Jamiyat | 08:08 / 19.11.2025
9069
2 daqiqa o‘qiladi

Xovos tumanida IIBning ikki tezkor xodimi pora olayotganda ushlandi

Sirdaryo viloyati Xovos tumani Ichki ishlar bo‘limi Tezkor-qidiruv xizmatida faoliyat yurituvchi podpolkovnik va mayor unvonidagi ikki katta tezkor xodim gumon qilinuvchilardan pora talab qilganligi aybi bilan ushlandi. Ular 11 mln so‘mni tamagirlik yo‘li bilan olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Foto: DXX

So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy asoslar mustahkamlanishiga qaramay, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ham qonunbuzarlik holatlari uchrab turibdi.

Joriy yil oktyabr oyida Xovos tumanida bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi MChJ dala maydonidan polietilen sellofan o‘g‘irlanishi bo‘yicha tuman IIBga murojaat kelib tushgan.

Shundan so‘ng IIB Tezkor-qidiruv xizmatidagi podpolkovnik va mayor unvonidagi ikki katta tezkor xodim ushbu holatda o‘g‘irlikda gumon qilib 4 nafar fuqaroni majburiy tarzda IIBga olib kelgan. Ular fuqarolarni qamab yuborish bilan qo‘rqitib, ishni “bosdi-bosdi” qilish evaziga 55 mln so‘m talab qilgan. Keyinchalik esa “zararni qoplash” bahonasida 24 mln so‘m olgani aytilmoqda.

Shuningdek, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik, “qamoq” ehtiyot chorasini qo‘llamaslik va hujjatlarni ma’muriy ishga aylantirib sudga yuborish evaziga qo‘shimcha 11 mln so‘m talab qilingan.

Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu tezkor xodimlar tamagirlik yo‘li bilan 11 mln so‘mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid