Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Surxondaryoda o‘qituvchi 14,68 kg opiyni 180 ming dollarga sotishga uringanida qo‘lga olindi
Surxondaryoda maktab o‘qituvchisi 14,68 kg opiyni 180 ming dollarga sotgan vaqtida ushlandi. Sirdaryoda esa ikki nafar erkak tunda chegara sim to‘siqlari ustidan uloqtirilgan 8,3 kg geroin va 54,4 kg opiyni qabul qilib olgan paytida qo‘lga olindi.
Foto: Videodan kadr
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida narkotik moddalar savdosida gumonlanib, 42 yoshli maktab o‘qituvchisi qo‘lga olindi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.
Erkak 14,68 kg opiyni shartli xaridorga 180 ming dollarga (1 kg uchun 12,2 ming dollardan ortiq) sotgan vaqtida ushlangan. Tergov natijasida ma’lum bo‘lishicha, ushbu narkotik modda unga avvalroq tojikistonlik narkokurerlar tomonidan yetkazib berilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu modda 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Yana bir holatda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida, Tojikiston bilan chegara hududida chegara naryadi sim to‘siqlar ustidan uloqtirilgan oltita sumkani olayotgan ikki nafar mahalliy fuqaroni (43 va 36 yoshli) ushladi. Sumkalardan 8,31 kg geroin va 54,45 kg opiy topildi.

Ushlanganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda kontrabanda qilish) hamda 25-modda (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 273-moddasi 5-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Mavzuga oid
14:49 / 02.04.2026
Gulistonda ko‘p qavatli uy qulash xavfi sabab unda yashovchilar evakuatsiya qilindi
08:15 / 02.04.2026
Geroinni svarka apparati ichiga yashirgan shaxs ushlandi
10:09 / 31.03.2026
Surxondaryoda pensionerlar ishtirokidagi narkoguruh fosh etildi
18:05 / 30.03.2026