Jahon | 07:32 / 06.02.2026
9157
2 daqiqa o‘qiladi

Cho‘l bag‘ridagi megaloyiha: Saudiyada Six Flags rasman ochildi

Saudiya Arabistonida yaqinda ochilgan Six Flags Qiddiya City bog‘i cho‘lning katta bir hududini ulkan turistik makonga aylantirdi va dunyodagi eng uzun, eng baland va eng tez Amerika tepaliklari (rollerkosterlar) bilan maqtana oladi.

Foto: Six Flags Qiddiya City

Six Flags Qiddiya City ulkan Qiddiya loyihasining bir qismi bo‘lib, uning maqsadi Arabiston cho‘lining katta hududini dunyodagi eng yirik ko‘ngilochar va turizm markazlaridan biriga aylantirishdir. Majmua mamlakat poytaxti Ar-Riyod yaqinida joylashgan bo‘lib, kelajakda u yerda kibersport arenasi, stadion va akvapark ham bo‘lishi rejalashtirilgan.

Six Flags Qiddiya City — Six Flags tarmog‘ining Shimoliy Amerikadan tashqarida qurilgan ilk mavzuli parki. Uni qurish taxminan to‘rt yil davom etgan, majmua maydoni esa qariyb 32 gektarni tashkil qiladi. Bu hududda restoranlar, savdo zonalari va, albatta, attraksionlar joylashgan.

Parkda jami 28 ta attraksion bor, ularning uchtasi allaqachon rekord o‘rnatgani bilan tarixga kirdi. Ularning eng kattasi — Falcon’s Flight: u bir vaqtning o‘zida dunyodagi eng baland, eng tez va eng uzun rollerkoster hisoblanadi. U soatiga 250 kilometr tezlikkacha chiqadi. Agar shundan keyin turistlarning qornida nonushta “saqlanib qolsa”, ular dunyodagi eng baland “qiya” rollerkoster deb tan olingan Iron Rattler'ga chiqib ko‘rishi mumkin. Yana bir attraksion — Spitfire — trassada aylanib, bir lahza to‘nkarilib (boshi pastga) ketadigan qismi bo‘yicha, ya’ni eng baland inversiya rekordini ushlab turibdi.

Six Flags Qiddiya City ochilishi Saudiya Arabistonining juda ulkan va g‘oyat katta loyihalar dasturi uchun ijobiy signal bo‘ldi. Ayniqsa, dunyodagi eng yirik hajmli binolardan biri qurilishi to‘xtatib turilgani haqidagi xabarlar fonida, shu bilan birga qirollikning boshqa hududlarida dunyodagi eng baland binoga da’vogar inshoot tez sur’atlarda qad rostlayotgan bir paytda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid