Jamiyat | 10:36 / 03.05.2021
24391
16 daqiqa o‘qiladi

Islohot formulasi. Tuzalishga yeng shimargan mamlakat uchun birinchi navbatda nimalar muhim?

Islohot istovchi mamlakatlar uchun tayyor tajribalar bor. Lekin bu bilimlar to‘g‘ri qo‘llanmasa, islohotlarga qarshi bo‘luvchilar turli bahonalar bilan islohotlarni noma'lum muddatga ortga surib yuborishi, vaqt boy berilishi, yana bir avlod umri zoye ketishi mumkin.

Foto: Illyustratsiya/BMT TD

Avvalida nochor ahvolda bo‘lgan ba'zi davlatlar qanday qilib ishlarini o‘nglab, qisqa davrda (20-30 yil ichida) eng kuchli davlatlar qatoriga qo‘shilib olishadi?  

Bir qarashda bu savolga javob berish uchun ular amalga oshirgan ko‘plab islohotlarni, uzundan uzun tafsilotlarni sanab o‘tish kerak. Biroq, boshqa yo‘l ham bor – bir necha asosiy omilni tilga olish bilan samarali islohotlar sirini anglab olish, muvaffaqiyat formulasini ko‘z oldiga keltirish mumkin.

Avvalo shuni aytish kerakki, muvaffaqiyatli islohotlarda to‘g‘ri tadrij – qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning to‘g‘ri ketma-ketligi bo‘ladi.

Hatto oddiy ishlarda to‘g‘ri birin-ketinlik bo‘lmasa ishlar chaparasta bo‘lib ketishini bilamiz. Deylik, uy qurayotganda to‘g‘ri ketma-ketlik bo‘lmasa, uy emas – allambalo narsa qurib qo‘yiladi. Bu yerda esa mamlakat islohidek ulkan jarayon!

Yaqin tarix muvaffaqiyatsiz islohotlar bilan birga muvaffaqiyatli islohotlarning ham guvohi bo‘ldi. Bular esa islohot istovchi mamlakatlar uchun tayyor andazalarni yuzaga keltirdi. Biroq eng muhimi, o‘sha – yaxshi natija bergan islohotlar iqtisodiy samaraga omil bo‘luvchi ilmiy asoslangan iqtisodiy qonuniyatlarni, tamoyillarni ishlab chiqishga yordam berdi.

Boshqacha aytganda, islohotlar yo‘liga endigina tushayotgan mamlakatlar uchun tajribadan o‘tgan iqtisodiy bilimlar shakllangan – olish va qo‘llash kerak, xolos. To‘g‘ri, har bir mamlakatning o‘ziga xos jihatlari bor va ularni inobatga olish kerak, biroq bu yerda gap hamma uchun umumiy bo‘lgan iqtisodiy qonuniyatlar haqida boryapti.

Shu yerda to‘xtab, bir jihatni aytish kerak bo‘ladi, zero u biz tepada aytgan haqiqatdan kelib chiqadi. Gap shundaki...

Islohotlar tarafdorlari islohotlar aynan tizimli ravishda, to‘g‘ri birin-ketinlikda olib borilishini yoqlashadi, islohotlarga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lganlar esa aksincha – ularda tizim va tadrij yo‘qolishini istashadi, muhim ishlardan ommani chalg‘itib, shu topda muhim bo‘lmagan masalalarni o‘rtaga tashlashadi. Buni anglashimiz kerak, toki islohotlarning do‘stidan dushmanini ajratib olishimiz lozim. Bu «ajina ovi» emas, bu voqelikni to‘g‘ri anglash uchun kerak.    

Tizimsizlik urinishlarni zoye qiladi, islohotlarni mutlaqo izdan chiqaradi.      

Barcha e'tiborni eng dolzarb – eng og‘ir muammolarga qaratish islohotlar muvaffaqiyatining shaksiz shartlaridan biridir. Bu ham o‘sha tizimlilikning bir jihati. Ya'ni islohotlar yo‘lining boshida turgan har bir mamlakat – jamiyat o‘zi uchun eng muhim, birinchi navbatda qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni belgilab olishi va keyin o‘zi belgilaganiga qat'iy amal qilishi kerak.

Xo‘sh, barcha sohalari islohga muhtoj bo‘lgan, tuzalishga yeng shimargan mamlakat uchun birinchi navbatda nima muhim? Bu haqda ko‘p gapirsa bo‘ladi, kitoblar ham yozilgan, ammo biz mohiyatan muhim bo‘lgan ba'zi narsalarnigina tilga olish bilan cheklanamiz.

Muammolarga botib qolgan millat botqog‘idan chiqib olishi uchun avvalo muammolari ko‘lamini anglashi kerak. Aytmasangiz ham, tushunarli-ku bu, dersiz? Shoshilmang – muammolar ko‘lamini anglash oddiy ish emas! Nega?

Ta'bir joiz bo‘lsa, yig‘ishtirilmagan, to‘zib yotgan xonada bir muddat yashagan odam uchun xonaning to‘zib yotgani bilinmay qoladi, zero, tartibsizlik dunyoqarashining ajralmas qismiga aylanadi. Shu bois, mamlakati shunaqa «to‘zigan xona»ga aylangan millat muammolari ko‘lamini anglashi uchun yaxshigina urinishi kerak.

Va buning ham shartlari bor.

Shart shuki, islohot tarafdorlari islohotga qarshi turganlar (eski holatdan manfaatdor bo‘lganlar) ustidan g‘olib kelishlari kerak... Nima degani bu?

Har bir millatning oydinlari – yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan, hamda voqelikni anglash sohasida peshqadam bo‘lgan toifa bo‘ladi. Ular turli soha vakillari bo‘lishi mumkin, ammo ularni o‘sha jihat birlashtiradi – qalblarida yurt g‘ami borligi va voqelikni yaxshi anglash iste'dodi. Oydinlar xalqqa voqelikni to‘g‘ri anglash, muammolar ko‘lamini his etishga yordamlashuvchi yagona toifa. Aynan ular islohotlarni chalkash-chulkash qilib yuborishga urinadigan toifaga qarshi turishlari mumkin.

Yanada tushunarli bo‘lishi uchun misol keltiraman. Ostidagi yeri shiddat bilan ko‘chib, jar yoqasiga yaqin kelib qolgan uyda yashovchi oila avvalo nima qilishi kerak? Javob shuki, barcha harakatlar oila a'zolarining avvalo hayotini, u ta'min etilsa salomatligini, u ham ta'min etilishiga ishonch bo‘lsagina uy ichidagi mulkni saqlab qolishga qaratilishi kerak. Ya'ni hayotni saqlab qolish uchun kerak bo‘lsa sog‘likdan, hayot va sog‘likni saqlab qolish uchun kerak bo‘lsa mulkdan voz kechish kerak bo‘ladi va hokazo.  

Biz xayolimizda tuzgan manzarada nima qadrliroq ekani aniq ko‘rinib turibdi, chunki... misol oddiy.

Butun boshli millatning ishlari inqirozga yuz tutsa, chorak asr davomida ishlar noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani sabab aqliy zaxirasi dunyoga tarqab ketgan va tarqab ketayotgan bo‘lsa, oqibatda millat o‘z ertasini bashorat eta olmay qolsa, buni o‘sha jar yoqasiga kelib qolgan majoziy oila ahvoliga bemalol o‘xshatsak bo‘ladi. Faqat bu misol... oddiy emas.

Aynan holatning oddiy emasligidan – murakkabligidan foydalanib islohotlarga qarshi turuvchilar eng qadrli narsalarning o‘rnini ikkilamchi narsalar bilan almashtirishning uddasidan chiqishadi, birinchi qilinishi kerak bo‘lgan ishlardan ommani chalg‘itib, keyinroq qilinishi kerak bo‘lgan narsalarni oldinga o‘tkazadilar. Ular mazkur «vazifa»ni eplasalar, ishoningki, islohot bir qadam ham odimlamaydi! Chunki bunda ishlarda tizimlilik yo‘qoladi.

Har bir muvaffaqiyatli islohotlar zamirida iqtisodiyot fani tasdiqlagan qonuniyatlarga ma'lum miqdorda amal qilish yotadi. Muvaffaqiyatsizlikka uchragan islohotlarning tagida esa o‘sha qonuniyatlardan ko‘p miqdorda chetlanish yotadi. Buni esa asosan o‘sha – islohotlarni xohlamagan toifaning harakatlari ta'minlaydi – ular ommani ham, qaror qabul qiluvchilarni ham asosiy ishlardan muttasil chalg‘itish bilan shug‘ullanadi.

Bunda islohotning bosh o‘qiga hamla qilinadi. Nima u – bosh o‘q?

Har bir islohot shaksiz xalqning qo‘li bilan amalga oshadi. Biroq buning uchun xalq islohotlarni tushunishi va qabul qilishi kerak. Aynan shuni bosh o‘q desak bo‘ladi. Tizimsizlik esa xalqning xayolini parishon qiladi, xalq nima bo‘layotganini tushunmay qoladi. Buni bilgan islohot dushmanlari imkon qadar islohotlarni tizimsizlikka duchor qilishga urinadilar.

Ko‘pincha islohotlar to‘g‘ri yo‘nalishda boshlanadi, biroq...

Bozor munosabatlarini joriy qilishga urinish, iqtisodiy nomuvofiqliklardan voz kechishni boshlash, islohot ishlariga keng jamoatchilikni jalb qilish, xalqni bu ishda asosiy hamkor qilib olish va hokazolar ko‘pchilik islohotlarning avvaliga esh bo‘ladi. Biroq keyinchalik o‘rtaga islohotlarga qarshi bo‘lgan toifa kiradi va «bozor munosabatlariga to‘liq o‘tishga hali erta, hali tayyor emasmiz», «monopol korxonalarni himoya qilmasak ular raqobatga bardosh bermaydi – yopilib ketadi», «kuchishlatar idoralarda hali ham ko‘plab inson huquqini poymol qilishga o‘rganib qolgan xodimlar ishlayotgan bo‘lsa-da, ularni yangilashga hali erta», «qishloq xo‘jalik yerlarini oilalarga bo‘lib berib bo‘lmaydi – eplay olishmaydi» kabi iddaolarni oldinga surishadi. Bu bilan ular islohotlarni noma'lum muddatga ortga surib yuborishadi. Vaqt boy beriladi, umrlar zomin bo‘ladi.

Xullas, yaqin tarixda yuz bergan, muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan ko‘plab islohotlarning tagida aynan shularning – reja buzuvchilarning «g‘alabasi» yotadi. Maqsadga yetish uchun bular, masalan, taniqli shaxslardan, partiya boshliqlaridan, soha «mutaxassis»laridan, ba'zida esa nufuzli mas'ul shaxslardan foydalanishadi – hozirda dolzarb bo‘lmagan, jamoatchilikning ko‘proq ehtirosiga sabab bo‘luvchi mavzu va luqmalarni ularning tili bilan ovozlashtirishadi. Natijada islohotchi bilan islohot manbasi bo‘lgan xalqning o‘rtasi buziladi va bu ikkisining orasidagi masofa tobora uzoqlashib boraveradi.

Buni haligi misolimizdagi – uyi jar yoqasiga kelib qolgan oilaga tatbiq qiladigan bo‘lsak, bunda oila zudlik bilan hayotini saqlab qolish chorasini ko‘rish o‘rniga, uydagi qaysi narsani olib chiqish kerakligi haqida bahslashib o‘tirishiga o‘xshaydi. Mana shunaqa ahvolga soladi jamiyatni buzg‘unchi, o‘zgarishlarga qarshi bo‘lgan toifa.   

Shu ma'noda nazarimizni O‘zbekistonga qaratadigan bo‘lsak, hozir eng dolzarb masala bu avvalo aslga qaytish – omma kayfiyatini islohotlar boshlangan paytdagi qayfiyatiga – ko‘tarinkilikka qaytarish. Zero, ommaning ko‘tarinki ruhisiz islohot yurmaydi. Bu esa xayolan ortga qaytish, bu orada islohotlarga qarshi bo‘lganlar nimalarga «erishgani»ni chamalab ko‘rishni taqozo etadi...     

Masalan...  

Yaponiya iqtisodiy «mo‘jizasi»ni o‘rganadigan bo‘lsak, bu yerda anchayin tizimlilikni ko‘ramiz. Biroq eng muhimi – Yaponiya «mo‘jizasi» yapon xalqining IShONChI ustiga qurilgan. Har bir qilingan harakat xalqning istak-irodasi bilan hamnafas bo‘lganiga ishonch hosil qilamiz. Bu esa islohotlar muvaffaqiyatini ta'minlab bergan.

Yana bir e'tiborli jihat – islohotlar davrida bu mamlakatda islohot dushmanlariga deyarli imkon qoldirilmagan. Qanday qilib? Shu savol muhim hozir biz uchun.

Islohotlar davrida Yaponiyada balandparvoz shiorlar man qilindi. Asosiy deb e'tirof etilgan ishlardan e'tiborni olib qochuvchi mavzularni ko‘tarish dushmanlik belgisi deb e'tirof etildi. Har bir sohada olib borilgan islohotlar asosiy maqsadga xizmat qildi.

Birinchi bosqichdayoq xalqning hayotini yomonlashtirgan narsalarga barham berildi. Xususan, katta konsernlar aksiyalarini qo‘lida jamlab turgan holdinglar (dzaybatsular) tarqatib yuborildi. Raqobat muhitida shakllanmagan barcha o‘ta yirik kompaniyalar kichik kompaniyalarga bo‘linib, aksiyalari erkin savdoga qo‘yildi.

Antimonopol qonunchilik shakllantirilib, bir sohada ishlayotgan korxonalarning o‘zaro kelishuvlari (kartel kelishuvlari), bozorda birovni kamsitish (diskriminatsiya qilish), monopol tuzilmalarni yaratish qat'iyan man qilindi. Savdo shartnomalari qat'iy huquqiy himoya bilan ta'minlandi.

Davlat boy zodagonlarning yerlarini ulardan sotib olib, dehqonlarga sota boshladi. Avval dehqonlar yerni o‘sha zodagonlardan ijaraga olishardi, endi o‘z yerlariga ega bo‘lishdi. Natijada mustaqil dehqonlar sinfi yuzaga keldi, feodalizmga (dehqonlarni ekspluatatsiya qilishga qurilgan tuzumga) barham berildi.

Bunday islohot shahar va qishloq o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar rivojlanishiga, kuchli dehqonlar sinfi yuzaga kelgani sabab ichki bozorning kengayishiga, bu esa keyingi industrializatsiya uchun zamin yaralishiga xizmat qildi.

Budjet islohotiga muvofiq zararga ishlayotgan korxonalarga subsidiyalar berishdan voz kechildi.

Ko‘rib turibmizki, barcha harakatlar sog‘lom raqobat muhitini yaratishga qaratildi, hech kimga alohida imtiyoz, alohida mavqe berilmadi. Bu esa xalq, davlat – hammaning bir musht bo‘lib harakat qilishiga omil bo‘ldi va olamshumul natijalarga olib keldi. Ishlar adolat bilan yuritilayotganini hamma ko‘rib turdi. Ommada zarracha norozilik paydo bo‘lganda ishlar darrov qayta ko‘rilib, xatolar zudlik bilan tuzatildi.

Bunaqa – shaffof sharoitda, tabiiyki, islohotga qarshi bo‘lgan toifa uchun hech qanday imkon yo‘q edi. Davlat tizimi, islohotlar – hammasi go‘yo oyna orti kabi ko‘rinib turardi.

Yaponiya «mo‘jizasi»ga bosh omil bo‘lgan narsalardan biri bu yaponlarning jamoaviylik, ya'ni shaxsiy manfaatdan ko‘ra jamoa manfaatini ko‘proq o‘ylash, joyi kelsa jamoa manfaatlari oldida bosh egish xususiyatidir.

Siz so‘rashingiz mumkin: «Osiyo xalqlarining aksariga jamoaviylik xos, faqat yaponlarga emas, nega unda boshqalar yapon yoki koreyslardek iqtisodiy muvaffaqiyatga erishishmadi?»

Bu savolga javob oddiy: jamoaviylik faqat shaffoflik, adolat muhitida samara keltiradi. Aynan shunday muhitda jamoaviylik o‘ta sifatli motor kabi mamlakatni oldinga suradi. Masalan, qonunlar ba'zilarga shiddatli ishlasa-yu, boshqalarga «ko‘z yumsa», unda xalqning jamoaviylik xususiyati foyda keltirmaydi. Qaytaga zararga ishlaydi. Zero, bunday muhitda aksincha – individuallik (shaxsiy manfaatni jamoaviy manfaatdan ustun bilish) vaziyatni isloh qilishga ko‘proq xizmat qiladi. Jamoaviylikka moyil bo‘lgan xalq esa bu holatda «jamoa bo‘lib» inqirozga yuz tutadi...

Boshqacha tushuntiradigan bo‘lsak, Yaponiyada Sardoba kabi suv ombori o‘pirilib ketsa, uni qurganlar odil sud oldida, xalqning ko‘ziga qarab albatta javob beradi. Shunday qilinmasa, Yaponiya amalga oshirgan barcha islohotlarning poydevoriga zarba berilgan bo‘ladi, ishonch bilan sug‘orilgan mashaqqatli mehnat mahsuli zavolga uchraydi.  

Xulosa o‘rnida               

Muvaffaqiyatli islohotlar haqida, yuqorida aytilganidek, kitoblar yozilgan. Biz esa faqat ularga biroz tikilib, sirlarini tushunishga urindik hamda islohotlarga dushmanlik qiladigan toifaning «izlari»ni tadqiq qildik. Mavjud holatimizga doir ba'zi xulosalarga yaqinlashdik.

Muvaffaqiyatli islohotlarning formulasi bor. Formulaning ba'zi belgilari o‘rin almashishi mumkin, biroq asosiy tamoyillari – o‘zgarmas. Ulardan chetga chiqilsa, oraga islohotlar dushmanlari kiradi – urinishlarni havoga uchirib, bir avlodning umrini zoye qiladi.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid