Jahon | 22:53 / 11.11.2025
11371
8 daqiqa o‘qiladi

AQShning Rossiya neftiga sanksiyasi: bu boradagi vaziyat qanday?

Tramp Vengriyaga sanksiya ostidagi rus neftini sotib olishiga istisno tariqasida ruxsat berdi. Saudiya Arabistoni Xitoy va Hindistonga arzonlashtirilgan neft taklif qilmoqda. Jahon bozorida neftning arzonlashishi Rossiyaning asosiy energetika daromadlarini keskin qisqartiryapti. Ayni mavzu Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida qizg‘in muhokama markazida bo‘ldi.

— Vengriya Rossiya neftini sotib olishda AQShdan maxsus istisno olgani aytildi. Tramp “Rosneft” va “Lukoyl”ga e’lon qilgan sanksiyalar amalda qanday holatda?

Kamoliddin Rabbimov: Rossiya Moliya vazirligi taqdim etgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil oktyabr oyida neftdan olinayotgan daromad o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga kamaygan. Bundan oldingi yillarda ham tushish tendensiyasi mavjud edi, biroq bu safargi ko‘rsatkich sezilarli darajada jiddiy.

Neft narxining pasayishiga esa global bozordagi ortiqcha neft taklifi sabab bo‘lmoqda. Bir qator xalqaro iqtisodiy institutlar hisob-kitobiga ko‘ra, hozirgi paytda dunyo bozorida 3-4 milliard barrel atrofida ortiqcha neft mavjud. Saudiya Arabistoni ham Xitoy va Hindistonga Rossiya bilan bir xil narxda, ya’ni sanksiyalar sabab arzonlashtirilgan narxlarda (demping) neft sotishni boshladi. Bu esa Rossiyaning asosiy bozorlarida raqobatni kuchaytirdi.

Agar yaqin kelajakda Venesueladagi siyosiy vaziyat ham o‘zgarsa, Rossiya neft va gazdan doimiy daromad olish imkoniyatidan yanada mahrum bo‘lishi mumkin.

Anvar Yo‘ldoshev: Rossiyaga qarshi sanksiyalar natijasida bir qator yirik kompaniyalar, ularning shu’ba korxonalari va aktivlari ishlamay qoldi, bu esa ularni sotishga majbur qilmoqda. Biroq chet el investorlariga sotish ham cheklovlar ostida – ayrim xaridorlar (masalan, Vengriya) xarid qilishni istasa-da, uni amalga oshirishga qonuniy va siyosiy to‘siqlar mavjud.

Vengriya ayniqsa Rossiya nefti va gaziga qaram, hozir mamlakat yonilg‘i importining taxminan 80 foizi Rossiyadan keladi, qolgan 20 foizi esa AQShning suyultirilgan gaziga (SPG) tayanadi – bu SPG uchun Vengriya yaqin 10 yil ichida taxminan 600 million dollar to‘lashni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Vengriyada qurilayotgan “Paksh” atom elektr stansiyasi loyihasi 12,5 milliard dollar atrofida baholanadi va AQSh bu borada istisno qoidalarini qo‘llab, Vengriyaga o‘z shartlari asosida texnologiya yetkazishni ma’qulladi. Ya’ni ruxsat faqat muayyan talablarga rioya qilinganda berildi.

Shuhrat Rasul: Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni dastavval AQSh emas, balki Yevropa Ittifoqining o‘zi joriy qilgan edi. Jumladan, 19-sanksiyalar paketi doirasida Rossiya neftining eng yuqori cheklangan narxi 47,6 dollar deb belgilangan edi. Avvalgi 60 dollarlik narx chegarasini ham aynan Yevropa Ittifoqi belgilagan. Shu bois, agar hozir Donald Tramp Vengriyaga “istisno” tarzida ruxsat bergan bo‘lsa ham, Yevropa Ittifoqidan baribir Vengriyaga bosim bo‘ladi. Hatto o‘tgan yillarda Vengriyaning ittifoqqa a’zoligining kelajagi savol ostiga olingan edi. Demak, bu masalada Vengriya nafaqat AQShdan, balki Yevropadan ham ruxsat so‘rashga majbur.

Aslida, Vengriyaning Rossiya neftidagi ulushi juda kichik va bu Rossiya iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltirmaydi. Shunga qaramay, Tramp “urush to‘xtatilsa, sanksiyalarni darhol bekor qilishni taklif qilamiz” deb aytgan. Rossiya ham shu fikrni ilgari surmoqda, ularning birinchi talabi sanksiyalarni birdaniga bekor qilish. Ammo mutaxassislar fikricha, bu sanksiyalar olti oydan keyin amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotadi, chunki neft bozori narxlarga sanksiyalardan ham kuchliroq bosim o‘tkazyapti.

Xalqaro energetika agentliklari prognozlariga ko‘ra, yaqin oylar ichida neft narxi 55 dollargacha tushishi mumkin. Shunga qaramay, Rossiya Moliya vazirligi 2026 yilgi budjetni neftning o‘rtacha narxini 69 dollar deb hisoblab tuzmoqda. Bu esa real bozor narxlaridan ancha yuqori ko‘rsatkich. Agar narxlar prognozdagidek pasaysa, Rossiya budjeti jiddiy tanqislikka uchraydi. Bunday vaziyatda hukumat budjet xarajatlarini majburiy qisqartirish yoki oltin zaxiralarini sotish orqali kamomadni yopishga harakat qiladi. Chunki “Farovonlik fondi” deyarli bo‘shab qolganini Rossiya rasmiylarining o‘zi ham tasdiqlayapti.

Shunday qilib, kelgusi yarim yillikda Rossiya neftiga qo‘llangan sanksiyalar ahamiyatsiz bo‘lib qolishi mumkin: Rossiya iqtisodiyotiga eng katta zarba siyosiy emas, balki neftning global konyunkturasi (narxlarning tushishi) bo‘lishi kutilyapti.

Oybek Sirojov: AQSh tomonidan “Lukoyl” va “Rosneft” kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy etishdan bayon qilingan maqsad – Rossiyani tiz cho‘ktirish, urushdagi moliyaviy manbalarini qisqartirish edi. Biroq bugungi siyosiy amaliyot ko‘rsatmoqdaki, aslida bu sanksiyalar siyosiy bosim vositasidan ko‘ra iqtisodiy manfaat olish mexanizmiga aylanib bormoqda. Agar maqsad haqiqatan ham Rossiyani iqtisodiy izolyatsiyaga solish bo‘lganida, Vengriyaga hech qanday imtiyoz berilmas edi.

Ma’lumki, yaqinda o‘tgan uchrashuv asosida Vengriyaga ayrim istisnolar tan olindi. Buning evaziga esa Budapesht zimmasiga muayyan majburiyatlar yuklandi – masalan, qimmat bo‘lishiga qaramay, AQShda ishlab chiqarilgan 600 mln dollarlik suyultirilgan gazni xarid qilish sharti qo‘yildi. Vengriyadagi kabi, Rossiya neftiga yuqori bog‘liqlik Bolgariyada ham bor, shunday ekan, ehtimol ertaga Bolgariyaga ham Vengriya singari cheklangan imtiyozlar berilishi mumkin. Bu holatlar shuni ko‘rsatadiki, AQShning maqsadi Rossiyani tiz cho‘ktirish emas, balki mavjud vaziyatdan maksimal iqtisodiy va geosiyosiy foyda olishdir.

Ikkinchi masala – Yevropaning pozitsiyasi. Yevropa Ittifoqi Rossiyaga energiya resurslari uchun to‘layotgan mablag‘ miqdori ittifoq tomonidan Ukrainaga berilgan yordam hajmidan ko‘proq. Bu esa Yevropa siyosatida ma’lum populizm borligini ko‘rsatadi: tashqaridan Rossiyaga qarshi keskin bayonotlar berilmoqda, ammo amalda neft va gaz importi davom etmoqda.

Uchinchi masala – neft narxining global pasayish tendensiyasi. Bu jarayon, bir tomondan, Rossiya uchun iqtisodiy inqiroz xavfini kuchaytirsa, boshqa tomondan Xitoy uchun arzon energiya resurslariga ega bo‘lish imkonini yaratadi. Shu sababli AQSh oldida yangi geosiyosiy dilemma yuzaga keladi: Rossiyani yanada kuchsizlantirish mumkin, lekin buning hisobiga Xitoyning iqtisodiy salohiyati oshadi. Demak Vashington endi bu ikki yo‘nalish o‘rtasida muvozanat izlayapti.

Bugungi kunda AQSh siyosatining asosiy yo‘nalishi Rossiyadan Xitoyga qarab og‘moqda. Shu bois AQSh neft narxining keskin tushib ketishiga ham yo‘l qo‘ymaydi – bu nafaqat Rossiya, balki o‘zining ham neft sanoatiga zarar yetkazadi. Chunki AQShda qazib olinayotgan neft tannarxi yuqori.

Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid