O‘zbekiston | 14:54 / 17.05.2024
18015
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik 17 yoshli qiz dunyoning top oliygohi olimlari bilan tadqiqot olib bormoqda

11-sinfni tugatayotgan Ozoda Mo‘minova Stenford universitetida o‘qimoqchi. Orzusi esa dunyodagi top olimlar safidan joy olish, shu bilan birga fanni IT bilan birlashtirib yangiliklar qilish, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘kka ko‘tarishni maqsad qilgan. 

Foto: Ozodakhon.Muminova / Instagram

Ozoda Mo‘minova hozir 17 yoshda. Endigina 11-sinfni tamomlayotganiga qaramay o‘quvchi allaqachon faoliyatini IT sohasi bilan bog‘lagan. Xususan, hozirda u “Swift Launch” biznes dasturida loyiha rahbari hisoblanadi. Sohaga qiziqish esa Ozodada 15 yoshidan boshlagan, turli dasturlarda volontyorlik qilgan.

Frontend yo‘nalishida 1 yil o‘qib, loyihalarda masofadan ishlashni boshladim. Bundan tashqari Agile va Scrum bo‘yicha ta’lim oldim. Bu bilimlarim menga chet eldagi 2 ta kompaniyada masofadan turib 2 yil mobaynida ishlab ko‘rishda yordam berdi. Bugun IT hayot tarzimga aylangan. Bugun yo‘lini topishda qiynalayotgan qizlarga hech ikkilanmay shu sohada o‘qishni maslahat beraman. Sababi IT aynan qizlar uchun keng imkoniyatlarga ega soha”, — deydi Ozodaning o‘zi.

Ozoda 2022 yilda xalqaro “The New York Academy of Sciences” xakatonida turli davlatlardan yig‘ilgan jamoasi bilan “Idea Creation” yo‘nalishida birinchi o‘rinni olgan va o‘zining dollardagi ilk investitsiyasi — 5000 dollarni qo‘lga kiritgan. Keyinroq esa Misrdagi global adolat sammiti uchun 100 foiz grant — 7000 dollar sohibasi ham bo‘lgan.

Ozoda bu investitsiyaning bir qismini jamoasi bilan birga ekologiya muhofazasi bo‘yicha yaratgan loyihasi uchun sarflaganini aytadi. Loyihani esa Hindistondagi laboratoriyada sinashga muvaffaq bo‘lgan. Investitsiyaning bir qismini bo‘lsa Massachusets Institute of Technology (MIT) va dunyo boshqa top-10 dagi xalqaro universitetlari olimlaridan darslar olishga va laboratoriya uchun ba’zi kerakli narsalarni xarid qilishga sarf qilgan. Hozirda u o‘z izlanishlarining shaffofligini oshirish uchun Kembrij universiteti olimlari bilan hamkorlik qilmoqda.

Ozoda “Women in Nuclear” (atom energiyasi sohasidagi ayollar) notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi elchisi ham hisoblanadi.

17 yoshli qiz bir vaqtning o‘zida Google kompaniyasining Google Community’si Google Developers Tashkent jamoasi a’zosi bo‘lib, o‘zi kabi boshqa qizlarning ITga kirib kelishiga yordam bermoqda.

Ozoda bu yil maktabni tamomlaydi. Uning galdagi maqsadi dunyoning top oliygohlaridan biri — Stenfordga o‘qishga kirish. U orzusi haqida gapirar ekan, dunyodagi top olimlar safidan joy olib, fanni IT bilan birlashtirib yangiliklar qilishni, O‘zbekiston bayrog‘ini esa ko‘klarga ko‘tarishni maqsad qilganini ta’kidladi.

Mavzuga oid