O‘zbekiston | 14:24 / 20.02.2020
6897
6 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi

Subsidiyalar miqdori bazaviy hisoblash miqdoriga qishloq xo‘jaligi ekin turi va yerlarning bonitet ballaridan kelib chiqadigan koeffitsiyentni ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi

Foto: produkte.migros.ch

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Quyidagilar:

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Yangi intensiv bog‘, uzumzor va issiqxonalarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) Suv xo‘jaligi vazirligi:

qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha hududiy manzilli ro‘yxatlarni shakllantirishga ko‘maklashish, ularni tahlil qilish va manzilli dasturni shakllantirish hamda belgilangan tartibda tasdiqlanishini tashkil qilish;

suv tejovchi sug‘orish texnologiyalaridan samarali foydalanish yuzasidan tizimli monitoring olib borish hamda manzilli dasturning joylarda ijrosini ta'minlashda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf qilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklariga ko‘maklashish;

paxta xomashyosi yetishtirish uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplashga subsidiyalarni o‘z vaqtida joylarga o‘tkazib berish;

b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

yangi intensiv bog‘, uzumzor va issiqxona xo‘jaliklarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplab berishga subsidiya ajratish bo‘yicha takliflarning Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish hamda Uzum yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari Kengashlarida o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda subsidiya ajratish bo‘yicha manzilli ro‘yxatni tasdiqlash;

yangi intensiv bog‘, uzumzor va issiqxona xo‘jaliklarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplab berishga subsidiya ajratish to‘g‘risida tegishli shartnomalarni rasmiylashtirish hamda ijrosi bo‘yicha monitoring yuritishni tashkil qilish;

qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalarni o‘z vaqtida joylarga o‘tkazib berish;

v) Moliya vazirligi har yili Davlat budjetining asosiy parametrlari tasdiqlangandan so‘ng suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplashga ajratilgan mablag‘larni belgilangan tartibda:

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga, shuningdek, uning huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga hamda Uzumchilikni rivojlantirish agentligiga;

paxta xomashyosi yetishtirish maqsadida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun esa Suv xo‘jaligi vazirligiga yetkazish;

g) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari:

qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tumanlar va hududiy manzilli ro‘yxatlarini shakllantirish hamda ularning ijrosini tashkil qilish;

joriy qilingan suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini puxta o‘rganib, tegishli dalolatnomalarni, subsidiya berish to‘g‘risida xulosalar va talabgorlar ro‘yxatlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirish hamda subsidiya ajratish uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligiga, paxta xomashyosi yetishtirish uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha esa Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim qilib borish bo‘yicha mas'uldir.

Moliya vazirligi 2020 yildan boshlab, davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish manzilli dasturiga muvofiq suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun zarur mablag‘larni nazarda tutadi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, suv tejovchi sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan maydonlar uchun subsidiya davlat budjetidan faqat bir marotaba ajratiladi.

Kalendar yil budjeti parametrlarida suv tejovchi sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan maydonlarga subsidiya ajratish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larni o‘tgan yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlarga subsidiya sifatida ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nizom talablari 2020 yil 1 yanvardan boshlab suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan maydonlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Subsidiyalarning bazaviy hisoblash miqdorlari ekin maydonining har bir gektari uchun quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun - 8 mln so‘m;

yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari uchun - 4 mln sum;

diskret sug‘orish uchun - 1 mln sum.

Subsidiyalar miqdori uning bazaviy hisoblash miqdoriga qishloq xo‘jaligi ekin turi va yerlarning bonitet ballaridan kelib chiqadigan koeffitsiyentni ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Talabgorlarning suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash har yili bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadigan qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish manzilli dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid