O‘zbekiston | 15:50 / 08.04.2024
18161
2 daqiqa o‘qiladi

Parkent tumaniga yangi hokim tayinlandi

2021 yil martidan buyon tumanga rahbarlik qilib kelgan Shohrux Shoahmedov faoliyatida yo‘l qo‘ygan qator kamchiliklari uchun vazifasidan ozod qilindi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati Parkent tumani hokimi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Xalq deputatlari Parkent tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilingan.

Sessiya kun tartibiga tashkiliy masala kiritilgan. Shu paytgacha tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Shohrux Shoahmedov faoliyatida yo‘l qo‘ygan bir qator kamchiliklari uchun vazifasidan ozod qilindi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev tanqidiy-tahliliy chiqish qilgan.

Sessiyada Sardor Dadajonovich Isoqulov Parkent tumani hokimi etib tayinlandi.

Sardor Isoqulov 1986 yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2011 yilda Toshkent davlat texnika universitetini (kunduzgi) tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 2006 yili Markaziy magistral elektr tarmoqlari elektr energiyasi uzatilishini hisoblash bo‘limida elektr montyori vazifasidan boshlagan. Shuningdek, Energetika vazirligida mas’ul vazifalarda ishlagan.

Tayinlovga qadar u «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ boshqaruv raisining ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, kooperatsion aloqalarni kengaytirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Shohrux Shoahmedov Parkent tumaniga 2021 yil martidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi.

Mavzuga oid