Jamiyat | 20:31 / 18.02.2020
90375
9 daqiqa o‘qiladi

Oltinsoy voqeasi: Mahalliy aholi nimadan tahlikada va nimadan umidvor?

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanining «Xalqobod» mahallasida fermer xo‘jaligiga ajratilgan yer maydonida noqonuniy turarjoylar barpo etgan fuqarolar va huquq-tartibot organlari o‘rtasidagi mojaro katta shov-shuv keltirib chiqardi.

Foto: Skrinshot / You Tube

Mojaro yuzasidan ketma-ket ravishda IIV, bosh prokuratura va Surxondaryo viloyati hokimligining rasmiy munosabatlari e'lon qilindi. Bayonotlarda fuqarolarning yer uchastkasini noqonuniy egallashgani, 14 fevral kuni yuz bergan janjal natijasida ikki nafar ichki ishlar organi xodimlariga tan jarohati yetkazilganiga urg‘u qaratildi.

Kim haqligi borasida jamoatchilik fikri ikkiga bo‘lingan. Ushbu bahsli masala yuzasidan deputatlar, partiya rahbarlari ham o‘z pozitsiyalarini ma'lum qilishmoqda.

Lekin mahalliy fuqarolar tomonidan olingan tasvirlarda xalqobodliklardan biri qonga belanib yotganini ko‘rish mumkin. Tartib posbonlari keksa kishini sudrashgani ham aytilgan. Rasmiy munosabatlarda bu savolga oydinlik kiritilmagan.

Xalqobodda nima bo‘lgandi o‘zi? Kun.uz muxbirlari vaziyatga oydinlik kiritish va rasmiy munosabatlarda tilga olinmagan jihatlarni o‘rganish uchun Oltinsoyda bo‘ldi.

Xalqobod mahallasi juda katta. Bu yerda yashovchilarning ota-bobosi o‘tgan asrning 50-yillarida tog‘dan tushib kelib, shu adirliklarni obod qilib, makon tutishgan. Hozir bu maskanda 10 mingdan ziyod kishi istiqomat qiladi. Bu yerdagi aholi uchun ikkita maktab bor. O‘qitish o‘zbek va tojik tillarida olib boriladi.

Qishloqdoshlar fermer yerida uy qurgan 5 yosh oila bu ishga noilojlikdan qo‘l urganini aytishmoqda. Aytishlaricha, bitta xo‘jalikda bir necha oila siqilib yashagan, shuning uchun alohida ro‘zg‘or qilib chiqishga majbur bo‘lishgan.

Uyi buzilishi mo‘ljallanayotgan yosh oila intervyu chog‘ida yer uchastkasi fermerdan 2008 yilda olingani, uy esa 2017 yilda qurilganini da'vo qilishdi.

Botir Muhammadiyev va Sunbula Davlatova

Botir Muhammadiyev va Sunbula Davlatova 2012 yilda turmush qurishgan. Da'voga ko‘ra, yerni Botir Muhammadiyevning otasiga fermer bergan. Ko‘p yillar ekin-tikin  qilib foydalanib kelishgan. Biroq yerga egalik qilish uchun birorta hujjat berilmagan.

Ular 2018 yilda ham shu joyda uy qurishga urinib, poydevor o‘rnatishganida, betonlar mas'ullar tomonidan buzib tashlangan.

Turli munosabatlar va chiqishlarda aholi bu noqonuniy uylarni hujjatlashtirib olishga urinish uchun tezlikda qurgani, bu uylar vaqtinchalik uylar ekani ta'kidlanmoqda. Lekin bu xonadon egalari bu yerda ancha vaqtdan beri istiqomat qilib kelishayotganini aytishmoqda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, buziladigan bu uylar uchun rasmiylar boshqa joydan yer taklif qilishmagan, faqat tumanda qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan sotib olishnigina tavsiya qilishgan.

Noqonuniy qurilgan deb topilgan va buzilishi kerak bo‘lgan 5ta uydan biri Mehriniso Sattorovaning o‘g‘liga tegishli. Onaxonning aytishicha, o‘g‘li ikki yildan beri Rossiyada. Lekin IIB ma'lumotnomasida uning nomi ham mojaro vaqtida qarshilik ko‘rsatganlar orasida sanab o‘tilgan.

Mehriniso Sattorova

Gugl xaritasi arxiviga e'tibor bersak, 2018 yil iyul oyida ham yer maydoni egallanmaganiga guvoh bo‘lamiz. Bu yerda hech qanday qurilma yo‘q. Uzoq 2012 yilda ham bu yerlar dala bo‘lganini xaritadan ko‘rish mumkin. Xulosa qilish mumkinki, uylar 2018 yil oxirida va 2019 yil boshlarida qurilgan.

O‘sha kuni janjal qanday yuz berdi?

Voqea guvohlaridan biri G‘affor Mirzoyevning hikoya qilishicha, 8 fevral kuni ishchi guruh tomonidan turar joylar buzilishi haqida ogohlantirish berilgach, qishloq ahli 14 fevral kuni avtobus aytib, tuman markaziga — tuman hokimi bilan uchrashib, masalani muhokama qilish uchun bormoqchi bo‘lib turishgan.

G‘affor Mirzoyev

Mirzoyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni soat 13:00lar atrofida ichki ishlar organlari xodimlari uylarni buzish uchun texnika olib kelishgan, lekin aholining qarshiligi tufayli qaytib ketishgan. Keyin 1 soatlar o‘tib ko‘pchilik bo‘lib qaytishgan. Ularning orasida formadagilar ham, fuqaro kiyimidagilar ham bo‘lgan. Orada janjal boshlangan.

G‘affor Mirzoyev ham 2008 yilda shu yer shaxsiy tomorqa uchun zaxira qilinganini aytib, 5ta xo‘jalikka mas'ullar hujjat qilib bermaganini ta'kidladi.

Ichki ishlar organi vakillari shu yerda uy qurgan oilalardan birining vakili bo‘lmish Zargul Xolmurodovani homilador bo‘lishiga qaramasdan, sudrab avtobusga olib chiqishgan.

Zargul Xolmurodova

IIB xodimlari sudraganda Xolmurodovaning tizzalari shilinib ketgani aytilmoqda.

Umuman, o‘sha kuni qishloq ahli tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilishganda ularni qabul qilishmagan. O‘sha kungi videolarda boshidan jarohat olgan Ilhom Muhammadiyev ham Termiz shahridagi shifoxonaga olib borib yotqizilgan.

O‘sha kuni tuman ichki ishlar bo‘limiga avtobusda to‘rt nafar yosh yigit va shu kelinchak Zargul Xolmurodovani olib ketishgan. Faqatgina homilador ekanligini aytganidan so‘ng, yo‘lning yarmida uni avtobusdan tushirib qoldirishgan. Avtobusda maktab o‘quvchilari ham bo‘lgan. Oilalar o‘tgan kunlar davomida faqat janjal xavfi bilan tahlikada yashab kelishgan.

Qishloq ahli yerlardan 2008 yildan buyon foydalanib kelinayotganini aytishmoqda. Shu bilan birgalikda, qo‘llarida hech qanday hujjat yo‘qligini tan olishmoqda. Qishloqda faqat mana shu 5 xonadon noqonuniy qurilmalar uchun e'lon qilingan «prezident amnistiyasi»ga tushmay qolgan.

Bu esa uylar amnistiyaga ildirish uchun shoshilinch qurilgani haqida taxminlar paydo qiladi.

Ular nega bunday noqonuniy tarzda shoshilinch uy qurib olishganini oilaviy ahvollari tangligi, turar joyga muhtojlik bilan tushuntirishdi.

Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ishchi guruh hech qanday sud qarorisiz, kuch ishlatib, ularning mehnat sarflab qurgan uylarini buzishga harakat qilgani odamlarni junbushga keltirgan.

Mahalliy aholi mas'ullarning tashrifidan yurak oldirgan. Bu yerga viloyat hokimi To‘ra Bobolov ham kelib, aybdorlarga chora ko‘rilishini aytib o‘tgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Viloyat hokimi bunday holatga sabab bo‘lganlarning u xoh davlat hokimiyati organi vakili bo‘lsin, xoh oddiy fuqaro — ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, albatta qonuniy chora ko‘rilishini aytib o‘tdi. Shuningdek, uy-joyga muhtoj bu oilalarga qishloqning boshqa joyidan yer ajratib berilishi haqida topshiriq berilganini aytdi.

Chindan ham, xalqobodliklarning aytishicha, faqatgina viloyat hokimi To‘ra Bobolovning tashrifidan so‘ng, bu masalada ularni hech kim tashvishga solmayapti, ya'ni quloqlari biroz tinchigan.

«Xalqobod»dagilar bu voqea butun respublikada katta rezonans keltirib chiqarganini tushunib turishibdi.

«Agar shunday bo‘lishini bilganimda bu yerga uy qurmasdim», deydi Mehriniso Sattorova.

Endi do‘ppini olib bir o‘ylab ko‘raylik. Vaziyat oddiy emas. Fermerga tegishli sug‘oriladigan yer noqonuniy egallangan. Bunday holatlarga indamay qarab turib ham bo‘lmaydi. Chora ko‘rilmasligi, jazo ta'minlanmasligi kelgusida yana noqonuniy yer egallashlar ko‘payishiga olib kelmaydimi?

O‘z xizmat vazifasini olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga fuqarolar tomonidan tajovuz qilinishini jazosiz qoldirish haqida ham shunday deyish mumkin.

Keyin, mahalliy aholining huzuriga kelib, quruqdan quruq do‘q-po‘pisa qilish ham mana shunday xunuk oqibatlarga olib kelishi barcha uchun dars bo‘lishi kerak. Bunday masalalarning barchasi huquqiy maydonda hal etilishi lozim. Dalada emas! Masalan, o‘sha noqonuniy joylashib olgan xalqobodliklar sud qaroriga asosan yer uchastkasida majburiy tarzda chiqarilganda gap-so‘zlar kamroq bo‘lar edi. Balkim bo‘lmas ham edi.

Xullas, Oltinsoydagi bu qishloq aholisi ushbu chigal vaziyat tezroq bir tomonga yechilishini, hal bo‘lganda ham imkon qadar o‘zlari uchun manfaatli tomonga hal bo‘lishini istashadi.

Ko‘ramiz, viloyat va tuman rasmiylari bunga qanday yechim topishar ekan? Kelgusida shunday holatlar boshqa biror joyda takrorlanmasligi uchun ham mojaro kelib chiqishiga yo‘l qo‘ygan aybdorlarga albatta qonuniy chora ko‘rilishi kerak.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzuga oid