O‘zbekiston | 00:28 / 23.07.2020
10343
2 daqiqa o‘qiladi

«Hukumat hamma funksiyalarni o‘z zimmasiga olsa, eng muhimlarini bajarolmay qoladi» – Behzod Hoshimov xususiylashtirish haqida

MFaktor loyihasida iqtisodchi, AQShning Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda pandemiya davridagi O‘zbekiston iqtisodiyoti, inqirozdan chiqish yo‘llari xususida so‘z bordi.

Videodan kadr

Behzod Hoshimov O‘zbekiston hukumati pandemiyadan oladigan muhim saboqlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

«Hukumat pandemiyadan oladigan eng muhim saboqlaridan biri – davlatning barcha sohalarni nazorat qilishi noto‘g‘riligini anglab yetishidir.

Sobiq ittifoq davridan qolib ketgan boshqaruv usuliga ko‘ra, hukumat hamma jabhalarni qo‘liga olgan. Inqiroz paytida bu yondashuv o‘zini oqlamasligi isbotini topadi, ya'ni sohalarni boshqaradigan menejyerlar tanqisligi yuzaga keladi.

Bundan hukumat olishi kerak bo‘lgan saboq shundaki, davlat funksiyalari iloji boricha kamaytirilishi kerak. Masalan, qurilish materiallari ishlab chiqarishni xususiy sektorga berish kerak, yana davlat boshqa yuzlab vazifalardan voz kechish payti keldi, deb o‘ylayman. Agar hukumatga barcha vazifalar yuklansa, eng keraklisini ham bajara olmaydi», – deydi u.

Iqtisodchi davlatning eng asosiy funksiyalari sifatida xavfsizlik, adolat va mulk daxlsizligini ta'minlash ekanini qayd etdi.

Shuningdek, Behzod Hoshimov davlat monopoliyalari qaramog‘ida noprofil aktivlar ko‘pligiga e'tibor qaratdi.

«Bu holat menejyerlarning fikrini chalg‘itadi. Natijada ular asosiy vazifasini unutib qo‘yadi», – dedi Hoshimov.

U xususiylashtirish zaruratini ta'kidlar ekan, Uzbekistan Airways va «O‘zavtosanoat»ni misol qilib keltirdi.

«Masalan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» qimmat narxga aviatashuvlarni amalga oshiryapti, lekin soliq to‘lamayapti. Xususiy kompaniya kelsa, ham yo‘lovchi tashiydi, ham davlatga soliq to‘laydi», – ta'kidladi iqtisodchi.

Mavzuga oid