13:04 / 09.03.2024
7061

YeI Isroilning G‘arbiy sohilda yangi uy-joylar qurish rejasini qoraladi

Yevropa Ittifoqi Isroilni diniy bayramlar oldidan «noqonuniy aholi punktlari»ni kengaytirish rejalarini bekor qilishga chaqirdi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Isroilning G‘arbiy sohilda 3426 ta uy-joy qurish rejasini qoraladi, bu reja avvalroq mamlakat Oliy rejalashtirish qo‘mitasi tomonidan ma’qullangan edi. Bu haqda 8 mart, juma kuni YeI diplomatik xizmati saytida chop etilgan xabarda aytiladi.

Yevropa Ittifoqi Isroil rasmiylarini bu qarorlarini bekor etishga chaqirdi va aholi punktlarini xalqaro huquqqa muvofiq noqonuniy deb e’lon qildi. Yevropa tashqi harakatlar xizmatiga ko‘ra, G‘arbiy sohildagi aholi punktlarining kengayishi «tinchlikka to‘sqinlik qiladi», chunki bu «ikki davlatning yaratilishiga tahdid soladi».

Hisobotda aytilishicha, YeI, avvalgidek, «1967 yilgacha mavjud bo‘lgan, jumladan, Quddus bilan bog‘liq chegaralardagi o‘zgarishlarni» tan olmaydi. Shuningdek, yaqinlashib kelayotgan Ramazon, Fisih, Purim va Pasxa bayramlari arafasida «Muqaddas joylarga nisbatan status-kvoni saqlab qolish nihoyatda muhim» ekanligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi diplomatik xizmati G‘azo sektorida «zudlik bilan gumanitar pauza» qilish va barcha isroillik garovga olinganlarni ozod etishga chaqirdi.

Isroil G‘arbiy sohilda aholi punktlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda

6 mart, chorshanba kuni Isroil G‘arbiy sohil aholi punktlarida 3426 ta yangi uy qurish rejasini tasdiqladi. Mamlakat moliya vaziri Betsalel Smotrichning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror 22 fevral kuni Quddus yaqinidagi Maal Adumim aholi punktida sodir etilgan teraktga «adekvat sionistik javob» bo‘ldi. O‘shanda qurollangan shaxslar tirbandlikda qolgan mashinalarga qarata o‘t ochdi, oqibatda bir kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi yaralandi.

1967 yilgi Olti kunlik urushdagi g‘alabadan keyin Isroil G‘arbiy sohilda o‘z turar joylarini yaratdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi nuqtayi nazaridan, bu hudud Isroil tomonidan bosib olingan. Isroil esa uning bahsli maqomi haqida iddao qilib keladi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 30 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid
Top