Jahon | 08:33 / 02.06.2026
1709
2 daqiqa o‘qiladi

Venada Asad davri generali ustidan sud boshlandi

Avstriya poytaxti Vena shahrida Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad hukmronligi davrida xizmat qilgan ikki yuqori lavozimli xavfsizlik amaldori ustidan sud jarayoni boshlandi. Ular 2010-yillar boshida hukumatga qarshi namoyishlarni bostirish chog‘ida qiynoqlar va zo‘ravonliklarda ayblanmoqda.

Foto: picture alliance

Avstriya prokuraturasi 64 yoshli sobiq maxsus xizmatlar generali Xolid al-X. va 54 yoshli sobiq jinoyat qidiruv politsiyasi xodimi Musaba Abu R.ni muxolifatchilarga nisbatan qiynoq qo‘llash, og‘ir tan jarohati yetkazish hamda jinsiy zo‘ravonlik qilishda ayblamoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim holatlarda ular shaxsan mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan, boshqa holatlarda esa bunday harakatlarga buyruq bergan.

Ishda prokuraturaga yordam berayotgan Germaniyaning Konstitutsiyaviy va inson huquqlari bo‘yicha Yevropa markazi (ECCHR) ma’lum qilishicha, sobiq general Asad rejimi vakillari orasida Yevropada qo‘lga olingan eng yuqori lavozimli shaxs hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, general 2015 yilda Isroil va Avstriya o‘rtasidagi kelishuv doirasida Venaga olib kelingan. Biroq u sudga tortilish o‘rniga Avstriyada qochqin maqomini olgan. Ikkinchi ayblanuvchi ham mamlakatda qochqin sifatida yashab kelgan.

Har ikki ayblanuvchi o‘z aybini tan olmagan. Agar aybdor deb topilsa, ular 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Avstriya qonunchiligiga muvofiq, ayrim jinoyatlar mamlakat hududidan tashqarida sodir etilgan bo‘lsa ham, ular bo‘yicha jinoiy ta’qib olib borilishi mumkin.

Kelgusi haftalarda sudda 18 nafar jabrlanuvchi ko‘rsatma beradi. Ular 2011–2013 yillarda Raqqa shahrida hukumatga qarshi namoyishlar bostirilgan paytda ayblanuvchilar harakatlaridan jabr ko‘rganini bildirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid