Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ronaldu norozi: Saudiya futbolida «Dallas»cha mojaro
Dunyoning eng mashhur futbolchilaridan biri Krishtianu Ronaldu atrofidagi mojaroga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Portugaliyalik yulduz Saudiyaga borganidan beri birorta sovrin yutgani yo‘q va bunda Saudiya hukumati qoshidagi fondni aybdor deb hisoblayotgan ekan. Uning fikricha, fond «Al Hilol»ga ko‘proq e’tibor berayotgani oqibatida «An Nasr» sovrinsiz qolib ketyapti...
Futbol megaloyiha sifatida
Gapni sal oldinroqdan boshlasak. Demak ajoyib kunlarning birida dunyoga ochilishni istayotgan Saudiya Arabistoni kattalari futbol orqali butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratish haqida o‘ylab qolishadi. Tabiiyki, 4-5 yil oldingi Saudiya chempionati o‘yinlarini arablar ham xushlamay tomosha qilar, chempionat saviyasi haminqadar edi. Shunda Saudiya kattalari chempionatni tomoshabop qilish uchun pul sochishni boshlashdi.
Megaloyiha markazidagi shaxs sifatida Krishtianu Ronalduni tanlashadi. 2022 yil noyabrda «MYu»dan mojaroli tarzda ketgan Ronalduni Amerika klublari o‘ziga jalb qilayotgandi, lekin arablar uni ilib ketdi. «Cho‘qintirgan ota» asari qahramonining ta’biri bilan aytganda, arablar Ronalduga shunchalik katta pul taklif qildiki, u rad eta olmadi.
«An Nasr» Ronaldu klub bilan shartnoma imzolaganining o‘zi uchun 100 million yevro bonus to‘laydi. Futbolchiga yillik 100 million yevro maosh, yana 100 million yevrolik reklama shartnomasi taklif qilinadi. O‘tgan yili esa shartnomasini uzaytirgan futbolchining maoshi 200 million yevroga oshirildi.
Shu tariqa 2022 yil 30 dekabr kuni, Messi jahon kubogini yutganidan ikki hafta o‘tib Ronaldu «An Nasr» bilan shartnoma imzolaydi. Unga kelishilgan pul va bonuslarga qo‘shib o‘sha paytda klubning o‘zbekistonlik legioneri Jaloliddin Masharipovga tegishli bo‘lgan 7-raqamni ham topshirishadi.
Ronalduning transferi dunyo futbolida yangi inqilobni boshlab beradi. Yevropa top klublarida o‘ynayotgan yulduzlar Saudiya chempionatiga ko‘chib o‘tishni boshlaydi. «Oltin to‘p» sohibi Benzema «Al Ittihod»ga, Neymar «Al Hilol»ga o‘tadi. Saudiya klublari yuzlab katta transferlarni amalga oshiradi. Yevropada o‘ynayotgan futbolchilarga shunaqa katta pullar taklif qilishdiki, ko‘hna qit’a klublari maosh borasida raqobat qilishi imkonsiz edi.
Arablar pulni oldi-orqasiga qaramay sovura boshlaydi. Masalan, «Al Hilol»dagi ikki yil davomida bittagina gol urgan Neymar 300 million, ba’zi nashrlarga ko‘ra 400 million yevro maosh olgan. Ikki yilni jarohat sabab lazaretda o‘tkazgan futbolchi «Hilol»ning har bir g‘alabasidan 80 ming yevro, Instagramʼdagi har bir postidan 500 ming yevro bonus olgan. Yetmaganiga unga shaxsiy samolyot va dang‘illama uy berishadi. Hatto Saudiya qonunlariga zid bo‘lsa ham, rasman xotini bo‘lmagan ayol bilan birga yashashiga ham ruxsat berishadi.
Odatda arab chempionatlariga yoshi o‘tgan futbolchilar pul ishlash uchun borardi, lekin maosh kattaligi uchun endi yosh yigitlar ham uyalmay Saudiya klublariga o‘tishdi. Ronaldu markazida bo‘lgan loyiha o‘zini oqlashni boshlaydi, butun dunyo Saudiya chempionatini kuzatishni boshladi, sayyohlar yulduzlarning o‘yinini tomosha qilish uchun Saudiyaga bordi.
Loyihaning asosiy homiysi Saudiya Arabistoni suveren fondi edi. Dunyodagi eng yirik fondlardan biri bo‘lgan ushbu fond rahbari Saudiyaning amaldagi rahbari valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon. Fondning umumiy kapitali 1 trillion dollar atrofida. Megaloyihaning asosiy tashabbuskori sifatida fond chempionatdagi to‘rt klub – «Al Hilol», «An Nasr», «Al Ittihod» va «Al Ahli»ni moliyalashtiradi. Qolgan klublar ham qaysidir davlat korxonasidan pul oladi.
Saudiya neftdan mustaqil davlat bo‘lishni istaydi, bu borada bir burda qo‘shnisi BAA turizm sohasida qilayotgan fantastik ishlariga chinakamiga havas qiladi. Va futbol Saudiyani dunyoga ochishi kerak bo‘lgan sohalardan biri bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Bir so‘z bilan aytganda, futbol bo‘yicha Saudiya Arabistoni chempionati mamlakat uchun strategik muhim megaloyihaga aylanadi.
Muammo nimada?
Ana shu trillion dollarga yaqin puli bor fond Saudiyaning to‘rt yirik klubiga katta pullar berib, «endi chempionlik uchun kurashinglar», dedi. Megaloyiha ishga tushganidan keyingi uchta chempionatda ikki marta Benzema boshchilik «Al Ittihod», bir marta Saudiya futboli bayroqdori «Al Hilol» chempion bo‘ldi. Ronaldu biror marta chempion bo‘lolmadi, kubok ham yutmadi. Yetmaganiga OFKdagi oxirgi o‘zgarishlar sabab o‘tgan mavsum uchinchi o‘rinni egallagan «An Nasr» bu mavsum Elit Osiyo chempionlar Ligasida emas, qit’aning ikkinchi darajali musobaqasida qatnashdi.
Ronaldu Saudiyaga borganidan beri sovrin yutmagani haqidagi savollarga xotirjam javob berdi, men sovrin yutish uchun o‘lib-tirilayotganim yo‘q, qabilida gapirdi, lekin yuragining tubida baribir alami qolgan ekan. Bir necha kun oldin portugaliyalik yulduz «An Nasr» mashg‘ulotlariga boykot qildi. Chempionat doirasidagi bir o‘yinni o‘tkazib yubordi, «Al Ittihod»ga qarshi o‘yinda ham qatnashmasligi aytilmoqda. Bir qator jiddiy nashrlarning yozishicha, Ronaldu fond «An Nasr»dan ko‘ra «Al Hilol»ga ko‘proq e’tibor berayotganidan norozi ekan. Hozir futbolchi fond rahbarlaridan «An Nasr»ga nisbatan qarashni o‘zgartirishni talab qilayotgan ekan.
Boykot boshlash orqali Ronaldu Karim Benzema «Al Ittihod»dan «Al Hilol»ga o‘tishini to‘xtatmoqchi bo‘lgani aytildi, lekin bu transfer baribir amalga oshdi. Karim «Hilol»ga o‘tib birinchi o‘yinidayoq uchta gol urdi.
Sport prinsiplari chekinganda
Hozir Krishtianu Ronaldu atrofidagi mojaro aslida Saudiya futbolidagi muammoni ochib berdi. Katta pul to‘kish orqali dunyo futboli markaziga aylanishni orzu qilgan saudlar bir narsani esdan chiqarib qo‘yishdi: sportni, xususan, futbolni boshqarib bo‘lmaydi. Futbol qachonki sport prinsiplari ustun bo‘lsagina qiziqarli, tomoshabop, foyda keltiradigan bo‘ladi. Masalan, Angliya chempionati translatsiya huquqi boshqa Yevropa ligalariga qaraganda bir necha baravar qimmatga sotiladi, chunki Premiyer-Ligada futbol bor, raqobat bor, sport prinsiplari birinchi o‘rinda turadi.
Hozir Artetaning «Arsenal»i deyarli chempionlikni hal qilgandek ko‘rinyapti, lekin ishoning, hech narsa hal emas. Maykl Kerrik «MYu»ni chempion qilishi, Emerining «Aston Villa»si sensatsiya qilishi, Gvardiola va Husanov «Siti»ni ingliz futboli taxtiga qaytarishi mumkin.
Saudlar futbol uchun katta pul to‘kdi, lekin ularning chempionatini kuzatadiganlar faqat transferlarni, qaysi mashhur qayerga o‘tishini muhokama qiladi. Bu futbolda notabiiylik bor, samimiylik yo‘q, sport prinsiplari yo‘q, kambag‘al yettinchi divizion vakili boy yuqori divizion vakilini mag‘lub etishi yo‘q. «Lester»lar, Vardilar, tushgacha burgerxonada ishlab, tushdan keyin quyi divizion jamoasida o‘ynaydigan, qonida futbol oquvchi yigitlar yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda intriga yo‘q. Faqat pul bor, juda katta pul. Pul bo‘lganda ham mehnat bilan ishlab topilgan, foyda keltiradigan, bittalab yig‘ilgan pul emas, tayyor, yer ostida boylik savdosidan kelgan pul.
Hozir Saudiya chempionatida har qancha katta yulduzlar bo‘lmasin, ular bizga havas qilsa arziydi. Chunki bizning chempionatda intriga o‘zgacha, ko‘p klublar kuchaygan, har yili o‘nlab yosh yigitlar porlab chiqadi.
Bizdagi muhokamalar ham futbolcha. Masalan, hozir «Dinamo» muxlislari Abramov maydon markazidagi yo‘qotishlarni qanday to‘ldirishini muhokama qilmoqda. O‘tgan mavsum Abdusalomov, Pletnyov va Ratinio markazda ajoyib uchburchak tandem yaratgandi. Pletnyovni «Bunyodkor», Ratinioni «Neftchi» ilib ketdi. Endi Jahongir Abdusalomov yangi sheriklariga qanday moslasharkin – shu hozir samarqandlik muxlislar xayolida.
«Paxtakor» muxlislari Alijonov qolganidan, «So‘g‘diyona» muxlislari Doriyevni «Neftchi» olib ketmaganidan, «Surxon» muxlislari Behruz Karimov degan bolakay borgan sari kuchayayotganidan xursand.
Ana shunaqa gaplar bizning shubhasiz tomoshabop futbolimizda. Ronaldu o‘ynayotgan liga esa xuddi «Dallas» serialiga o‘xshaydi. Intrigaga boy, lekin sportga aloqasi bo‘lmagan intrigaga. Aytgancha, O‘zbekiston chempionati bu yil ertaroq, 27 fevralda boshlanadi. Markaziy o‘yin Samarqandda. «Dinamo» qishning oxirgi kunida «Navbahor»ni qabul qiladi. Maslahatim – jonli futbol ko‘rishni istasangiz, Osiyoning eng yaxshi ligalaridan biri O‘zbekiston Superligasi o‘yinlarini tomosha qiling. Bizdagi intrigalar haqiqiy sportga xos, seriallarga emas...
Mavzuga oid
07:32 / 06.02.2026
Cho‘l bag‘ridagi megaloyiha: Saudiyada Six Flags rasman ochildi
16:31 / 04.02.2026
Ronaldu Saudiyada norozi. Buyog‘iga nima bo‘ladi?
11:32 / 03.02.2026
Ronaldu Saudiyada boykot boshladi
07:16 / 23.01.2026