Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bojlar – mening sevimli so‘zim». Tramp xalqqa murojaat qildi
U 20 daqiqalik nutqi davomida o‘zining iqtisodiyotdagi yutuqlarini maqtadi, Baydenni yana bir bor tanqid qildi, ammo Ukrainani ham, Venesuelani ham tilga olmadi.
Foto: REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni kechqurun Vashingtonda millatga murojaat qildi. Oq uyning diplomatik qabullar zalidagi Rojdestvo bezaklari fonida minbar ortida turib, u o‘z ma’muriyatining iqtisodiyotdagi muvaffaqiyatlari haqida gapirdi va iste’mol narxlarining keskin o‘sishida o‘zidan oldingi demokrat prezidentni aybladi.
Trampning nutqi qisqacha
Men tartibsizlikni meros qilib oldim va endi uni tuzatyapman. Demokratlar davrida AQSh chegaralari ochiq edi, bizga muhojirlar, jumladan, jinoyatchilar oqib kela boshladi. Erkaklar ayollar sportida qatnashardi. Tarixdagi eng yomon bitimlar amalga oshirildi. So‘nggi to‘rt yillikda AQShni faqat o‘zinikilar uchun, terrorchilar uchun, bizdan misli ko‘rilmagan darajada foydalangan boshqa mamlakatlar uchun kurashgan siyosatchilar boshqardi. Dunyo ustimizdan kuldi. Lekin endi kulmaydi.
11 oy ichida biz Vashingtonga AQSh tarixidagi boshqa ma’muriyatlarga qaraganda ko‘proq ijobiy o‘zgarishlar olib keldik. So‘nggi oylarda AQShga birorta ham noqonuniy muhojir kirib kelmadi. Yodingizdami, Jo Bayden chegarani yopish uchun qonun kerakligini aytgandi. Aslida yangi prezident kerak ekan.
Vashington har qachongidan ko‘ra xavfsiz. Biz amerikaliklarni zaharlayotgan qonxo‘r narkokartellarga zarba berdik. Biz dunyodagi eng qudratli armiyaga egamiz. Men sakkizta urushni hal qildim, 3000 yildan buyon ilk bor Yaqin Sharqqa tinchlik olib keldim, isroilliklarni garovdan ozod etishda yordam berdim.
Men lavozimimga kirishganimda, inflatsiya 48 yil ichidagi eng yuqori darajasida edi, narxlar mislsiz darajada yuqori edi. Endi ular pasaymoqda. Maoshlar oshmoqda, yangi ish o‘rinlari ochilmoqda, biz yangi investitsiyalar jalb etyapmiz.
Biz bojlar orqali katta yutuqlarga erishdik. Bojlar – mening sevimli so‘zim! Endi pullar AQShga rekord hajmlarda qaytmoqda. Siz o‘zgarishlarni har kuni ko‘ryapsiz.
Bugun Amerikani hurmat qilishadi va mamlakat har qachongidan ham kuchliroq tiklandi. Biz dunyo hali ko‘rmagan iqtisodiy sakrashga tayyormiz. Yaqinda futbol bo‘yicha jahon chempionati, Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi, Mustaqillik deklaratsiyasining 250 yilligini nishonlaymiz.
2026 yilda dunyo bizga qaraganida, o‘z fuqarolariga sodiq, o‘zligiga va taqdiriga ishongan mamlakatni ko‘rsin. Mayli, hasad qilaverishsin.
Trampning nutqi haqida kengroq
«O‘n bir oy oldin men to‘la tartibsizlikni meros qilib olgandim – va men buni tuzatib kelyapman», – dedi Tramp 20 daqiqadan kamroq davom etgan telemurojaatida.
Nutqning katta qismi uning iqtisodiy yutuqlari va ma’muriyatning narxlarni pasaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlariga bag‘ishlandi va u yuqori narxlarda Jo Bayden hamda demokratlarni aybladi. Tramp sobiq prezidentni yetti marta tilga olgan.
«Endi bizning rahbarligimiz ostida ularning barchasi [narxlar] pasaymoqda va tez pasaymoqda. Demokratlar oziq-ovqat narxini ham oshirib yubordi, lekin biz bu muammoni ham hal qilyapmiz», – dedi u.
Uning nutqi AQSh Federal mehnat statistikasi byurosining inflatsiya bo‘yicha yangilangan ma’lumotlari e’lon qilinishidan bir kun oldin berildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyida to‘rt yillikdagi eng past ko‘rsatkich – 2,3 foizga pasaygan inflatsiya o‘shandan beri yana barqaror o‘sib bormoqda va sentabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar oyidan beri birinchi marta 3 foizga yetdi.
Yilning dastlabki oylarida iqtisodiy pasayish kuzatildi, ammo keyin o‘sish tiklandi. Shu bilan birga, Trampning ikkinchi muddati bandlik o‘sishining sekinlashishi, ishsizlikning to‘rt yil ichida maksimal darajaga ko‘tarilishi va yuqori iste’mol narxlari saqlanib qolishi bilan ajralib turadi.
Tramp saylovoldi kampaniyasini iqtisodiyotga urg‘u berish va Jo Bayden davridagi yuqori inflatsiyani Kamala Harrisga qarshi dalil sifatida ishlatish orqali olib borgandi. Biroq, Trampning tarif siyosati tufayli yuzaga kelgan noaniqlik narxlarni yana oshirdi. Shuning uchun Trampga ham, Baydenga ham amerikaliklarni iqtisodiyot yaxshi holatda ekaniga ishontirish oson emas.
Tramp o‘z nutqida aytganidek, yoqilg‘i va tuxum narxi haqiqatan ham pasaygan bo‘lsa-da, boshqa ko‘plab mahsulotlar qimmatlashdi. Sentyabr oyidagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, iste’molchilar ishonchi indeksi yashash narxi, ish o‘rinlari va umuman iqtisodiyot holatidan xavotirlar tufayli aprel oyidan beri eng past darajaga tushdi.
Seshanba kuni e’lon qilingan Reuters/Ipsos yangi so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, katta yoshli amerikaliklarning atigi 33 foizi Tramp ma’muriyatining iqtisodiy sohadagi boshqaruvini ma’qullaydi.
Tramp o‘z nutqida ish o‘rinlari yaratish va zavodlar ochish uchun 18 trln dollar investitsiya jalb qilganini aytdi.
U o‘zining tarif siyosatini asosiy omil deb hisoblaydi: «Bir yil oldin mamlakatimiz o‘lik edi... Endi biz dunyodagi eng "qaynoq" mamlakatmiz».
Tramp narxlar yuqoriligicha qolayotganini tan oldi, biroq mamlakat iqtisodiy o‘sishga «tayyor» ekanini ma’lum qildi. «Men bu yuqori narxlarni juda tez pasaytiraman», – dedi u.
AQSh prezidenti kelgusi yilda o‘zining soliq siyosati, tariflari va Federal zaxira tizimi raisi Jyerom Pauellni almashtirish rejalari tufayli sharoitlar yaxshilanishiga va’da berdi.
Tramp vaziyatni to‘g‘rilashi kerak bo‘lgan aniq choralarni sanab o‘tmadi, biroq «jangchilarga dividendlar» deb nomlangan tashabbusga e’tibor qaratdi: kelgusi haftada 1,45 million askarga 1776 dollardan pul yuboriladi va «cheklar allaqachon yo‘lda» va Rojdestvogacha yetib kelishi kerak. «Bunga hech kim bizning harbiylarimizdan ko‘ra ko‘proq loyiq emas», – dedi Amerika prezidenti o‘z nutqida.
Bu summa 1776 yil sharafiga tanlangan. 1776 yil 4 iyulda AQSh Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilingandi. «Dunyo kelgusi yilda bizga qaraganida, o‘z fuqarolariga sodiq, o‘z ishchilariga sodiq, o‘zligiga, maqsadiga ishongan va butun dunyo havas qiladigan millatni ko‘rsin. Biz yana har qachongidan ham hurmatga sazovor bo‘lamiz», – dedi Tramp o‘z nutqida.
Tramp respublikachilarning sog‘liqni saqlash to‘g‘risidagi qonun orqali subsidiyalar berish o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri aholiga pul tarqatish va tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplash to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu taklif hozircha AQSh Kongressida yetarlicha qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lmadi. «Men pul to‘g‘ridan to‘g‘ri odamlarga borishini istayman. Bundan faqat sug‘urta kompaniyalari yutqazadi», – dedi Tramp.
Uning millatga telemurojaati, Reuters’ning izohlashicha, avvalgi ma’muriyatdan norozilik bilan to‘lib-toshgan – Tramp «migrantlar bosqini», zo‘ravonlik jinoyatlari va transgenderlar huquqlaridan shikoyat qilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, demokratlar «oziq-ovqat narxlarini ham oshirib yuborgan».
AQSh prezidenti tashqi siyosatga kam e’tibor qaratdi, G‘azodagi urush haqida gapirdi, ammo Ukrainadagi urush haqida ham, Venesuela bilan yaqinlashib kelayotgan mojaro haqida ham lom-mim demadi.
Uning nutqini demokratlar allaqachon tanqid qilib chiqishdi, ularning fikricha, Tramp amerikaliklarga ularning muammolariga real yechimlar taklif qilmagan. Virjiniya shtatidan saylangan senator Mark Uorner murojaatni «e’tiborni chalg‘itishga qaratilgan achinarli urinish» deb atadi, 2028 yilda prezidentlikka nomzod bo‘lishi kutilayotgan Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom esa Trampni nazarda tutgan holda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida 700 martadan ko‘proq «Men» so‘zini yozib chiqdi.
Mavzuga oid
16:35
Mayamidagi muzokaralarga ham Ukraina, ham Rossiya delegatsiyalari keladi
16:20
Seversk qulash yoqasida: bu Slovyansk va Kramatorskka qanday xavf tug‘diradi?
15:51
Zelenskiy: YeI va AQSh bosimi bo‘lmasa, Putin muloqotga bormaydi
13:32