullangan bo‘lsa, aynan qaysi mutaxassislik bo‘yicha qancha muddat ishlagani inobatga olinadi.

Ay-tichilar umuman diplom haqida qayg‘urmasa ham bo‘ladi — malakali mutaxasslar uchun Blue Card oliy ma’lumotsiz, shunchaki IT-sohada qancha ish stajiga egaligiga qarab ham beriladi.

Mezonlar shunchalik yumshatilganiga qaramasdan Blue Card’ga d’vo qilolmaydigan barcha mutaxasslar ham ko‘p qayg‘urmasa bo‘ladi. Ular uchun Avstraliya, Kanada va Yangi Zelandiyadagi kabi ballik tizimga asoslangan «Imkoniyatlar kartasi» ishlab chiqilgan. Tizim insonning yoshi, mutaxassisligi, oila a’zolarining salohiyati, nemis va ingliz tillarini bilishi, Germaniya bilan aloqalarini inobatga oladi. «Imkoniyatlar kartasi»ga ega bo‘lish uchun kamida 12 ball to‘plash kifoya.

Na Blue Card, na «Imkoniyatlar kartasi» olish uchun potensial ish beruvchi mavjud bo‘lishi shart qilib belgilanmagan — asosiysi bir yil ichida ishga joylashish. Darvoqe, «Imkoniyatlar kartasi» bilan bu muddat ichida haftasiga 20 soat yollanma ishchi bo‘lib ishlash va uni ikki yilga uzaytirish mumkin.

Blue Card uchun da’vogarlarga boshqa yengilliklar ham berilgan. Uni qo‘lga kiritish uchun maosh miqdori oyiga 3500 yevrogacha pasaytirilgan, ishlash uchun diplomlarni tan olish jarayoni zarur bo‘lsa, uni keyin ham o‘tkazishga ruxsat berilmoqda. Germaniyada olingan birinchi status buyicha olingan dastlabki mutaxassislik bo‘yicha emas, boshqa mutaxassislik bo‘yicha ishlashga ham ruxsat etilmoqda. Blue Card sohiblariga o‘zlari bilan nafaqat farzandlari, agar yuqori malakali xorijiy mutaxassisning maoshi boqishga yetsa, qariya ota-onasini olib kelishga ham ruxsat berilmoqda.

Xorijiy talabalar uchun moliyaviy talablarni pasaytirishgan, asosiysi — nemis talabalari bilan bir qatorda o‘qish vaqtida qo‘shimcha ish bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmoqda.

Mutaxassislar mamlakatga kirib kelishi uchun boshqa ko‘plab davlatlar ham qulay shart-sharoitlar hozirlamoqda. Sababi umumiy — jahonda texnologik poyga boshlangan, ushbu poygada g‘olib chiqqanlar ushbu asrda dunyoda yetakchilik qilishadi. Poygada yutish uchun mamlakatga «miya»larni jalb qilish zaruriyatga aylangan — o‘zining iqtidorlari hech qachon hech qayerda yetmaydi.

Biroq ko‘plab davlatlarda, ayniqsa Yevropa davlatlarida «oltin miya»lardan tashqari «oltin qo‘llar» ham kerak.

Gap mamlakat aholisining qarib borayotgani (yevropaliklar uzoq yashab kam farzand ko‘rishadi), tub aholining (asosan yosh va malakali insonlarning) emigratsiyasi bilan ham bog‘liq.

Germaniyada o‘tgan yil oxiriga kelib 1,98 mln vakansiya to‘lmasdan qolib ketgan. Ayniqsa sog‘liqni saqlash sohasida (avvalo o‘rta va kichik personalda), qariyalarni parvarishlash sohasida, bolalar bog‘chasida, xizmatlar va hunarmandchilik, transport va qurilishda kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Bu sohaga mahalliy aholi og‘ir ish va kam maosh, kariyera istiqboli yo‘qligi tufayli istamaygina borishadi. 2021 yilda Germaniyaning 65 yoshdan oshgan aholisi soni 22 foizga yetgan va mamlakat aholisining qartayib borish tendensiyasi davom etmoqda. Bu insonlar nafaqat mehnat qilish sohasidan chiqib ketishmoqda, ularning ko‘pchiligiga parvarish va tibbiy yordam kerak, ya’ni bu sohaga qo‘shimcha ishchi kuchlari kerak.

Bir vaqtning o‘zida 2022 yilda Germaniya aholisi rekord darajada o‘sgan — 1,3 foiz yoki 1,1 million kishiga. Albatta, bunga asosan Ukrainadan kelgan qochqinlar sabab bo‘lgan. Qonunga ko‘ra qochqinlar ishlashi mumkin emas (ukrainaliklardan tashqari). Paradoks vaziyat yuzaga kelgan: mamlakat ulkan miqdorda yosh va sog‘lom insonlarni qabul qilib, ularga nafaqa to‘lamoqda, ishlayotgan mehnat migrantlarining ulushi esa bor-yo‘g‘i 4 foizni tashkil etadi. Yangi qonun bu dilemmani yechishga qaratilgan.

Qayd etish joizki, Germaniya butunjahon ishchi kuchini jalb qilish tomon yo‘l solgan. O‘tgan juma kuni o‘zgartirishlar kiritilgan 2020 yilgi qonun o‘z navbatida Yevropa Ittifoqidan tashqaridan Germaniyaga yuqori malakali mutaxassislar kirib kelishini sezilarli darajada yengillashtirgan. 2022 yilning 31 dekabridan boshlab deportatsiya qilinish muddati surilganlar ham Germaniyada joylashishiga izn beruvchi qonun kuchga kirgan.

Xuddi shundan tendensiyalar boshqa davlatlarda ham kuzatilmoqda. Bu aslo xayriya, tantiqlik yoki xato emas. Yuqorida zkir etilganidan bu qo‘llar va miyalarni zabt etish uchun olib borilayotgan «jang»ning bir qismi.

Mavzuga oid