O‘zbekiston | 15:33 / 30.07.2024
10928
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Chortoq sudi yosh bolaning umriga zomin bo‘lgan Malibu haydovchisini qamoqqa oldi

Mashinani hujjatlarsiz boshqarib, 14 yoshli bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan va tergovda ochiqda qoldirilgan haydovchi jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudining ajrimi bilan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi. Hali sud yakuniga yetmay turib egasiga berib yuborilgan Malibu ham Kun.uz surishtiruvidan so‘ng jarima maydonchasiga qaytarilgan.

Foto: Getty images

2024 yilning 16 iyun kuni Namanganda yosh bola o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘lgan: endigina 14 yoshni qoralagan, yolg‘iz onaning yagona o‘g‘li bo‘lgan Ibrohimjon velosipedida buvasining uyidan qaytayotganda Malibu urib yuboradi. Buning oqibatida u vafot etadi. Tergov organi haydovchini garov evaziga ochiqda qoldirgandi.

Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudida mazmunan ko‘rib chiqilmoqda.

Kun.uz bu haqda 29 iyul kuni maqola e’lon qilgach, shu kunning o‘zida navbatdagi sud majlisi o‘tkazilgan va sudlanuvchi A.D.ning “garov” ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u sud zalidan qamoqqa olingan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, hodisadan so‘ng jarima maydoniga qo‘yilgan Malibu avtomobili noma’lum sabablarga ko‘ra sud tugamay turib egasiga qaytarib berilgan bo‘lgan. Kecha bo‘lib o‘tgan sud majlisida bu masala ham ko‘rib chiqilib, Malibu'ni jarima maydoniga qaytarish haqida ko‘rsatma berilgan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzib odam o‘limiga sabab bo‘lish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga muayyan huquqdan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishi belgilangan.

Mavzuga oid