Toshkentdagi festivalda urushga oid hujjatli film namoyishi to‘xtatildi. Vazirlik izoh berdi
Toshkentda rossiyalik rejissyor Vitaliy Manskiyning Ukrainadagi urush haqidagi «Sharqiy front» nomli hujjatli filmi namoyishi to‘xtatilgan. Rejissyor bu Madaniyat vazirligi buyrug‘i bilan bo‘lganini aytgandi. Vazirlik filmni namoyish etishda bir qancha talablar buzilganini qayd etib, shu bilan birga uni to‘xtatish o‘z vakolatiga kirmasligini bildirdi.
Huquq-tartibot idoralari Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Artdocfest Asia festivalida Ukrainadagi urush tasvirlarini o‘z ichiga olgan «Sharqiy front» hujjatli filmining namoyishini to‘xtatdi. Bu haqda 4 aprel kuni film rejissyori va festival asoschisi Vitaliy Manskiy Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Film namoyishi chog‘ida «139 Hujjatli filmlar markazi» galereyasiga ichki ishlar organlari xodimlari yetib kelishgan va Madaniyat vazirligi buyrug‘i bilan bu film namoyishi taqiqlanganini aytishgan.
«Hozirgina Toshkentda Artdocfest Asia festivali doirasida „Sharqiy front“ filmimiz namoyishi to‘xtatildi. Festival dasturining keyingi barcha namoyishlari ham taqiqlandi. Bu O‘zbekiston Madaniyat vazirligi ko‘rsatmasi asosida amalga oshirildi. Bu holat 139 Documentary Center’ning 4 yillik faoliyati davomidagi birinchi voqeadir. Salom „Rus dunyosi!“», – deydi u.
Holat yuzasidan Madaniyat vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, filmni namoyish etishda bir qancha talablar buzilgan.
«Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, respublika hududida mahalliy va xorijiy filmlarni namoyish etish uchun xususiy tadbirkorlar Kinematografiya agentligiga ariza bilan murojaat etadi hamda agentlik tomonidan ushbu murojaat 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga, filmni ommaviy namoyish etishda bir qator talab va shartlarga qat’iy rioya etilishi belgilangan. Mazkur talab va shartlarga amal qilinmasligi filmni ommaviy namoyish etish uchun berilgan ruxsatnoma bekor bo‘lishiga olib kelishi ko‘zda tutilgan», – deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, tegishli hujjatlarga asosan, O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun IIVdan ruxsatnoma olish shart. Ammo 2–8 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Artdocfest Asia festivalini o‘tkazish uchun tashkilotchilar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda ruxsatnoma olishmagan.
«Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning rasmiy ravishda ogohlantirishlariga qaramay ommaviy tadbir va filmlar namoyishini tashkil etib, ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilishgan», – deyiladi izohda.
Vazirlik, o‘z navbatida, ommaviy tadbirlar, jumladan, festivallar va ularda filmlar namoyishini to‘xtatish Madaniyat vazirligining vakolatiga kirmasligini bildirib o‘tdi.
«Artdocfest/Asia!» ochilishi Toshkentda 2 aprel kuni bo‘lib o‘tgandi, filmlar namoyishi dasturi 8 aprelga qadar davom etishi ko‘zda tutilgandi.
Vitaliy Manskiy va Yevgeniy Titarenkoning «Sharqiy front» filmi festivaldagi Ukrainadagi urush haqidagi yagona hujjatli film emasdi. Shuningdek Svetlana Lishinskayaning «Mariupol. Rekonstruksiya» kartinasi namoyish etilishi ham rejalashtirilgan bo‘lgan.
«Artdocfest/Asia!» hujjatli filmlar festivali 2007 yildan buyon o‘tkazib kelinadi, 2010-yillar o‘rtalariga qadar festival o‘tkaziladigan asosiy maydon Moskva bo‘lgan.
Ammo Rossiyada filmlar namoyishi bir necha marta bekor qilinishi va festivalni buzishga urinishlar tufayli asosiy maydonni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelgan: 2018 yildan boshlab festivalning asosiy qismi, mukofotlarni topshirish, jyurilar ishi Rigada o‘tadigan bo‘lgan.
Vitaliy Manskiyning o‘zi Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga ochiqchasiga qarshi chiqqan.
Mavzuga oid
17:24
The Times: Kiyev bir necha oy ichida oddiy atom bombasini yaratishi mumkin
16:08
Blinken: AQSh Tramp kelishidan oldin Ukrainaga yordamni kuchaytiradi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
21:24 / 13.11.2024