Sog‘lom hayot | 16:11 / 23.09.2025
10131
10 daqiqa o‘qiladi

Toshkent havosi yana eng iflos: sabab, oqibat va himoya choralari

Havo sifatini monitoring qiluvchi xalqaro IQAir portali 22 sentabr kuni bir muddat Toshkentni dunyoning eng havosi iflos shahri sifatida qayd etdi. Xo‘sh, poytaxt havosi chindan ham xavfli toifaga chiqdimi, ifloslanishga nima sabab bo‘ldi? Odamlar bunday chang ob-havoda sog‘lig‘ini qanday himoya qilishi kerak? Kun.uz shu kabi savollarga javob olish uchun mutaxassislarga yuzlandi.

Foto: Kun.uz

So‘nggi yillarda Toshkent dunyoning havosi eng iflos shaharlari qatoridan joy olib kelmoqda. Bu poytaxt hayoti uchun katta ekologik muammolardan biriga aylanyapti.

Sabablar

Poytaxt havosining ifloslanishiga bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda. Eng asosiy manba – transport vositalaridan chiqadigan tutun va chiqindi gazlar. Poytaxtda mashinalar sonining yildan yilga ortishi havoga zararli moddalar chiqarilishini keskin kuchaytirgan. Qish mavsumida esa aholi va korxonalar tomonidan ko‘mir yoki past sifatli yoqilg‘idan foydalanish muammo ustiga muammo qo‘shadi. Qurilish maydonlaridagi chang-g‘ubor, yashil hududlarning qisqarishi, sanoat korxonalarining chiqindilari ham umumiy fonni yanada og‘irlashtiradi.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovga ko‘ra, Toshkentda 22-23 sentabr kunlari kuzatilayotgan havo ifloslanishi atmosfera oqimlarining almashinishi oqibatida ro‘y bermoqda. Uning aytishicha, ushbu davrda havoda chang zarrachalari ko‘payadi va bu tabiiy havo ifloslanishi hisoblanadi. Antisiklon sharoitida tongda va kechqurun havodagi chang miqdori ortishi mumkin.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, joriy yil bahorining so‘nggi oyi va butun boshli yoz oylari o‘tgan yilgi shu davrga nisbatan juda issiq va favqulodda quruq bo‘ldi. Hatto, poytaxtda, masalan, so‘nggi to‘rt oyda yerni ho‘l qiluvchi yomg‘ir yog‘madi. Mazkur holat butun mintaqada shu kabi tamoyil bilan kuzatildi.

Mintaqaga navbatdagi sovuq havo oqimlari kirib kelishi davomli frontold shamollarni keltirib chiqardi, bu esa ayrim hududlarda chang to‘zoni va chang bo‘ronlariga sabab bo‘ldi. Navbatdagi sovuq antitsiklonning 21–22 sentabr kunlari mintaqaga kirib kelishi natijasida respublikaning ko‘plab hududlarida chang bo‘ronlari kuzatildi. Xususan, 21 sentabr kuni voha va respublika markazlarida katta masshtabli chang bo‘ronlari sodir bo‘ldi, havoda mayda RM2.5 va RM10 zarrachalari miqdori keskin ortdi.

22 sentabr kuni Kaspiy dengizi orqali kirib kelgan noodatiy antitsiklonning sharqiy qismi frontold shamollar tufayli Qizilqum sharqi, Aydarko‘l ko‘llar tizimi va Jizzax g‘arbiy hududlarida ko‘tarilgan chang havo g‘arbga yo‘naldi. Shu kuni ikkinchi yarim kunida ayni yo‘nalishdagi shamol Chordara suv ombori atrofida shimolga burildi. Ushbu chang massasi Toshkentga soat 15:00 da yetib keldi. Kechki paytgacha, soat 19:00 gacha, poytaxt janubi-g‘arbidan chang oqimlari kirib kelishi davom etdi.

Toshkent xalqaro aeroportida soat 18:30 da ko‘rinish masofasi 4000 metrgacha pasaygan g‘ubor hodisasi qayd etildi. Joriy chang havo miqdori 2021 yil 4 noyabrdagi darajadan ancha past bo‘lsa-da, O‘zgidrometning poytaxt turli hududlariga o‘rnatilgan avtomat stansionar stansiyalari RM2.5 mayda zarrachalari miqdori ruxsat etilgan milliy standartdan 5–6 barobar oshganini qayd etdi”, – deydi Erkin Abdulahatov.

Iqlimshunosning ta’kidlashicha, prognozlar bo‘yicha antitsiklon ta’siri respublikada payshanba kuniga qadar davom etadi. Garchi keyingi kunlarda chang bilan bog‘liq vaziyat masalan poytaxtda bugungidek bo‘lmasa-da, ammo ushbu havo oqimi ta’sirida tonggi va kechki muddatlarda havo sifati biroz yomonlashadi. Payshanba kunidan boshlab boshqa havo oqimining mintaqaga kirib kelishi vaziyatlarni ancha barqarorlashtiradi.

Oqibat

Tibbiyot fanlari nomzodi, pediatr, pulmonolog Fotima Xoltayevaning aytishicha, bunday havo, eng avvalo, insonning nafas yo‘llariga kuchli zarar yetkazadi. Havodagi mayda zarrachalar (PM₂.₅) o‘pkaga chuqur kirib, bronx va alveolalarga joylashadi, ular esa tabiiy tozalanish imkoniyatiga ega emas. Buning natijasida astma, bronxit, surunkali yo‘tal kabi kasalliklar yuzaga keladi.

Ammo muammo faqatgina o‘pka bilan cheklanmaydi. Havodagi zarrachalar qon oqimiga o‘tib, butun organizm bo‘ylab tarqaladi. Bu esa yurak-qon tomir tizimini ham zararlaydi. Qon tomirlar torayadi, qon aylanishi buziladi va natijada yuqori qon bosimi, yurak xurujlari, insult va infarkt xavfi sezilarli darajada oshadi.

Bolalar va homilador ayollar eng zaif guruh hisoblanadi. Chunki bolalar organizmi hali rivojlanish bosqichida bo‘lib, iflos havo ularning immunitetini zaiflashtiradi, o‘pka hajmini cheklaydi va kelajakda jismoniy rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Homilador ayollar uchun esa iflos havo erta tug‘uruq xavfini oshirishi, chaqaloqlar past vaznda tug‘ilishiga sabab bo‘lishi ilmiy tadqiqotlarda isbotlangan.

Iflos havo faqat jiddiy kasalliklar emas, kundalik hayot sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bir qarashda oddiy tuyuladigan charchoq, uyqusizlik, bosh og‘rig‘i, diqqatni jamlay olmaslik kabi belgilar aslida havodagi zarrachalarning organizmga ta’siri natijasida yuzaga kelishi mumkin. O‘quvchilarning darslarga e’tiborini jamlay olmasligi, ishchilar unumdorligining pasayishi, odamlarning tez-tez kayfiyati tushishi – bularning bari yashirin, ammo jiddiy oqibatlardandir”, – deydi shifokor.

Himoya choralari

Havo ifloslanishi kundalik hayotimizdagi ajralmas muammoga aylanyapti. Uni to‘liq chetlab o‘tishning iloji yo‘q, biroq o‘zimizni va yaqinlarimizni salbiy oqibatlardan himoya qilish imkoni mavjud. Gap katta mablag‘ yoki murakkab texnologiyalar haqida emas — oddiy, samarali va muntazam odatlar haqida ketmoqda.

Avvalo, tashqariga chiqish vaqtini to‘g‘ri tanlash kerak. Havo eng ko‘p iflos bo‘ladigan soatlar tonggi tirbandlik va kechqurun mashinalar ko‘payadigan payt hisoblanadi. Shu vaqtlarda ko‘chada uzoq qolmaslik, ayniqsa, yugurish yoki tez yurish kabi jismoniy faollikni cheklash zarur. Chunki tez nafas olayotganda zararli zarrachalar o‘pkaga chuqurroq kiradi.

Ikkinchi muhim chora — niqob. Oddiy mato yoki tibbiy niqob ko‘p hollarda changni ham to‘liq ushlay olmaydi. N95 yoki unga teng himoya darajasidagi niqoblar havodagi zararli zarralarni ko‘proq to‘sadi.

Uy sharoitida ham ehtiyot choralarini ko‘rish lozim. Derazalarni shamollatishda vaqtni to‘g‘ri tanlash kerak: saharda yoki yomg‘irdan keyin atmosfera ancha soflashgan bo‘ladi. Havo tozalagich qurilmalari chang, allergen va zararli zarralarni kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, uyda namlikni me’yorda saqlash, polni nam mato bilan tez-tez artish samarali usullardandir.

Organizmni ichki tomondan mustahkamlash ham katta ahamiyatga ega. Antioksidantlarga boy ovqatlar: yangi sabzavot va mevalar, ko‘katlar, yong‘oqlar va baliq kabi mahsulotlar hujayralarni erkin radikallardan himoya qilib, immunitetni mustahkamlaydi. Toza suv ichish, muntazam jismoniy faollik va uyqu rejimini tartibga solish ham iflos havoga nisbatan chidamlilikni oshiradi.

Bolalar va homilador ayollar eng zaif guruh sanaladi. Shu sababdan ota-onalar farzandlarini imkon qadar yopiq joylarda o‘ynashga yo‘naltirishi, maktab va bog‘chalarda esa havo sifati kuzatilib turishi muhim.

Kimlar ko‘proq ehtiyot bo‘lishi kerak?

Atrof-muhitdagi havo ifloslanishi, eng avvalo, nafas yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklardan aziyat chekuvchilar uchun katta xavf tug‘diradi. Astma va bronxitga chalingan bemorlarda havodagi mayda zarrachalar nafas yo‘llarini qo‘zg‘atib, xurujlarni kuchaytiradi. Shuningdek, allergiyaga moyil odamlarda tumov, ko‘z qichishi, teri qizarishi yoki nafas qiyinlashishi kabi alomatlar tezroq paydo bo‘ladi. Hatto, ayrim teri kasalliklari (atopik dermatit, ekzema) ham havo iflos bo‘lgan paytlarda kuchayishi mumkin.

Shunday sharoitda bu toifadagi bemorlarga quyidagilar tavsiya qilinadi:

  • Niqob taqish: astmatik va allergik bemorlar oddiy niqobdan ko‘ra, N95 yoki yuqori filtrlovchi darajadagi niqobdan foydalanishlari lozim. Bu mayda zarrachalarning katta qismini ushlab qoladi.
  • Ingalyator va dori-darmonni yaqinda saqlash: astma bilan og‘rigan bemorlar uchun ingalyator har doim qo‘l ostida bo‘lishi shart. Allergiya va teri kasalliklari bilan og‘riganlar esa shifokor belgilagan dori-darmonlarni uzluksiz qabul qilishlari zarur.
  • Ochiq havodan ehtiyotkorroq bo‘lish: havo iflos bo‘lgan soatlarda (ertalab va kechqurun) tashqarida ko‘p yurmaslik. Zarur bo‘lganda esa niqob taqib yurish va kam harakatlanish muhim.
  • Uyda xavo tozalash: havo tozalagich qurilmalar, havo namlagichlari, nam mato bilan tozalash allergiya va astma alomatlarini yengillashtirishi mumkin.
  • Oziqlanish va immunitet: ko‘p suv ichish, vitamin C va E’ga boy mahsulotlar foyda beradi.
  • Shifokor nazorati: bunday bemorlar profilaktika uchun ham shifokor ko‘rigidan muntazam o‘tib turishlari zarur.

Diyoraxon Nabijonova,
Kun.uz

Mavzuga oid