Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Tashxislashni osonlashtiradi, ammo unga to‘liq ishonmaslik kerak” – tibbiyotda sun’iy intellekt samarasi va xavflari haqida
Hozirda ayrim xususiy klinikalar va davlat shifoxonalarida tashxislash, bemor kuzatuvi va reabilitatsiya jarayonlariga sun’iy intellekt sinov tariqasida tatbiq etilmoqda. Bu yangi texnologiyaning mahalliy sharoitga moslashuvi, bemor ma’lumotlarini himoya qilish va javobgarlik masalalarini kun tartibiga chiqaradi. Kun.uz muxbiri ayni mavzuda xalqaro kompaniyada dasturchi sifatida faoliyat yuritayotgan va tibbiyotda tahlil natijalariga ko‘ra tashxislashni osonlashtirishga qaratilgan startap ustida ishlayotgan yosh tadqiqotchi Dildora G‘aniyeva bilan suhbatlashdi.
Sun’iy intellekt (SI) tibbiyot va texnologiya rivojlangan mamlakatlarda kasalliklarni prognoz qilish, retsept yozish va hatto dori vositalarini ishlab chiqishda qo‘llanyapti. Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil boshidan Dermatovenerologiya va kosmetologiya markazida kasalliklarni SI yordamida tashxislash yo‘lga qo‘yilgan. Bu o‘zi qanchalik samarali va SI tibbiyotdagi aynan qaysi jarayonlarda nimalarni o‘zgartiradi?
— Sun’iy intellekt tibbiyotda eng ko‘p foyda berayotgan yo‘nalishlardan biri bu — tashxis qo‘yish. Negaki aqlli texnologiya minglab ma’lumotlarni bir zumda tahlil qilib, inson ko‘zi ilg‘amaydigan kasallik belgilarini aniqlay oladi. Masalan, u rentgen yoki MRT suratlaridagi juda kichik o‘zgarishlarni ham topish qobiliyatiga ega. Mazkur jihat shifokorlarga kasallikni erta bosqichda bilish va davolashni o‘z vaqtida boshlash imkonini beradi. Natijada bemorlarning sog‘ayish ehtimoli oshadi, davolanish muddati esa qisqaradi.
Yana bir katta afzalligi xatoliklarni kamaytirishda ko‘zga tashlanadi. Har qancha tajribali bo‘lmasin, shifokor – inson: demak, u charchaydi yoki e’tiborsizlik qilib ayrim jihatlarni shunchaki ilg‘amay qolishi mumkin. Sun’iy intellekt esa ma’lumotlarga asoslanib ish ko‘radi va hissiyotlarga berilmaydi. Shu bois, u tahlilni barqaror va aniq bajaradi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt tibbiyotda faqat tashxis bilan cheklanmayapti. U kasallik xavfini oldindan prognoz qilish, bemorga mos retsept tuzish, hatto yangi dorilar ishlab chiqishda ham faol ishtirok etmoqda. Ilgari laboratoriyalarda yillab davom etgan tajribalar endi bir necha oy, hatto haftalar ichida amalga oshirilishiga erishilyapti.
Bemorni kuzatish va reabilitatsiya bosqichida ham sun’iy intellekt texnologiyalari muhim ahamiyatga ega. Masalan, aqlli bilaguzuklar yoki mobil ilovalar yordamida bemorning yurak urishi, qon bosimi, qand miqdori, uyqu sifati kabi ko‘rsatkichlarini doimiy ravishda o‘lchab borish imkoniyati mavjud. Bu qurilmalarda to‘plagan ma’lumotlar sun’iy intellekt orqali tahlil qilinadi va agar o‘zgarish yoki xavfli belgi aniqlansa, shifokorga avtomatik signal yuboriladi. Shu yo‘l bilan yurak xurujlari, insult yoki boshqa og‘ir holatlarning oldini olish mumkin bo‘ladi. Bunday tizimlar, ayniqsa, surunkali kasalliklarga chalingan, uyda davolanayotgan yoki reabilitatsiya bosqichida bo‘lgan bemorlar uchun juda foydali.
Yana bir muhim yo‘nalish — tibbiy hujjatlarni avtomatlashtirish. Sun’iy intellekt bu borada shifokorlarga katta yordam bermoqda. U tovushni matnga aylantiradi, bemorning tarixini tartiblaydi, tahlil natijalarini joylashtiradi va statistik ma’lumotlarni avtomatik tayyorlaydi. Shifokor endi har bir tashxisni qo‘lda yozib chiqishga vaqt sarflamaydi: tizim hammasini o‘zi to‘ldiradi, mutaxassis esa faqat tekshirib, tasdiqlaydi. Bu tibbiyot xodimiga bemor bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish, muloqotni yaxshilash va insoniy yondashuvni kuchaytirish imkonini beradi.

Sun’iy intellekt o‘z bazasida mavjud ma’lumotlar asosida so‘rovlarga javob beradi. O‘zbek tilida esa raqamli baza yetishmovchiligi masalasi bor. Mazkur holat sun’iy intellektning tashxisni to‘g‘ri qo‘yish va tibbiy masalalarda asosli maslahat berish qobiliyatiga aks ta’sir ko‘rsatmaydimi? Sun’iy ong bergan ma’lumotlarga qay darajada ishonsa bo‘ladi?
— Mazkur texnologiyaning ishonchliligi, ayniqsa, o‘zbek tili kabi raqamli resursi cheklangan tillarda hali ham muhokamada. Boisi sun’iy intellektning “aql” darajasi bevosita unga yuklangan ma’lumotlar bazasiga bog‘liq, qanchalik ko‘p, to‘liq va sifatli manba bo‘lsa, natija shunchalik aniq chiqadi.
Bugungi kunda ingliz, xitoy yoki ispan tillarida tibbiy ma’lumotlar bazasi nihoyatda boy, shuning uchun sun’iy intellekt ushbu tillarda bemor belgilarini aniqroq tahlil qiladi, statistik xulosalar chiqaradi va ehtimoliy tashxislarni yaxshiroq beradi. Ammo o‘zbek tilida bu imkoniyat hali to‘liq shakllanmagan. Ma’lumotlar bazasining cheklanganligi, terminologik nomuvofiqliklar, tibbiy hujjatlarning yagona elektron tizimda saqlanmasligi kabi omillar natijaga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Agar texnologiyani o‘qitishda ishlatilgan ma’lumotlar inglizcha yoki boshqa tillarga asoslangan bo‘lsa, o‘zbekcha tibbiy so‘rov(prompt) kiritilganda sun’iy intellekt mahalliy atamalar, klinik yozuv uslubi yoki madaniy kontekstni noto‘g‘ri tushunishi mumkin. Tizim avtomatik tarjima orqali ishlasa, klinik ma’no yo‘qoladi. Masalan, “qand” va “glyukoza” kabi so‘zlar aralashib, noaniq javob chiqishi ehtimoli mavjud. Oqibatda, u tibbiy yozuvlarni noto‘g‘ri tarjima yoki talqin qiladi. Belgilarni yanglish baholab, xato tavsiya berishi ehtimoli oshadi. Mahalliy kasalliklar, diagnostika protokollari yoki dori nomlarini tanimasligi mumkin.
Texnik jihatdan qaraganda, SI ishonchliligi bir necha omillarga bog‘liq: ma’lumotlar to‘plamining sifati va hajmi, modelni o‘rgatishdagi tarafkashlik (bias), natijani izohlash qobiliyati, shuningdek yangi virus yoki genetik o‘zgarishlarga moslashish darajasi. Agar model eski ma’lumotlar asosida ishlasa, u yangi holatlarda xatoga yo‘l qo‘yadi.
Shuning uchun shifokorlar orasida ham bu tizimdan faqat yordamchi vosita sifatida foydalanish fikri kuchli, ya’ni sun’iy intellekt tashxis qo‘yishda emas, balki mavjud ma’lumotlarni tahlil qilish, o‘xshash holatlar bilan solishtirish va ehtimoliy tavsiyalar berishda ishonchliroq natija ko‘rsatadi. O‘zbek tilida ham tibbiy ma’lumotlar bazasini boyitish, terminlarni yagona standartga keltirish va sun’iy intellekt modellarini shu tilga moslashtirish ustida ish olib borilsa, natijalar sifat jihatidan yuqoriga ko‘tariladi. Hozircha tibbiyotda u bergan ma’lumotlarga to‘liq tayanib bo‘lmaydi.
Sun’iy intellekt qaysi kasalliklarni aniqlashda yaxshiroq samara bermoqda?
— SI tibbiy tasvirlarni tahlil qilishda ya’ni rentgen, KT, MRT, dermatoskopiya va oftalmologik suratlarda yaxshiroq natija ko‘rsatadi. Chunki bu sohada raqamli, aniq va bir xil formatdagi ma’lumotlar ko‘p. Sun’iy intellekt yuz minglab suratlarni solishtirib, inson ko‘zi ilg‘amaydigan darajada kichik o‘zgarishlarni aniqlay oladi. Misol uchun, o‘pka nodullari, mammogrammada boshlang‘ich o‘simtalar, diabetik retinopatiyaning dastlabki belgilarini erta bosqichda topa oladi. Shu bilan bir qatorda, patologik slaydlarni tahlil qilishda ham SI mikroskop ostidagi mikroorganizmlarni o‘rganib, saraton hujayralari mavjudligi va ularning bosqichini aniqlashda yordam beradi.

Kardiologiya yo‘nalishida SI yurak faoliyatini kuzatish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratdi. U EKG yoki yurak monitorlaridan olingan ma’lumotlar orqali aritmiyalar, yurak o‘tkazuvchanligi buzilishlari, hatto “simptomsiz” ishemiyani erta bosqichda aniqlay oladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, doimiy monitoring qurilmalari, masalan, aqlli bilaguzuklar yoki Holter apparatlari yordamida yurakdagi o‘zgarishlar tahlil qilinib, xavfli holatlar haqida shifokorga avtomatik ogohlantirish yuboriladi.
Laboratoriya va genomika sohasida SI kasallik xavfini oldindan bashorat qilishda foydali. U DNK yoki ARN ma’lumotlarini tahlil etib, ma’lum genetik variantlar bilan bog‘liq kasalliklar xavfini aniqlaydi. Ayniqsa, saraton turlarining genetik subtiplarini ajratishda bu texnologiyadan foydalanish qo‘l keladi. Shu bilan birga, surunkali kasalliklarni kuzatishda ham SI o‘ziga xos ahamiyatga ega. Misol uchun, diabet, gipertoniya yoki yurak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlarda sensorlardan olinadigan ma’lumotlar doimiy tahlil qilinadi va o‘zgarishlar yuz bersa, tizim shifokorni ogohlantiradi. Bu esa og‘ir holatlarning oldini olishga ko‘maklashadi.
Biroq, tibbiyotdagi hamma sohada ham sun’iy intellekt mukammal emas. U hali psixiatriya va ruhiy kasalliklarni aniqlashda ancha no‘noq. Chunki ruhiy holatni baholash aksar hollarda sub’yektiv, madaniy va shaxsiy omillarga bog‘liq. SI ba’zi nutq yoki mimika o‘zgarishlarini tahlil qilishi mumkin, ammo to‘liq tashxis uchun jonli psixiatrning bahosi zarur. Shuningdek, noyob va kam uchraydigan kasalliklarda ma’lumotlar yetarli bo‘lmagani sababli SI ularni o‘rganolmaydi yoki noto‘g‘ri taxmin qiladi.
Ko‘p tizimli (multisystem) kasalliklar va klinik kontekstni talab qiladigan holatlar ham sun’iy intellekt uchun murakkablik qiladi. Masalan, fibromialgiya yoki autoimmun kasalliklar singari turli belgilar bilan kechadigan xastaliklarda model yagona xulosa chiqara olmaydi. Shuningdek, SI bemorning jismoniy ko‘rikdagi holatini, masalan, palpatsiya paytida aniqlanadigan o‘zgarishlarni his qilolmaydi: bunday tashxislarda shifokor sezgisi va tajribasi hal qiluvchi kuchini saqlab qoladi.
Sun’iy ong noto‘g‘ri tashxis qo‘ysa yoki uning tavsiyasi bemorga zarar yetkazsa, javobgarlik kimning zimmasida bo‘ladi?
— Avvalo bir haqiqatni aytib o‘tish kerak: hozirgi qonunlar va sud amaliyoti SIni “javobgar” deb hisoblamaydi. Javobgarlik, odatda, inson yoki tashkilotlarga: shifokor, shifoxona, ishlab chiquvchi yoki xizmatni joylashtirgan (deploy qilgan) tashkilotga yuklanadi. Xalqaro tajribada qaysi tomon javobgar bo‘lishi voqea sharoiti, qonunchilik va shartnomalar hamda tizim qanday ishlatilganiga qarab aniqlanadi.
Shifokor (yoki klinik xodim) javobgarligi. Aksariyat mamlakatlarda tibbiy amaliyotda yakuniy qaror va javobgarlik shifokorning zimmasida qoladi. Agar shifokor SI taklifini “neytral” yordam sifatida qabul qilib, o‘z klinik bahosini qo‘ymasdan unga to‘liq suyansa va oxirida natija zarar keltirsa, bu parvarishlash standarti (standard of care)ga zid hisoblanadi va shifokor tibbiy beparvolik uchun javob beradi. Shu sababdan, ko‘plab sog‘liqni saqlash organlari shifokorlarga SI tavsiyalarini tekshirishni, inson nazorati (human-in-the-loop)ni saqlashni tavsiya qiladi.
Shifoxona yoki sog‘liqni saqlash tashkiloti (deployer) javobgarligi. Agar tashkilot noto‘g‘ri, sinovdan o‘tmagan yoki moslashtirilmagan SI tizimini joriy qilgan, xodimlarni yetarli o‘qitmagan yoki tizimni xavfsiz tarzda nazorat qilmagan bo‘lsa, tashkilotga e’tiborsiz (beparvo) tanlov (negligent selection/retention) yoki ekspluatatsiya javobgarligi yuklanishi mumkin, ya’ni klinika yoki shifoxona SI vositasini tanlash va uning integratsiyasiga oid majburiyatlarni buzgan bo‘lishi ehtimoli bo‘ladi.
Ishlab chiquvchi (vendor) javobgarligi. SI mahsuloti texnik xato, noto‘g‘ri o‘rgatilgan model, xavfsizlik nuqsoni yoki marketingdagi da’volar bilan mos kelmaydigan natija bergan bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi mahsulot mas’uliyati (product liability) yoki kontrakt shartlariga ko‘ra javob beradi. Yevropa Ittifoqi singari hududlarda AI va tibbiy mahsulotlar uchun joriy etilgan yangi me’yorlar ishlab chiqaruvchilarning majburiyatini kuchaytirmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda sun’iy intellektni tibbiyotda qo‘llashga doir alohida qonun yoki hujjat mavjud emas. Bemor hayoti oldidagi mas’uliyatni hisobga olib, tibbiyotda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va qo‘llash bo‘yicha umumiy siyosat hamda strategiyalar ishlab chiqish zarur deb hisoblayman.
Tibbiyotda ma’lumotlarning maxfiyligi – eng muhim omillardan biri. SI ishlashi uchun esa ulkan hajmdagi bemorlar ma’lumotlari kerak bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda tibbiy ma’lumotlar xavfsizligi va ularni raqamlashtirish jarayoni qay darajada himoyalangan? Bemorlarning shaxsiy ma’lumotlari bilan ishlashda qanday mexanizmlar joriy etilishi kerak deb hisoblaysiz?
- Haqiqatan, bemorlarning ma’lumotlari eng nozik va muhim resurslardan biri hisoblanadi. Tibbiyotda ularning maxfiyligi va xavfsizligiga ham axloqiy, ham huquqiy majburiyat sifatida qaraladi. Sun’iy intellekt (SI) tizimlari samarali ishlashi uchun esa ulkan hajmdagi bemor ma’lumotlarini tahlil qilishi zarur.
O‘zbekistonda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonun tibbiy ma’lumotlarning maxfiyligini himoya qilish uchun umumiy huquqiy asos yaratadi. Ushbu qonunlar bemorlarning shaxsiy ma’lumotlariga ruxsatsiz kirishni taqiqlaydi, tibbiy xodim va tashkilotlar ma’lumotlarni faqat belgilangan maqsadlarda ishlatishi kerakligini belgilaydi. Biroq ma’lumotlar raqamlashtirilganda ularni himoya qilish uchun texnik va tashkiliy choralar talab etiladi.
Texnik himoya choralariga shifrlash, autentifikatsiya tizimlari, kirish huquqlarini boshqarish va ma’lumotlar bazasini muntazam zaxiralash kiradi. Masalan, har bir shifokor yoki tibbiy xodim faqat o‘ziga ruxsat berilgan bemor ma’lumotlariga kira olishi lozim, tizimga ulanish esa individual login va parol, ba’zan ikki bosqichli autentifikatsiya orqali amalga oshirilishi zarur. Shu bilan birga, barcha tranzaksiyalar va ma’lumotlar o‘zgartirilishi bazada qayd qilinishi kerak, bu nazorat imkonini beradi.
Tashkiliy jihatdan bemor ma’lumotlariga kirish jarayoni qat’iy tartibga solinishi lozim. SI tizimlarini tatbiq qiladigan tibbiyot markazlari o‘z xodimlarini ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha o‘qitishi, maxfiylik siyosatini ishlab chiqishi va favqulodda vaziyatlarda choralar rejasini belgilashi zarur.
Kelgusida, bemorlarning shaxsiy ma’lumotlari bilan ishlashda qo‘llanishi lozim bo‘lgan mexanizmlar quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:
- Ma’lumotlarni anonimlashtirish/ ma’lumotlarni kodlash orqali shaxsiy identifikatorlarni yashirish;
- Har bir kirish va o‘zgarish uchun audit izini saqlash;
- SI tizimining tahlil natijalari inson nazorati ostida bo‘lishi, ya’ni tizim tavsiyasi shifokor tomonidan tasdiqlanishi;
- Ma’lumotlar bazasi va serverlarning xavfsizligi hamda shifrlanishi;
- Tizimni noto‘g‘ri ishlashdan yoki kiberhujumlardan himoya qilish choralarini muntazam yangilab borish.
SI tizimlari asosan xorijiy tajriba asosida yaratiladi va jarayonda o‘sha mamlakatlarning klinik standartlariga tayaniladi. O‘zbekiston sharoitida esa iqlim, genetika, hayot tarzi va kasalliklar statistikasi boshqacha. Sizningcha, SI tizimlarini mahalliy sharoitga moslashtirish uchun qanday ishlar qilinishi kerak?
- Sun’iy intellekt (SI) tizimlari tibbiyotda yuqori samaradorlik bilan ishlashi uchun katta hajmdagi ma’lumotlar va tajriba asosida o‘qitiladi. Ko‘pincha, bu tizimlar xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqiladi va u yerning klinik standartlari, diagnostika protokollari, demografik xususiyatlari, iqlim sharoitlari, genetik tarkibi va hayot tarzi kabi omillarga tayanadi. Shu sabab, ularning tizimlarini O‘zbekistonga bevosita tatbiq etish xavfli bo‘lishi mumkin, chunki iqlim, genetik profil, hayot tarzi va kasallik statistikasi farq qiladi.
Avvalo, tizimni mahalliy sharoitga moslashtirib, aqlli tizimlarga o‘rgatish uchun mintaqaviy bemorlar ma’lumotlarini yig‘ish zarur. Bunga faqat diagnostika natijalari yoki tahlillar emas, demografik ma’lumotlar, hayot tarzi, genetik xususiyatlar va kasalliklar tarixi kabi parametrlar ham kiradi. Shu yo‘l bilan tizim mahalliy aholining xususiyatlarini hisobga olgan holda tahlil qila oladi.
Mahalliy bazani yaratishda shaxsiy ma’lumotlar himoyasi birinchi o‘rinda turishi lozim. Ma’lumotlar anonimlashtirilishi, shifrlanishi va ruxsatsiz kirishdan himoyalanishi kerak.
Bundan tashqari, O‘zbekistondagi diagnostika va davolash standartlari tizimga kiritilishi lozim. Masalan, qand kasalligi yoki yurak-qon tomir kasalliklari tashxisida xorijiy standartlar bilan mahalliy protokollar farq qilishi mumkin. Tizimni mahalliy protokollar asosida sozlash ijobiy natijaga erishishda yordamlashadi.
SI tizimlarini mahalliy sharoitga moslashtirishda faqat dasturchilar emas, tibbiyot mutaxassislari, epidemiologlar va genetika bo‘yicha olimlar ishtirok etishi muhim. Ular tizim tomonidan berilgan natijalarni tahlil qiladi, xatoliklarni aniqlaydi va modelni mahalliy sharoitga sozlab, qayta o‘qitishga yordam beradi.
Moslashtirilgan tizimni, avvalo, cheklangan hududlarda sinovdan o‘tkazish lozim. Sinov jarayonida tizimning aniqlik darajasi, noto‘g‘ri tashxis ehtimoli va bemor xavfsizligi tekshiriladi. Shu bilan birga, tizim amaliyotga joriy etilgach, uni muntazam monitoring qilish va yangilab turish talab etiladi.
Mahalliylashtirish jarayonida davlat organlari tibbiyot standartlari, ma’lumotlarni himoya qilish qoidalari va SI tizimlari uchun litsenziya va sertifikatlash mexanizmlarini ishlab chiqishi zarur. Shu tarzda, tizimning qonuniy va xavfsiz ishlashi ta’minlanadi.
Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
17:56 / 07.05.2026
Armiyada sun’iy intellekt va dronlar davri: prezident yangi vazifalarni belgiladi
08:39 / 04.05.2026
Dunyoda birinchi davlat to‘liq avtonom dronlar galasini sinovdan o‘tkazdi
01:59 / 04.05.2026
Dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri sun’iy intellekt sababli 30 ming xodimini ishdan bo‘shatdi
19:02 / 01.05.2026