Suhbat davomida tomonlar qonuniy migratsiyani rivojlantirish, BAA hududida mehnat faoliyatini yuritayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq holatlar yuzasidan fikr almashdi. Abdulla al-Nuaymi Amirliklarda joriy etilgan mehnat tizimi hamda xorijiy ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, ishlash uchun taklifnoma bilan kelgan barcha fuqarolarning huquqlari vazirlik tomonidan to‘liq nazorat qilinishi, oylik maoshlarning o‘z vaqtida to‘lanishi ta’minlanishi asosiy masala ekani ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston aholisining katta qismini yoshlar tashkil etishini inobatga olgan holda, mamlakatning malakali kadrlariga ehtiyoj alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ish haqini himoya qilish tizimi, inspeksiya nazorati va raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish maqsadida o‘quv seminarlarini tashkil etish, BAA mehnat tizimi tajribasini o‘rtoqlashish uchun o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan onlayn muloqotlar o‘tkazish, shuningdek, rekruting kompaniyalari orqali Amirliklarda ishlayotgan vatandoshlar sonini oshirishga qaratilgan qo‘shma choralarni faollashtirish bo‘yicha kelishib oldi.















