O‘zbekiston | 14:17
1137
2 daqiqa o‘qiladi

Hokimlarning budjet ochiqligi bo‘yicha majburiyati kuchaytirildi

Mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘laridan foydalanishga oid qaror va farmoyishlarni 3 ish kuni ichida hokimlikning rasmiy sayti va openbudget.uz portaliga joylashtirish majburiy deb belgilandi.

Foto: Kun.uz

Mahalliy budjetlar ochiqligini oshirish yuzasidan iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘i qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 19 martdan e’tiboran Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda barcha darajadagi hokimliklar mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘laridan foydalanishga doir qarorlarni (farmoyishlarni) ular qabul qilinganidan so‘ng 3 ish kuni ichida majburiy tartibda o‘z rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirishi kerak.

Buyruq bilan, shuningdek, “Ochiq budjet” portalida jismoniy shaxs tomonidan muayyan davrda to‘langan daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i hamda bu soliqlar hisobidan amalga oshirilgan xarajatlar (yo‘nalishlar kesimida) to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda joylab berilishi belgilandi.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2026 yil yanvar oyida hokimlar 400 ga yaqin qarorni E-qaror platformasida asossiz ravishda yashirib qo‘yganini aniqlagan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid