Jahon | 14:23 / 10.10.2025
6709
3 daqiqa o‘qiladi

2025 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Mariya Machadoga berildi

Venesuelalik siyosatchi Mariya Korina Machado 2025 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati deb topildi. U Venesuela xalqining demokratik huquqlarini himoya qilishdagi «tinimsiz mehnati» uchun mukofotlangan.

Foto: Globallookpress

Venesuelalik siyosatchi Mariya Korina Machado 2025 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati deb topildi. Nobel qo‘mitasi bu haqdagi qarorni 10 oktyabr, juma kuni Osloda e’lon qildi.

Machadoga mukofot Venesuela xalqining demokratik huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi «tinimsiz mehnati» uchun berildi, dedi Norvegiya qo‘mitasi raisi Yorgen Vatne Fridnes.

Joriy yilda mazkur mukofotga jami 338 nafar nomzod, jumladan, 244 nafar jismoniy shaxs nomzodi va 94 ta tashkilot ilgari surilgan. O‘tgan yili 286 nafar nomzod ro‘yxatga olingan, shundan 197 nafar jismoniy shaxs va 89 tasi tashkilot. Eng ko‘p nomzodlar (376 nafar) 2016 yilda ro‘yxatga olingan.

Nihon Hidankyo (Xirosima va Nagasaki atom bombasi qurbonlari tashkilotlarining Yaponiya kengashi) yadroviy qurolsizlanish tarafdori bo‘lgan uyushma 2024 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati deb topildi. 2023 yilda tinchlik uchun Nobel mukofoti eronlik huquq himoyachisi Nargis Muhammadiyga «Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurashi hamda barcha uchun inson huquqlari va erkinliklarini ilgari surgani uchun» berildi. 2022 yilda mukofot Rossiya, Belarus va Ukraina huquq himoyachilariga topshirildi: Rossiyaning «Memorial» inson huquqlari tashkiloti, Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi nodavlat tashkiloti va Belarusning «Vesna» inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiyga.

«Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov 2021 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlaridan biri bo‘lgan. U bilan birga mukofot filippinlik jurnalist Mariya Ressaga ham topshirildi. Muratov va Ressa «demokratiya va matbuot erkinligi tobora noqulay sharoitlarga duch kelayotgan dunyoda» bu ideal uchun kurashayotgan barcha jurnalistlar vakili», deya ta’kidlagandi qo‘mita. Muratov tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan uchinchi rossiyalik bo‘ldi. Undan oldin u fizik va huquq himoyachisi Andrey Saxarovga va SSSRning yagona prezidenti Mixail Gorbachyovga berilgan edi.

Besh xil Nobel mukofoti (fiziologiya yoki tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot va tinchlik bo‘yicha) dinamit ixtirochisi Alfred Nobelning vasiyati bilan ta’sis etilgan va 1901 yildan beri topshirib kelinmoqda. 

Mavzuga oid