Sessiya kun tartibidan tashkiliy masala ham o‘rin oldi. Unga ko‘ra, Ohangaron tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Madirimov Doniyor Mamatsaliyevich o‘z lavozimidan ozod qilindi.
Zoyir Mirzayev Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Bahrom Turayevich Norqobilov nomzodini Ohangaron tumani hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
Kun tartibidagi masala xalq deputatlari Ohangaron tumani kengashi deputatlari tomonidan muhokama qilindi va Bahrom Norqobilov nomzodi jamoatchilik va mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tumanni kompleks rivojlantirishga qodir rahbar sifatida qo‘llab-quvvatlandi. Sessiya yakunida deputatlar uni Ohangaron tumani hokimi etib tasdiqlash haqida qaror qabul qildilar.
Navbatdan tashqari sessiyada prezident maslahatchisi o‘rinbosari P.Bobojonov ham ishtirok etdi. U tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy loyihalar va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosini yanada jadallashtirish zaruratini ta’kidlab o‘tdi.











