Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qoldi. “So‘nggi oylarda iqtisodiyotda yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlarning saqlanib qolayotganligi fonida inflatsiya darajasining prognozga nisbatan sekinroq pasayishi va inflyatsion kutilmalarning yuqori shakllanayotganligi kuzatilmoqda”, deyiladi MB izohida.
Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 12 dekabr yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
“So‘nggi oylarda iqtisodiyotda yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlarning saqlanib qolayotganligi fonida inflatsiya darajasining prognozga nisbatan sekinroq pasayishi va inflyatsion kutilmalarning yuqori shakllanayotganligi kuzatilmoqda. Joriy yil yakunida umumiy inflatsiya prognoz koridorining yuqori chegaralarida bo‘lishi kutilmoqda. Inflyatsion jarayonlarni va kutilmalarni hamda o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiya darajasini 5 foizlik targetigacha pasaytirishga zamin yaratish maqsadida pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi joriy darajada saqlab qolindi”, deyiladi MB xabarida.
So‘nggi ikki oyda yillik inflatsiya darajasi biroz pasayib, noyabr oyi yakunida 10 foizni tashkil etdi. Inflatsiyaning pasayishi, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashuvi hisobiga yuzaga kelgan. Iqtisodiyotda shakllanayotgan yuqori iste’mol va investitsion faollik yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashi hisobiga xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari narxlarida o‘sish xatarlari saqlanib qolmoqda.
Aholining birlamchi ehtiyojlari doirasidagi ayrim xarajatlarning o‘zgarishi va ob-havo sovushi bilan energiya narxlari erkinlashtirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi iqtisodiyot sub’yektlarining inflyatsion kutilmalarida ham namoyon bo‘lmoqda. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 13,7 va 12,7 foizgacha tezlashgan.
So‘nggi to‘rt oy davomida bazaviy inflatsiyaning 7 foiz atrofida sezilarli o‘zgarishsiz shakllanayotgani, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar bazaviy inflatsiyasining nisbatan yuqori darajalari hamda chakana savdo va xizmatlar sohasida tushumlar hajmlarining oshib borayotgani iqtisodiyotda talab omillari ta’sirining saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, yalpi talabning barqaror o‘sish sur’atlari va mehnat bozoridagi faollik mavjud inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishiga ishora bermoqda. Iqtisodiyotda ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining oshib borayotgani aholi daromadlarini real hisobda oshirib, yuqori investitsion faollik sharoitida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Natijada, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2024 yilning ikkinchi yarmida ham barqaror tendensiyalarni namoyon etib, yil yakunida 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi darajalari pul-kredit sharoitlari nisbatan qat’iy darajada shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini oshirmoqda. Kreditlash sur’atlarining maqbul darajada o‘sishi va depozitlar o‘sishining yuqori sur’atlari umumiy talabni muvozanatlashtirib, inflatsiyaga monetar omillar ta’sirini kamaytirishi kutilmoqda.
Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda o‘rta muddatli narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadidan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
O‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning 5 foizlik targetigacha barqaror pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qat’iy darajada shakllanishi ta’minlab boriladi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda asosiy stavka oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Mavzuga oid
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
14:41 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy bankning yangi raisi bo‘ladi
12:37 / 11.12.2024