Jahon | 15:02 / 12.01.2024
4102
2 daqiqa o‘qiladi

Rigadagi «Moskva uyi» Latviya mulkiga o‘tkazildi

Latviya parlamenti bayonotida aytilishicha, Rossiya hukumati Rigadagi «Moskva uyi» binosidan «tajovuzkor harakatlar va tarixning kremlparast talqinini oqlash» uchun foydalangan.

Foto: AP

Rigadagi «Moskva uyi» madaniy-ishbilarmonlik markazi binosi Latviya davlati mulkiga o‘tkazildi, tegishli qonun loyihasi Latviya Seymi tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Latviya parlamenti saytida 11 yanvar, payshanba kuni chop etilgan xabarda aytiladi. Bino Transport vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Qonun loyihasini 70 nafar parlamentariy ma’qulladi, 11 nafari qarshi ovoz berdi, 9 nafari betaraf qoldi, deya xabar beradi Delfi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bino Moskva shahar mulk boshqarmasiga tegishli bo‘lgan.

Latviya Seymi saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Rossiya «Moskva uyi»dan «tashqi siyosat vositasi sifatida foydalandi, bu orqali u o‘z harakatlarini oqlovchi tashviqotni va kremlparast tarixini talqin qilishni maqsadli ravishda tarqatdi». Parlament, shuningdek, Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan keyin ham «Moskva uyi»da Rossiya Federatsiyasining siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi tadbirlar o‘tkazilganini da’vo qilmoqda.

Mavzuga oid