Jahon | 14:47 / 20.02.2026
3150
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoni tiklash uchun pul va harbiylar, Epshteynga aloqador Britaniya shahzodasi va Eronga muhlat qo‘ygan Tramp – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

«Tinchlik kengashi»ning ilk yig‘ilishi

AQSh prezidenti Donald Tramp bir nechta davlatlar G‘azo uchun mo‘ljallangan «yordam paketi»ga 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratganini ma’lum qildi. Tramp bu haqda o‘zining «Tinchlik kengashi» ilk yig‘ilishida e’lon qildi.

G‘azodagi sulh rejasining ikkinchi bosqichi Hamasni qurolsizlantirish va aynan G‘azoni qayta tiklashni o‘z ichiga oladi. Tramp yig‘ilish ishtirokchilariga Hamas «qurolsizlanadiganga o‘xshaydi», dedi.

«Shuni mamnuniyat bilan e’lon qilamanki, Qozog‘iston, Ozarboyjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Kuvayt yordam paketi uchun 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi», dedi u.

«Har bir sarflangan dollar barqarorlikka investitsiya», dedi Tramp. Unga ko‘ra, BMT humanitar yordam uchun 2 milliard dollar ajratadi, FIFA esa G‘azoda futbol bilan bog‘liq loyihalar uchun 75 million dollar yig‘adi.

Ayni paytda Isroil rahbariyati Trampning ayrim tashabbuslariga, xususan, kengashga Turkiya va Qatarni taklif qilganiga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Payshanba kuni Tinchlik kengashi yig‘ilgan paytda Binyamin Netanyahu «Isroil ittifoqchisi AQSh bilan G‘azo demilitarizatsiya qilinmaguncha qayta tiklash bo‘lmaydi, degan kelishuvga erishganini» bildirdi.

AQShning ko‘plab yevropalik ittifoqchilari esa Tinchlik kengashi G‘azodan chetga chiqib, BMT o‘rnini egallashga qaratilgan bo‘lishi mumkin, degan xavotir bilan unga qo‘shilishdan bosh tortgan.

Ikki yillik genotsid ko‘rinishidagi urush oqibatida G‘azoda 72 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, anklav iqtisodiyoti vayron bo‘lgan, binolar va infratuzilmaning katta qismi yo‘q qilingan. BMT zarar qiymatini 70 milliard dollar deb baholamoqda.

G‘azoga 5 davlat qo‘shin ajratadi

Yana G‘azo haqida: G‘azo bo‘yicha oliy vakil unvoni berilgan Nikolay Mladenov «Tinchlik kengashi» yig‘ilishida Falastin politsiya kuchini shakllantirish jarayoni boshlanganini va unga «bir necha soat ichida 2 000 kishi ariza topshirganini» aytdi.

G‘azodagi Falastin politsiyasiga Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari yordam beradi. Yig‘ilishda G‘azoga mo‘ljallangan xalqaro xavfsizlik kuchlariga esa besh davlat qo‘shin ajratishga rozi bo‘lgani aytildi.

«Birinchi besh davlat ISF tarkibida xizmat qilish uchun qo‘shin ajratishga majburiyat oldi — Indoneziya, Marokash, Qozog‘iston, Kosovo va Albaniya. Ikki davlat esa politsiyani tayyorlash majburiyatini oldi — Misr va Iordaniya», dedi Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari qo‘mondoni, armiya general mayori Jasper Jyeffers.

Indoneziya prezidenti Prabovo Subiantoning o‘zi G‘azodagi Xalqaro kuchlar uchun 8 ming yoki undan ko‘proq harbiy ajratishga va’da berdi.

Qo‘mondan Jyeffersga ko‘ra, xalqaro kuchlar dastlab G‘azo janubidagi Rafah hududiga joylashtiriladi, u yerdan politsiyani tayyorlash va «sektor bo‘yicha bosqichma-bosqich kengayish» boshlanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq muddatli reja 20 ming nafar harbiy xizmatchini jalb etish va 12 ming nafar politsiyani tayyorlashni nazarda tutadi.

AQSh rejasiga ko‘ra, xalqaro kuchlar — Isroil va Misr bilan birga chegaralarni qo‘riqlash va Hamasni ham o‘z ichiga olgan nodavlat qurolli guruhlarni doimiy qurolsizlantirish jarayonini ta’minlashga yordam berishi kerak. Ammo bu kuchlar qurolsizlantirish jarayonini nazorat qilishi savol ostida. Chunki Hamas hozircha ochiq bayonotlarida qurol topshirishni kamida Isroilning G‘azodan chiqib ketishiga bog‘lab kelmoqda.

Epshteyn va Britaniya qirollik oilasi

Britaniya qiroli Charlzning ukasi, 66 yoshli Endryu Mountbettn Vindzor politsiyasi tomonidan hibsga olindi. Sobiq shahzoda Endryu yaqinda amerikalik pedofil-jinoyatchi Epshteyn bilan bog‘liq davlat xizmatidagi noqonuniy xatti-harakatda gumon qilinmoqda.

Yaqinda e’lon qilingan hujjatlarga ko‘ra, 2010 yilda savdo elchisi sifatida ishlagan Endryu – Singapur, Vetnam, Xitoy va Hongkongga bo‘lajak rasmiy safarlari tafsilotlarini Epshteynga yuborgan.

Politsiya bayonotida uning uy manzillarida tintuvlar o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. «Batafsil baholashdan so‘ng biz ushbu ayblov yuzasidan tergov boshladik», degan politsiya rasmiysi.

Payshanba kun bo‘yi tergovchilar tomonidan so‘roq qilingan shahzoda kechga borib qo‘yib yuborildi. Tekshiruvlar davom etmoqda. Taxt vorisligida sakkizinchi o‘rinda turuvchi qirollik a’zosining hibsga olinishi zamonaviy davrda misli ko‘rilmagan hodisa hisoblanadi.

Qirol Charlzning ukasi 2001 yildan 2011 yilgacha Buyuk Britaniyaning savdo elchisi bo‘lib ishlagan. U Epshteyn bilan aloqalari oshkor bo‘lgach, 2019 yilda barcha rasmiy qirollik vazifalarini tark etishga majbur bo‘lgan. 2025 yilda esa akasi tomonidan unvon va mukofotlaridan mahrum qilingan.

Sobiq shahzodaning o‘zi jinoyatchi Jyeffrey Epshteyn bilan bog‘liq har qanday noqonuniy xatti-harakatni rad etgan.

Bukingem saroyi tarqatgan bayonotda Qirol Charlz III ukasini qo‘llashini aytgan va masala adolatli hamda qonuniy jarayon asosida tekshirilishini bildirdi.

Tramp Eronga muhlat qo‘ydi

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erishishi kerakligini, aks holda «juda yomon voqealar» yuz berishini aytib ogohlantirdi va 10–15 kunlik muddat belgiladi. Tehron esa agar hujum qilinsa, mintaqadagi AQSh bazalariga javob zarbasi berish bilan tahdid qildi.

«Aks holda yomon voqealar sodir bo‘ladi», dedi Eronga bir necha bor hujum bilan tahdid qilgan Tramp. «Buni ehtimol keyingi 10-15 kun ichida bilib olasizlar, o‘ylaymanki, bu yetarli vaqt», dedi u.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterreshga yo‘llangan maktubda Tehron urushni o‘zi boshlamasligini, ammo «harbiy tajovuzga uchrasa, himoya huquqidan foydalanib qat’iy va mutanosib javob berishini» bildirdi.

«Mintaqadagi dushman kuchining barcha bazalari, inshootlari va aktivlari qonuniy nishon bo‘ladi», deyiladi maktubda. «Har qanday oldindan aytib bo‘lmaydigan va nazoratdan chiqadigan oqibatlar uchun AQSh to‘liq va bevosita javobgar bo‘ladi».

Seshanba kuni Jyenevadagi uchrashuvdan keyin Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi AQSh bilan «yo‘naltiruvchi tamoyillar» bo‘yicha kelishilganini aytgandi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit esa ayrim masalalarda tomonlar hali ham kelisha olmaganini bildirgan.

Janubiy Koreya prezidenti umrbod qamaldi

Seul Markaziy tuman sudi payshanba kuni sobiq prezident Yun Sok Yolni qo‘zg‘olon uyushtirish va konstitutsiyani zaiflashtirishda aybdor deb topdi. Prokurorlar o‘lim jazosi so‘raganiga qaramay, sud 65 yoshli Yun uchun umrbod qamoq jazosi tayinladi. Raislik qiluvchi sudya Ji Gvi uning harakatlari ataylab tuzilgan reja bo‘lganini aytdi.

Yun xavfsizlik kuchlarini noqonuniy tarzda safarbar qilib, parlamentni egallash, siyosatchilarni hibsga olish va «anchagina vaqt» davomida cheklanmagan hokimiyatni qo‘lga olishga uringani uchun isyonda ayblanmoqda.

«Harbiy holat e’lon qilinishi ulkan ijtimoiy xarajatlarga olib keldi va ayblanuvchi pushaymonlik bildirganiga oid deyarli hech qanday alomat yo‘q», dedi sudya.

Yun hukm ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. U doimo aybsizligini ta’kidlab, konstitutsion tartibni tiklash uchun harakat qilganini aytib kelgan.

Yun Sok Yol bilan birga harbiy holat ishi bo‘yicha — sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon 30 yilga, Seul politsiya boshqarmasi sobiq rahbari esa 10 yil qamoqqa hukm qilindi.

Yanvar oyida Yun Sok Yol hibsga olishga to‘sqinlik qilgani uchun 5 yillik qamoq jazosini ham olgan edi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid