O‘zbekiston | 20:28 / 15.04.2024
10109
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Tojikistonga boradi - OAV

Tojikiston matbuoti rasmiy davlat tashrifi 18-19 aprel kunlari bo‘lishi haqida xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-19 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikistonga borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib Asia-Plus xabar berdi. 

Ta’kidlanishicha, tashrif chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik va ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. Manba boshqa tafsilotlarni keltirmagan. 

Departamentning ta’kidlashicha, tashrif doirasida 17-20 aprel kunlari Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tadi. 

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sirojiddin Muxriddin 14 aprel kuni Toshkentda «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. 

Tomonlar O‘zbekiston prezidentining Tojikistonga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalarni ham ko‘rib chiqdi. Biroq Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga borishining aniq sanasiga oydinlik kiritilmadi.

Mavzuga oid