O‘zbekiston | 10:07 / 03.04.2026
2489
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy valutada 1 mlrd dollar ekvivalentidagi obligatsiyalarni 12,25 foiz stavkada joylashtirdi

O‘zbekiston hukumati budjet taqchilligini qoplash uchun xalqaro moliya bozoriga navbatdagi suveren obligatsiyalarini joylashtirdi. 1 mlrd dollar ekvivalentida milliy valutada olingan qarzlar stavkasi bu gal ancha past – 12,25 foizni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, so‘mdagi 3 yillik yevrobondlar 2024 yilda 16,6 foiz, 2025 yilda 15,5 foizga joylashtirilgan edi.

Foto: Kun.uz

1 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi 1 mlrd AQSh dollari ekvivalentida o‘zining eng yirik hajmdagi milliy valutadagi suveren xalqaro obligatsiyalarini jahon moliya bozorlarida tarixiy eng past foiz stavka – 12,25 foizda joylashtirishga erishdi, deb xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Taqqoslash uchun, milliy valutada chiqarilgan 3 yillik O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkasi 2024 yilda – 16,625 foizni (3 trln so‘m), 2025 yilda – 15,5 foizni (6 trln so‘m) tashkil etgan.

IMV xabariga ko‘ra, 2026 yil 1 aprel kuni AQSh, Yevropa, Buyuk Britaniya, Osiyo hamda Yaqin Sharq mamlakatlarining 32 ta yirik xalqaro investorlari ishtirokidagi global audiokonferensiyadan keyin, O‘zbekistonning so‘mdagi xalqaro obligatsiyalarini xarid qilish uchun 50 ga yaqin xorijiy investordan jami 23,4 trln so‘mlik (dastlabki e’longa nisbatan 4 baravar ko‘p) buyurtmalar 12,5 foiz darajasida kelib tushgan.

Xalqaro investorlar tomonidan bildirilgan yuqori qiziqish natijasida 1 mlrd dollar ekvivalentida (12,2 trln so‘m) miqdoridagi 3 yillik suveren xalqaro obligatsiyalar 12,25 foiz stavkasida (ichki moliya bozoriga nisbatan o‘rta hisobda 14 bazis punkt past) joylashtirilgan.

Olingan qarz 2026 yilgi davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning so‘mdagi ushbu suveren xalqaro obligatsiyalari Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasida so‘nggi 15 yil ichidagi milliy valutadagi eng yirik tranzaksiya bo‘lgan.

Bu obligatsiyalar “GBI – EM” (The Government Bond – Emerging Market Index) indeksiga kiritilishi ko‘rib chiqilmoqda. Xalqaro obligatsiyalarning mazkur indeksga kiritilishi 300 mlrd dollarga teng aktivlarni boshqaradigan yangi investorlarni jalb etish va kelgusida foiz stavkalarini yanada pasaytirish imkonini beradi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid