“Dizayn” jamoasi tadbirkorning 30 ming dollarini qaytarmayapti. Guruh barcha sudlarda yutqazgan
“Dizayn” jamoasining to‘rtligi bir shaxsni 30 ming dollarga tushirgan. Undiruv bilan MIB shug‘ullanmoqda. Ammo hozircha natija yo‘q. Kun.uz voqea tafsilotlarini aniqladi.
Xalqimiz kulgisevar. So‘nggi yillarda faoliyati yumorga asoslangan ko‘plab jamoalar paydo bo‘layotgani, ularning konsertlari hamisha gavjumligi, turli platformalarda millionlab marta ko‘rilayotgani buning isbotidir. Har qanday mashhurlik pul keltirishi mumkin, pul ortidan esa albatta qing‘irliklar ehtimoli ham tug‘iladi.
Aynan shunday vaziyat bugungi kunda ancha mashhur bo‘lgan “Dizayn” jamoasi bilan kuzatildi. Xushchaqchaq yigitlar sud qaroriga bo‘ysunishga, o‘zlari olgan va ishlatib yuborgan 30 ming dollarni to‘lashga shoshilishmayapti.
Hammasini bir boshdan boshlaymiz. Bugungi kunda “YouTube” videohostingi hammaning diqqatini o‘ziga qaratib olish bilan birga, katta pul ishlash imkoniyatini yaratgani hech kimga sir emas. Hazil-mutoyiba qiluvchi jamoalar konsertdan ham ko‘ra ko‘proq ana shu imkoniyat orqali pul ishlashayotgani ham bor gap. Qolaversa, konsertlar videolari tarqalaverar ekan, jamoa xizmatiga ham talab oshaveradi, u yog‘i an’anaviy to‘y-tomoshalar degandek...
Lekin qariyb ikki yildan beri davom etayotgan karantin holati turli tomoshalarni ancha cheklab qo‘ydi. Jamoalar ham ma’lum vaqt konsert bera olmay qolishdi. Ana shunday kunlarning birida tadbirkor Salohiddin Salomov va “Dizayn” jamoasi navbatdagi konsertni alladin.tv platformasida onlayn tarzda o‘tkazishga kelishib oladilar.
Og‘zaki kelishuv tuziladi: unga ko‘ra, “Dizayn” uyushtirilgan konsert uchun Salohiddin Salomovdan 60 ming dollar oladigan bo‘ladi. Konsert dasturi Salohiddin Salomovga qarashli “ALADDIN-TM” MChJga tegishli platformada joylashtirilishi, keladigan daromad (tushum) “ALADDIN-TM” MChJga 70 foiz va “Dizayn”ning huquqiy egasi bo‘lgan “DIZAYN PRO” MChJga esa 30 foiz nisbatida taqsimlanishiga kelishiladi.
Ish boshlanishidan oldin Salohiddin Salomov “Dizayn” jamoasi yigitlari – Dilshod Musabekov, Qobil Karimberdiyev, Abdurahmon Mavlonov va Sa’dulla Fatxullayevlarga 30 ming dollarni tilxat asosida beradi.
Shu yerda diqqat qaratish zarur bo‘lgan nuqta bor: bu to‘rtovlon hamma joyda “Dizayn” jamoasining timsollari bo‘lishsa-da, “DIZAYN PRO” MChJning rasmiy direktori D.Umurzakovdir. Ya’ni keyinchalik sud e’tibor qilgan jihat: bu yigitlarda jamiyat nomidan pul olish vakolati bo‘lmagan. Shuningdek, olingan pullar ham tegishli tartibda bankka kirim qilinmagan.
Shunday qilib, 30 ming dollar beriladi, “Dizayn” yigitlari konsertga tayyorgarlikka kirishadilar. G‘oya bir qarashda ajoyib edi – hamma karantinda zerikib o‘tirgan bir paytda, 2020 yil 20 dekabr kuni “YouTube” orqali onlayn konsert dasturini namoyish qilish rejalashtirilgan.
Ammo Salohiddin Salomov ma’lum sabablarga ko‘ra to‘lovning ikkinchi qismi – qolgan 30 ming dollarni bermaydi. Tomonlar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqadi. Shu tufayli konsert e’lon qilingan muddatda namoyish etilmaydi. Oradan bir necha kun o‘tib, ya’ni 2020 yilning 29 dekabrida bu konsert baribir “YouTube” orqali namoyish etiladi. Faqat “Dizayn” jamoasining o‘ziga tegishli sahifada joylanadi. Shu bilan Salohiddin Salomov va unga tegishli “ALADDIN-TM” amalda na pulsiz, na mahsulotsiz qoladi.
Bu holat kelishmovchiliklarni ancha jiddiylashtiradi. Tortishuvlar natija bermagach, Salohiddin Salomov qiziqchi yigitlar ustidan ichki ishlarga ariza beradi. Toshkent shahri Chilonzor tumani IIB “Dizayn” yigitlari harakatida jinoyat alomati yo‘q deb topadi va da’vogarga mablag‘ni undirish bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.
Ish sudgacha boradi, qator mahkamalardan keyin 2021 yil 7 may kuni Toshkent shahri Uchtepa tumanlararo sudida, sudya D.Hasanov raisligida hal qiluvchi sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda da’vogarning advokati da’voni tasdiqlab, o‘tkazilishi kerak bo‘lgan konsertga chiptalar sotilgani, reklama uchun xarajatlar qilingani, ammo konsert bo‘lmagani uchun reklama xarajatlariga kuyish bilan birga chiptalar pulini ham qaytarib berishga majbur bo‘linganini bildirgan.
Javobgarlar, Dilshod Musabekov, Qobil Karimberdiyev, Abdurahmon Mavlonov, Sa’dulla Fatxullayev va “DIZAYN PRO” MChJ direktori D.Umurzakovlar esa da’voni rad etishni so‘rashadi hamda da’vogar tomonidan kelishuvdagi 60 ming dollar to‘liq berilmagani, 30 ming dollar esa konsertga tayyorgarlik xarajatlariga sarflanganini, konsertdan keyin o‘zaro gaplashib, kelishganlariga qaramay S.Salomov yana da’vo qilayotganini bildirishadi.
Sud tomonlarning vajlarini eshitganidan so‘ng da’vogarning talabini qisman qondirish, ko‘rsatilgan mablag‘ va uning ma’lum foizi, davlat bojini hisobga olgan holda 336 mln so‘m pulni to‘rtovlondan undirish haqida hal qiluv qarori chiqarib beradi.
“Dizayn” jamoasi ham taslim bo‘lmaydi. Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritishadi. Ammo bu dargohda ham qiziqchilarning ishi yurishmaydi va 2021 yilning 3 avgustida sudya D.Abduqahhorova raisligida oldingi hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldirish haqida ajrim chiqariladi.
“Dizayn”chilar yana bo‘sh kelishni istashmadi va Oliy sudgacha borishdi. Kassatsiya instansiyasida ko‘rilgan ish 14 oktyabr kungi ajrim bilan quyi instansiya sudlari qarorini o‘z kuchida qoldirish bilan yakun topdi. Qiziqchilarning shikoyati bu safar ham rad qilindi.
Bir qarashda endi hammasi tugagandek, so‘z ustalarining pul to‘lashdan boshqa ilojlari qolmagandek edi. Qarorlar qonuniy kuchga kiradi, tegishli hujjatlar MIBga yuboriladi, MIB esa o‘z navbatida ijro ishi qo‘zg‘atadi.
Ammo endi undiruvchi mushkul muammo qarshisida qolmoqda. Mana, sudning qarori qonuniy kuchga kirganiga ham bir necha oy bo‘libdiki, hali u biror so‘m mablag‘ undira olgani yo‘q. Hamma joyi risoladagidek hujjat undiruvga ojizlik qilyapti.
Gap shundaki, MIB vakillari qiziqchi yigitlarda pul yo‘qligiga “ishonishmoqda” yoki ularga tegishli mol-mulkka band solib, undiruvni tezlatishga hayiqishmoqda shekilli, ish bir joyda depsinib turibdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 336 132 799 so‘m undirish bo‘yicha ijro varaqasi byuroning tegishli hududiy tuman bo‘limlariga yuborilgan.
Qarzdorlarning ikkitasiga Yunusobod va yana ikki nafariga Chilonzor tuman MIBda ijro ishi yuritilmoqda.
Guruh a’zolarining barchasining nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklarni aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan. Nomiga rasmiylashtirilgan ko‘chmas mulk va avtotransport vositalariga notarial holatlarni amalga oshirolmaslik uchun taqiqlar qo‘yilgan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.
Abdurahmon Mavlonovning ish haqidan 50 foiziga qaratish uchun uning ish joyiga talabnoma yuborilgan.
Qobil Karimberdiyevning 2 ta va Dilshod Musabekovning 1 ta avtotrancport vositasiga taqiq qo‘yilgan.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024
202,9 mlrd so‘mlik ijro ishlarini asossiz ravishda tugatgan MIB mansabdorlari aniqlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
17:12 / 30.10.2024