O‘zbekiston | 17:23 / 08.02.2023
16550
5 daqiqa o‘qiladi

“Dadam o‘qituvchi, oyim tikuvchi” - prezident maktabida o‘qiyotgan oddiy oila farzandlari

Begoyim va uning ukasi Behzod Toshkent shahridagi prezident maktabida o‘qiydi. Ular avvaliga oddiy maktabda o‘qishgan, saralash jiddiy bo‘ladigan prezident maktabiga kirishda ikkisi ham ingliz tilidan qiynalishgan, lekin matematika va mantiqiy fikrlashdan yuqori baho olishgan.

Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda 14 ta hududda prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida qaror imzolagan edi. Toshkentdagi Prezident maktabi shaharning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan.

Hozir bu maktabda 165 nafar o‘quvchi Kembrij ta’lim dasturi asosida tabiiy va aniq fanlar, muhandislik, axborot texnologiyalarini o‘rganmoqda. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi. Maktabga kirish uchun talabgorlar 4-sinfni bitirgan bo‘lishi va 2 bosqichli imtihondan o‘tishi lozim.

“Birinchi bosqich imtihoni matematika fanidan, ikkinchisi esa ingliz tili va mantiqiy fikrlashdan bo‘ladi. Undan muvaffaqiyatli o‘tganlar esa maktab o‘quvchisi sifatida qabul qilinadi hamda ular davlat tomonidan 5 mahal bepul ovqatlanish, darsliklar va yotoqxona bilan ta’minlanadi. O‘quvchilarning kunlik tartibi ertalabki soat 8 yarimdagi darslar bilan boshlanib, darsdan keyingi turli to‘garak, tadbirlar bilan kechki 22gacha davom etadi.

Yotoqxonalar 5 kunlik rejimda ishlagani uchun bu vaqt davomida o‘quvchilar tibbiy xizmatdan ham foydalanishi mumkin”, – deydi maktab direktori o‘rinbosari Ma’mura Tojiboyeva.

Direktor o‘rinbosari prezident maktablarida ko‘proq boy yoki amaldorlarning farzandlari o‘qishi haqidagi gaplar haqiqatdan yiroqligini aytdi.

“Maktabga kelganlarning barchasi ko‘rishi mumkin, imtihonlardan saralab olinadigan 24 nafar o‘quvchiimizning har biri iqtidorli, hech birining bilimiga shubhamiz yo‘q, ular haqiqatan to‘g‘ri tanlanganini barcha e’tirof etadi.

Bundan tashqari, maktabimizda ijtimoiy kelib chiqishi turlicha bo‘lgan oila farzandlari ham bor – noto‘liq oilalar, pedagog va dehqonlar oilasi hamda ziyoli oila farzandlari ham o‘qiydi. Ta’lim muassasamizga maktabda yaxshi o‘qigan, iqtidorli bolalar saralab olingan.

Ota-onasining kelib-chiqishi, mansabi yoki moliyaviy holatining bu yerdagi o‘quvchilarga ta’siri yo‘q. Ya’ni adolatli tizimda imtihon qilingan”.

Haqiqatan ham maktabda oddiy oilalarning farzandlari ham bor. Opa-uka Begoyim va Behzod Pardaboyevlar Toshkent viloyati Bekobod tumanida tug‘ilgan. “Biz yoshligimizdan aniq fanlarni, ayniqsa, matematika va fizikani chuqur o‘rganganmiz, bunga otamiz sababchi bo‘lgan”, – deydi Begoyim.

“Hozir prezident maktabining 11-sinfida o‘qiyapman. Bu yil bitiraman. O‘zi unaqa boy oiladan chiqmaganmiz: otam – oddiy maktabda o‘qituvchi; onam esa tikuvchilik bilan shug‘ullanadilar, oliy ma’lumotli emas. Oilamizda aynan otam o‘qishimiz uchun nisbatan ko‘proq e’tibor berardilar. Shuning uchun ham bizda o‘qishga nisbatan katta motivatsiya bo‘lgan. Ularning bizga bo‘lgan ishonchini oqlash va biz bilan faxrlanib yurishlari uchun maktab vaqtidanoq aniq fanlar: matematika, fizika fanlariga alohida e’tibor berib kelganmiz.

Prezident maktabiga kirish imtihonlari matematika va ingliz tillaridan ekani bizga juda ham qulay bo‘lgan. Yuqorida aytganimdek, matematika bizda kuchli o‘rgatilar edi, oilamizda ham shu fanga e’tibor katta bo‘lgan. O‘zim ham shu fandan olimpiadaning viloyat, respublika bosqichlarida qatnashganman.

To‘g‘risini aytsam, prezident maktabiga kirganimda ingliz tilini umuman bilmas edim. Imtihonda ko‘proq javobni matematikadan berganim uchun 4-o‘rinda kirishga muvaffaq bo‘lganman. Aniq fanlarni shuncha o‘qiganimga qaramasdan, men kelajakda san’at sohasidan ketmoqchiman, aniqrog‘i, multiplikatsiya yaratish bo‘yicha mutaxassis bo‘lmoqchiman. Xudo xohlasa, kelgusida Markaziy Osiyodagi eng katta multiplikatsiya studiyasiga direktor bo‘laman. Boshida matematika o‘qiganim bilan prezident maktabi xohlaganim kasbimni tanlashga katta yordam berdi”, – deydi Begoyim.

U maktabni bitirgach xorij OTMda o‘qishni reja qilgan, hozirda hujjat topshirgan universitetlarining 3 tasidan (2 tasi Buyuk Britaniya, 1 tasi AQSh oliygohi) ijobiy javob xatlari ham kelgan.

Dilshoda Shomirzayeva,
Nuriddin Nursaidov,
Kun.uz

Mavzuga oid