O‘zbekiston | 13:34 / 08.04.2021
4209
4 daqiqa o‘qiladi

Telekanallarga seriallar ishlab chiqarish uchun 1 mln dollar ajratiladi

“Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni e’lon qilindi.

Milliy seriallar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun respublika miqyosida faoliyat yurituvchi telekanallarga Kinematografiya agentligi tomonidan har yili 12 milliard so‘mdan (1,14 mln dollar - tah.) kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya mablag‘lari ajratiladi.

Bunda:

  • subsidiya olish uchun talabgor telekanal serial ijodiy loyihasini agentlikka taqdim etadi;
  • agentlik Badiiy kengashi serialning mazmun-mohiyati, mavzusi, telekanal auditoriyasi va reytingini hisobga olgan holda subsidiya mablag‘lari ajratiladigan telekanallarni aniqlaydi;
  • subsidiya oluvchi telekanal seriallar budjetining kamida 50 foizini o‘z mablag‘lari hisobidan qoplashi lozim.

Agentlik uch oy muddatda milliy seriallar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini aniqlagan holda davlat dasturini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida hujjatli va xronikal filmlar ishlab chiqarish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • faoliyatida dolzarb islohotlar amalga oshirilayotgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari ro‘yxati hamda filmlarni moliyalashtirish manbalari har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
  • ushbu ro‘yxat va unga kiritilgan filmlarni tasvirga olish uchun zarur mablag‘lar Markazga yo‘naltiriladi;
  • markaz hujjatli va xronikal filmlar ishlab chiqarishni ochiq tanlov asosida tashkil etadi.

Audiovizual asarlar (kino, serial, multfilm, hujjatli film, teleko‘rsatuv) yaratishda respublika hududida amalga oshirilgan xarajatlar bir qismini davlat budjeti hisobidan qoplab berish (“rebate”) bo‘yicha quyidagi tartib joriy etiladi:

a) xorijiy kinokompaniyalar uchun, agar xarajatlar summasi:

  • 3 milliard so‘mgacha bo‘lsa – 10 foiz, biroq bitta film uchun 250 million so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • 3 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mgacha bo‘lsa – 15 foiz, biroq bitta film uchun 650 million so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lsa – 20 foiz, biroq bitta film uchun 1,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lsa – 25 foiz, biroq bitta film uchun 3 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda qoplab beriladi;

b) mahalliy kinokompaniyalarga ular tomonidan film ishlab chiqarishda to‘langan soliq summasining 50 foizi hisobot yili yakuniga ko‘ra qaytarib beriladi.

Belgilanishicha:

  • mazkur bandning “a” kichik bandida belgilangan kompensatsiyalar respublika budjetidan to‘lab beriladi va bu maqsadlar uchun har yili 20 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi;
  • mazkur bandning “b” kichik bandi ssenariysi agentlik bilan kelishilgan holda ishlab chiqarilgan mahalliy audiovizual asarlarga nisbatan qo‘llaniladi;
  • mazkur band davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan filmlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan oldin, «O‘zbekkino» milliy agentligi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid