Jahon | 16:27 / 02.03.2026
14309
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvaytda AQShning 3 ta samolyoti quladi

Pentagon samolyotlar xatolik tufayli Kuvayt tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi. Uchuvchilarning barchasi muvaffaqiyatli katapulta qilingan.

Kuvayt mudofaa vazirligi 2 mart kuni Amerikaning bir necha qiruvchi samolyoti «qulagani» haqida xabar berdi. Ekipaj a’zolarining barchasi muvaffaqiyatli katapulta qilingani va shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Amerika qiruvchi samolyoti halokati aks etgan kadrlar tarqalgan. Jurnalistlar aniqlashicha, bu kadr AQShning Kuvaytdagi Al-Salom bazasidan 10 kilometr masofada olingan.

Xabarlarda qolgan samolyotlar qayerda halokatga uchraganiga aniqlik kiritilmagan.

Keyinroq AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) F-15E rusumli uchta qiruvchisini yo‘qotganini tasdiqladi. Bayonotda samolyotlar Kuvayt havo hujumidan mudofaa kuchlari Eron hujumini qaytarish chog‘ida xatolik tufayli urib tushirilgani qayd etilgan.

Olti nafar uchuvchi katapulta qilingani, ularning holati shifokorlar tomonidan barqaror deb baholangani ma’lum qilingan.

Eron 28 fevral kunidan buyon AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari, jumladan, Kuvaytga ham zarbalar bermoqda. Bu yerda Amerika harbiy-havo kuchlarining yirik bazasi joylashgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid