O‘zbekiston | 13:32 / 17.04.2026
14286
2 daqiqa o‘qiladi

Ravshan Muhitdinov ham xalqaro qidiruvga berilgan

O‘zbekiston Turkiyada yashovchi 37 yoshli tadbirkor Ravshan Muhitdinovni ham Interpol orqali qidiruvga berdi. U o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish, uyushgan qurolli guruh tuzish yoki unda ishtirok etish hamda bezorilikda ayblanmoqda.

Foto: Interpol

O‘zbekiston hukumati 37 yoshli Ravshan Muhitdinovni xalqaro qidiruvga berdi. Uning ismi Interpol saytidagi «qizil bildirishnomalar» ro‘yxatida paydo bo‘ldi.

U Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 242-moddasi 2-qismi (Uyushgan qurolli guruh tuzish, shuningdek, unga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etish) va 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bo‘yicha jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ravshan Muhitdinov Turkiyada yashaydi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. U shuningdek, Istanbulda ro‘yxatdan o‘tgan Dünya Engelliler Vakfı (DEV, Butunjahon nogironligi bo‘lgan insonlar fondi) tashkilotining moliyaviy masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti hisoblanadi.

Qizil bildirishnoma – nomiga order berilgan shaxsning yashash joyini aniqlash va qo‘lga olish lozimligini anglatadi. Ularga nisbatan ekstraditsiya yoki qonunda belgilangan boshqa choralar qo‘llanadi. U Interpol tomonidan a’zo mamlakatning so‘roviga binoan e’lon qilinadi hamda so‘rov yuborayotgan mamlakat sud organlari tomonidan chiqarilgan hibsga olish orderi yoki sud qaroriga asoslanadi.

Avvalroq «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» boshqaruvining sobiq raisi Dilshod Ahmedov Interpol orqali qidiruvga berilgani xabar qilingandi. Unga nisbatan o‘zlashtirish yoki rastrata qilish moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid